Toshkent viloyatida giyohvandlik savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhlar fosh qilindi

17:25 24 Fevral 2026 Jamiyat
486 0

Toshkent viloyati Zangiota tumanida giyohvandlik savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqida Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Unda aytilishicha, Toshkent viloyati IIBB va DXX tezkor xodimlari tomonidan “poytaxt namunasi” asosida Zangiota tumanini xavfsiz va jinoyatdan holi muhitga aylantirish maqsadida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi qator tezkor tadbirlar oʻtkazilgan.

Tezkor tadbir davomida Yakkasaroy tumanida yashovchi 22 yoshli ayol 26 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 2 mln soʻmga shartli xaridorga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Shuningdek, mazkur reyd tadbirlari Sergeli, Quyi Chirchiq, Qibray hamda Mirzo Ulugʻbek tumanlarida davom ettirilib, ayolni dori vositalari bilan taʼminlab kelgan 26-50 yosh oraligʻidagi 3 nafar erkak va 2 nafar ayol ham ushlangan.

“Toʻrt kun davomida jami 6 nafar shaxsdan iborat narkozanjirning barcha boʻgʻinlari uzilib, ulardan turli hajm va koʻrinishdagi 98 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 135 gr gashish giyohvandlik vositasi hujjatlashtirilib olindi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Bundan tashqari, Zangiota tumanida aniqlangan yana bir holatda esa, 1993-yilda tugʻilgan, Qoʻqon shahrida yashovchi shaxs 1 181 dona psixotrop dori vositasini 30 mln soʻm evaziga shartli xaridorga sotgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Viloyat Ichki ichlar bosh boshqarmasining maʼlum qilishicha, ortda qolgan 40 kun davomida Zangiota tumani hududida giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jami 16 ta jinoiy holat aniqlanib, 2 ta uyushgan guruh faoliyatiga chek qoʻyilgan.

Tezkor tadbirlar natijasida turli hajm va koʻrinishdagi 1 kg giyohvandlik moddasi, 1 371 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 2 000 dozaga teng 400 gramm sintetik giyohvandlik vositasi toʻxtatib qolingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?