Kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 milliard soʻmgacha kredit beriladi

13:08 24 Fevral 2026 Siyosat
1303 0

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7-yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi.

Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib, oʻz biznesini boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit beriladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari oʻrtasida tanlov oʻtkazib, ularga oyiga 2 million soʻmgacha stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.

Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes koʻnikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.

Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka oʻqitish, gʻoyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bogʻliq kompleks xizmatlarni koʻrsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.

Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?