Bu yil 50 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha reja qilingan

16:00 13 Fevral 2026 Siyosat
433 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha reja qilingan. Bu haqda Davlatimiz rahbari raisligida oʻtayotgan yigʻilishda qayd etildi.

Prezidentimiz yangi loyihalar, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, xomashyo va energiya resurslaridan samarali foydalanishga, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratib, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini yana bir bor qayd etdi.

Lekin ayrim rahbarlar investitsiya hisobidan eksportni koʻpaytirishni oʻylashning oʻrniga ichki bozor toʻlgan mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayotgani qayd etildi.

Masalan, Uchqoʻrgʻon tumanida 40 million dollarlik 2 ta ip-kalava ishlab chiqarish zavodini qurish taklif etilgan. Vaholanki, Namangandagi 110 ming tonna ip-kalava ishlab chiqaradigan 24 ta korxona bor. Bu viloyatda olinadigan paxta tolasidan 1,5 barobar koʻp.

Yoki Ohangaron tumanida 35 ming tonna bazalt plitalari ishlab chiqarish reja qilinmoqda. Biroq respublikada 12 ta bunday korxona bor. Bozor topa olmagani uchun 6 tasi toʻxtab qolgan, 1 ta korxona sotuvga qoʻyilgan.

Sirdaryoda 10 dollar investitsiya atigi 1 dollarlik qoʻshilgan qiymat bermoqda. Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryodagi loyihalarda ham shu holat kuzatilgan.

Mutasaddilar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritish taklif etilayotgan loyihalarning bozori, eksporti, yaratadigan qoʻshilgan qiymati va ish oʻrnini toʻliq tahlil qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?