YEXHT Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga 40 dona videokuzatuv kamerasi topshirdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga 40 dona videokuzatuv kamerasi topshirdi.
Topshirilgan videokameralar Oʻzbekiston hududidagi muhim chegara oʻtkazish punktlarida oʻrnatiladi. Ularni joylashtirishda Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasida joylashgan strategik ahamiyatga ega “Ayritom” chegara oʻtkazish punktiga ustuvorlik beriladi. Ushbu tashabbus mamlakat chegaralarida monitoring, xavfsizlik va operativ nazoratni sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
“YXHT Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda ushbu zamonaviy kuzatuv uskunalarini taqdim etayotganidan mamnun. Ushbu xayriya mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka yoʻnaltirilgan aniq sarmoyadir. «Ayritom” va boshqa muhim oʻtkazish punktlarida oʻrnatiladigan ushbu kameralar chegara xodimlariga kuzatuvni kuchaytirish, noqonuniy faoliyatni aniqlash imkoniyatlarini yaxshilash hamda oʻtkazish punktlari xavfsizligini taʼminlashda yordam beradi. Biz Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga samarali hamkorlik va fidokorona hamjihatlik uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan Qoʻshma Shtatlarning saxovatli moliyaviy hissasi uchun alohida tashakkur izhor etamiz», – dedi YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen.
“Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarining mamlakat chegaralarini himoya qilish borasidagi izchil saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaydi. Sizning saʼy-harakatlaringiz Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligini taʼminlashga, shuningdek, Qoʻshma Shtatlar xavfsizligiga ham hissa qoʻshmoqda. Bugun qabul qilinayotgan uskunalar Oʻzbekiston Respublikasi bilan transmilliy xavfsizlik tahdidlarining keng doirasiga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan keng qamrovli hamkorligimizning faqat bir qismidir”, – dedi Toshkentdagi AQSH elchixonasining Xavfsizlik boʻyicha yordam masalalari koordinatori Patrik Pratt.
Mazkur koʻmak Germaniya, Shvetsiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Fransiya tomonidan moliyalashtirilayotgan YXHTning “Afgʻonistondan kelib chiqadigan transchegaraviy muammolarga qarshi kurashishda Oʻzbekistonning barqarorligini mustahkamlash” nomli byudjetdan tashqari loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 4-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti huzuridagi Malaka oshirish fakultetida loyiha ishchi guruhining koordinatsion yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda YXHT, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bojxona instituti, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi. Yigʻilish davomida loyiha doirasida erishilgan natijalar koʻrib chiqildi, shuningdek, 2026–2027-yillarga rejalashtirilgan yangilangan loyiha yoʻl xaritasi muhokama qilinib, kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring