Oʻzbekistonda elektr energiyasining sutkalik isteʼmoli boʻyicha rekord qayd etildi

10:58 27 Yanvar 2026 Jamiyat
293 0

Illyustrativ foto

Oʻtgan hafta oxirida yurtimizda elektr energiyasining sutkalik isteʼmoli boʻyicha yangi rekordi qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Dildora Xashimova maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2026-yil 24-yanvar kuni elektr energiyasi sutkalik isteʼmoli 283 million kVt soatni (kichik quvvatli quyosh generatsiyasini hisobga olmaganda) tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning qish mavsumida eng yuqori sutkalik isteʼmol 11-yanvar kuni kuzatilib, 271,8 mln kVt soatni tashkil etgan edi.

Shuningdek, 2025-yilning yoz mavsumida, jumladan iyul oyida elektr energiyasi sutkalik isteʼmolining eng yuqori koʻrsatkichi 272,6 mln kVt soatga yetgan. Tezkor maʼlumotga asosan, oʻtgan shanba kuni bu rekord yangilanib, 283 mln kVt soat boʻldi.

Kecha, 25-yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 264,2 mln kVt soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz koʻp elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Respublika isteʼmolchilariga 246,9 mln kVt soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz koʻp elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Tabiiy gaz isteʼmoli 144,7 mln kub metrni tashkil qilgan. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Xususan, tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Fargʻona vodiysidagi maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun jami 81 813 kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlari uchun 2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109 foiz koʻp) suyultirilgan gaz ishlab chiqarilgan, 500 tonna yetkazib berilgan. Hududlardagi gaz toʻldirish shoxobchalaridagi suyultirilgan gaz zaxirasi 2 tonnaga oshib, 6,7 ming tonnaga yetgan.

Kecha, 25-yanvar kuni elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz taʼminotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Tizimda 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ish olib borilmoqda.

Elektr va gaz taʼminoti korxonalarida jami 1 ming 479 ta maxsus brigada tashkil etilgan, ushbu brigadalar tarkibida 7 ming 596 nafar ishchi-xodim joylarda kecha-yu kunduz faoliyat yuritib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?