Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Milliy madaniyatimiz va sanʼatimizning atoqli namoyandasi, mashhur rejissyor va teleboshlovchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov shu yil 19-noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.
M.Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti)da kino va teatr sanʼati aktyori mutaxassisligi boʻyicha tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston teleradiokomapaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan isteʼdodli sanʼatkor 60-yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “Oʻzbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va koʻrsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan oʻrin oldi. Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar oʻz davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan munosib joy egalladi.
M.Mirzaahmedov oʻzining nuroniy va donishmand qiyofasi, koʻp yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallarimiz orqali 40-yildan buyon namoyish etib kelinayotgan “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi hamda ushbu dastur orqali jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-maʼnaviy muammolarga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida oila va Vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat gʻoyalarini targʻib etishga katta hissa qoʻshdi.
Butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor oʻziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, koʻplab yoshlarga ustozlik qildi.
M.Mirzaahmedovning mamlakatimiz madaniyati va sanʼatini rivojlantirish yoʻlidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlandi.
Taniqli sanʼatkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Turdiyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring