Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Masdar”, “Indorama”, “ACWA Power”, “Vision Invest”, “DataVolt”, “Veon”, “Boeing”, “Air Products”, “SpaceX”, “Meta”, “John Deere”, “Franklin Templeton”, “Suez”, “EDF”, “Total Energies”, “Voltalia”, “Orano”, “Linde”, “Claas”, “Sojitz”, “Bomi”, “OTP Bank”, “Goldwind”, “Çalik”, “Çengiz”, “Aksa”, “JBIS” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari - Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahat berish hamda Oʻzbekiston Hukumati bilan xorijiy investorlar oʻrtasida ochiq muloqotni taʼminlashdan iborat.
Davlatimiz rahbari majlisni ochar ekan, kuni kecha oʻtgan toʻrtinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash aʼzolariga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi va koʻmagi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kengashning avvalgi yigʻilishlari natijador boʻlgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlashning mutlaqo yangi formatiga oʻtildi, samarali hamkorlik tizimi joriy etildi, oʻzaro manfaatli sheriklik tarmoqlari kengaydi.
Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻtgan yili Oʻzbekistonga rekord miqdorda - qariyb 1 milliard dollar investitsiya kiritdi. Mamlakatimiz bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Xususiy kompaniya va banklar bilan qoʻshma loyihalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Bu galgi majlisda ishtirok etayotgan kompaniyalar “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, “yashil” vodorod ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yangi loyihalarni boshladi.
Xususan, “ACWA Power”, “Masdar”, “Linde”, “Shanghai Renewable Energy” va “Total Energies” kompaniyalari 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, “yashil” iqtisodiyot rivojiga katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbekistonning raqamli texnologiyalar sohasiga jahonga mashhur nufuzli kompaniyalar ham faol kirib kelmoqda. “DataVolt” kompaniyasi mintaqadagi eng yirik “yashil” maʼlumotlar markazini barpo etish, “Veon” esa sunʼiy intellektga asoslangan mobil superilovani yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda.
- Buni xorijiy investorlarning islohotlarimiz va ochiqlik siyosatimizga boʻlgan yuksak ishonchi ifodasi, deb bilaman, - dedi Prezident.
Kengashga aʼzo Xalqaro moliya korporatsiyasi, “Ernst&Young”, “Dentons”, “Knauf” va “TBC” kompaniyalari tomonidan milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish boʻyicha qator takliflar bildirildi. Ularning yangi tashabbus va gʻoyalari 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarda oʻz ifodasini topdi.
Davlatimiz rahbari biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028-yilgacha oʻzgarmasligini maʼlum qildi.
Umuman, investitsiya muhiti yaxshilangani natijasida soʻnggi 2-yilda yurtimizda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 16 mingtaga yetdi.
Qayd etilganidek, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Xususan, investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini taʼminlash, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlar sonini koʻpaytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Joriy yilda yoʻl qurilishi, transport, energetika, suv taʼminoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Kelib tushgan takliflar asosida garov toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq maʼmurchiligi boʻyicha qoʻshimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.
Soʻzga chiqqan kengash aʼzolari Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar dasturi natijalarini yuqori baholadi. Davlatimiz rahbariga investitsiyaviy faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani va oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy intilishi uchun minnatdorlik bildirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring