Prezident gʻalabalari...

Millatga qaytarilgan gʻoliblik, mardlik, jasurlik, daxldorlik tuygʻulari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga tabrigini oʻqib gʻoyatda taʼsirlandim. Ayniqsa, samimiy qutlovning “Qadrli farzandlarim!”, deb boshlanishi eʼtiborimni oʻziga tortdi.
Oʻsha kunlarda nafaqat vatandoshlarimiz, balki dunyo nigohi Oʻzbekiston futbolchilariga qaratildi.
Mamlakatimiz rahbari haqli ravishda taʼkidlaganidek: “Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga xizmat qiladi”.
Millat birlashsa — kuch, oʻzini anglasa — qudrat, tarixini bilsa — magʻrur, Vatanini tanigan avlodlar paydo boʻladi.
Bu haqiqatni 17 yoshida Vatan sharafini himoya qilgan, Osiyoda tengsizligini namoyon etgan farzandlarimizning jasorati ham tasdiqlagan edi. Ular yuksak sovrin — Osiyo kubogini qoʻlga kiritganida qalbimiz faxr-iftixorga toʻldi, boshimiz koʻkka yetdi.
Bu Yangi Oʻzbekiston Meʼmori — Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼzozlangan, tarbiyalangan nihollarning ilk totli mevasi edi. Bu avlodni qaytaradigan kuch, yoʻliga chiqadigan mard butun Osiyoda topilmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17 yoshli farzandlari Osiyoda tengsiz ekanliklarini namoyish qildi.
Oʻsha kunlarda xayolimdan bir fikr oʻtdi: bunday jasoratga, matonatga faqat Vatanni taniganlar ega boʻladi.
17 yoshida Vatanni tanish baxtiga muyassar boʻlgan bolalarga havasim keldi.
Oʻzbekistonda bugun Vatan tuygʻusini anglab yetgan avlodlar shakllanmoqda, tarbiyalanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har gal ularga “farzandim”, deb murojaat qiladi.
Prezidentdan “farzandim” soʻzini eshitish eng katta baxt boʻlsa kerak.
Millatni bir maqsad yoʻlida birlashtirish ulkan mashaqqat.
Prezidentimiz millatga aynan mana shu tuygʻuni anglatdi. Bu gʻalabalar — Prezident gʻalabalari.
“Parij — 2024” Olimpiadasida Oʻzbekiston erishgan yutuqlar oʻzining salmogʻi, mavqei bilan rekord darajaga yetgandi.
Toʻgʻrisini tan olish kerakki, biz yillar davomida millat, mamlakat manfaati nima ekanini anglamadik, bu tuygʻulardan ancha uzoqda edik. Uzoqlashtirilgandik.
Prezident xalq bilan birgalikda quvonsa — moʻjiza sodir boʻlarkan. Xalq oʻz ortida Prezident turganligini bilishi, anglashi juda yuksak tuygʻu ekan. Bugun Prezident xalqimizga mana shu tuygʻularni bera oldi. Butun xalqni bir maqsad yoʻlida birlashtiroldi.
Fikrimcha, sportdagi barcha gʻalabalar zamirida mana shu haqiqat mujassamlashgan.
Gʻalaba ustiga gʻalaba, yutuq ortidan yutuq...
Xalq gʻalaba nashidasi nima ekanligini anglab yetdi. Shaxsan Prezident bu gʻalabalarni keng nishonlayotgani, xalq bilan birga quvonayotgani sportchilarimiz kuchiga kuch qoʻshmoqda.
Olimpiadada ilk oltin medalni qoʻlga kiritgan Diyora Keldiyorovaning onasi Dilorom Sharipova shunday yozadi: “Qizim Diyora Keldiyorova “Parij — 2024” Olimpiadasi oltin medalini qoʻlga kiritdi. Diyorani gʻalaba bilan birinchi boʻlib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tabrikladi. Yurt otasi tungi vaqt boʻlishiga qaramasdan qizimning final uchrashuvini koʻrib, muborakbod etdi.
Prezidentimiz Diyora bilan farzandim, qizim deb gaplashganida, “Ota-onangni mening nomimdan tabrikla” deganida koʻzimga yosh keldi.
Ona uchun bundan ortiq baxt bormi?!
Qizimning yutugʻidan bir quvongan boʻlsam, Prezidentimiz gʻamxoʻrligidan ming quvondim. Boshim osmonga yetdi.
Prezidentimiz bilan faxrlanaman...”
Sport gʻalabalari xalqning ruhini koʻtaradi. Xalqda kurashuvchanlik, milliy Qurur, yovqurlik, jasorat, matonat tuygʻularini uygʻotadi. Hech bir soha millatni, mamlakatni sportchalik tez tanitmaydi.
2016-yildan boshlab sport sohasida Oʻzbekiston erishgan yutuqlar barchani, hatto xalqaro ekspertlarni ham hayratga solmoqda.
Prezidentning sportga qiziqishi, sportchini qadrlashi, trener va ustoz-murabbiylarni ardoqlashi, ragʻbatlantirishi juda katta yutuqlarga sabab boʻldi.
Millatda gʻoliblik tuygʻusi paydo boʻldi. Mana shu maqsad barchani oʻz atrofida jamladi.
Bugun Oʻzbekiston sport sohasida nafaqat Markaziy Osiyo yoki butun Osiyoda, balki jahonda oʻz soʻzini aytyapti. Bunga tarixan juda qisqa — 9-yilda erishildi.
Prezidentdan namuna olgan xalq sportchilarni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlamoqda, ularni yurt qahramonlari deb eʼlon qilmoqda, boshiga koʻtarmoqda, faxrlanmoqda.
Jahon arenalarida Oʻzbekiston nomi yangramoqda. Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilmoqda. Oʻzbekiston madhiyasi taralmoqda. Bu jahon sportiga shu paytgacha maʼlum boʻlmagan yangi ruh, yangi kuch, toza qon, Yangi Oʻzbekiston kirib kelganligini koʻrsatadi, anglatadi.
Yaqinda qirgʻizistonlik deputatning soʻzlarini eshitib qoldim: “Oʻzbekistonda keyingi 10-yilda shunchalik koʻp sport inshootlari qurildiki, bugun Oʻzbekiston juda koʻplab xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilmoqda. Oʻzbekistonlik sportchilar jahon arenalarida birinchilikni qoʻldan bermasdan hisobsiz medallarni qoʻlga kiritmoqdalar…”
Bu eʼtirof zamirida Prezidentimizning mashaqqatli mehnatlari, eʼtibor va gʻamxoʻrliklari bor.
2026-yilda AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili boʻlishdek yuksak sharafga muyassar boʻldi.
Oʻzbekiston futboli oʻzining I asrdan ortiq tarixi davomida bunday martabaga birinchi marta erishdi.
Xalqimiz quvonchining chegarasi yoʻq. Bu biz kutgan gʻalaba edi. Bu bizga oʻzini kuttirgan gʻalaba edi. Bu bizni sogʻintirgan gʻalaba edi. Biz bu gʻalabaga Prezidentimizning ishonchi, eʼtibori, mehri tufayli erishdik.
Umummaqsad nima? Umumqudrat-chi, umumshodlik, umumbaxt-chi?
Millat dastlab mustabid tuzum davri va mustaqillikning chorak asrida birgalikda kurashishdan, hamfikr boʻlishdan mahrum qilingan edi. Hatto birgalikda quvonish nima ekanini ham unutib qoʻygandik.
“Naqadar baxtsizdir,
naqadar goʻldir
yagona qoʻshigʻi boʻlmagan xalqlar...”
Oʻzbek shoirlaridan biri Shavkat Rahmonning ushbu satrlarida olam-olam maʼno mujassam.
Nafaqat yagona qoʻshigʻi, balki yagona maqsadi boʻlmagan xalq ham Qolib boʻlolmaydi. Kurashlarda yengolmaydi. Umumquvonch tuygʻusidan bebahra oʻtadi.
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi erishgan yutuqning salmogʻi baland. Endi milliardlab futbol ishqibozlari nigohida Oʻzbekiston namoyon boʻladi, gavdalanadi. Oʻzbekning shon-shuhrati yanada yuksaladi.
Olgʻa, Oʻzbekiston!
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring