Jizzaxda uyi buzilgan odamlar chodirda kun koʻrmoqda mazmunidagi xabar qanchalik asosli?

12:55 26 Oktyabr 2019 Jamiyat
2296 0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzaxda uyi buzilgan odamlar chodirda kun koʻrmoqda” sarlavhali bir enlik qisqagina xabar va unga qoʻshimcha ikkita surat joylashtirildi. Bu internet foydalanuvchilarining diqqatini tortdi.

Xabarni aynan keltiramiz.

“PAXTAKOR. “Barak tipidagi uylar pala-partishlik bilan, aholining oʻz hisobidan buzdirildi. Uyi buzilganlarga kompensatsiya berilmadi. Ayrim oilalar loy va paxsadan uy tikladi. Ayrim xonadonlar yangi uy qurishga imkoni boʻlmagani sabab yarim vayrona uylarda qolib ketdi. Koʻpchilik esa chodirlarda yashamoqda“. (Bu xabar “Ozodlik“ka 18-oktyabr kuni kelgan)

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida boʻlayotgan oʻzgarishlardan bevosita voqif boʻlganim tufayli men uchun bu xabar kutilmagan voqea boʻldi. Joriy yil iyun oyida OʻzAda eʼlon qilingan “Obod qishloq” dasturi: navbatdagi manzil – Paxtakor” sarlavhali tahliliy maqolam turli internet saytlarida, radio va gazetalarda berilgandi. Shundan soʻng qurilish ishlarining borishini kuzatib, ish yakuni haqida yanada atroflicha maqola yozishni niyat qilib turganimda bu xabar mening chorbogʻimga kimdir bildirmasdan bir arava axlat agʻdargandek yoqimsiz edi.

Xabarning nomaʼlum muallifi oʻzining “Qish eshik qoqmoqda, aholi sovuq kunlarda qanday jon saqlar ekan?!” degan “tashvish“ va “xavotiri“ga tajribasiz oʻquvchini ishontirish uchun yangi qurilayotgan uylar orasida chodir aks etgan ikkita suratni ham ilova qilgan.

Shu oʻrinda oʻquvchi tajribasini nazarda tutganim bois, sal sinchkovlik va mulohaza bilan nazar soladigan kishida xabarning rostligiga shubha paydo boʻlishi aniq. Avvalo, axborot olish va tarqatishning birinchi sharti boʻlgan xabarning manbasi koʻrsatilmagan.

Mayli, anonim xabar berishni bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan “kasallik”, deb qoʻya qolaylik. Ammo chop etilgan suratdagi yashil daraxtlar, oʻt-oʻlanlar “Bu xabar “Ozodlik“ka 18-oktyabr kuni kelgan” degan izohga mutlaqo mos kelmasdi. Yurtimizda daraxt yaprogʻi oltin tusga kirganiga ancha boʻldi. Buyogʻi kuz-da, endi. Tabiatning ishi. Qolaversa, qurilish maydonida hali yashil oʻsimlikning oʻzi yoʻq. Axborot tarqatishda koʻp yillik va katta tajribaga ega “Ozodlik” “xabar”ning muhimligini nazarda tutib, shunday “arzimas xato”ga “eʼtiborsizlik” qilgan boʻlsa, ajabmas. Asosiy maqsad – oʻquvchini ishontirish! Bu maqsad qanchalik amalga oshganini xabar tagiga qoldirilgan postlar koʻrsatib turibdi.

“Uysizlar qashshok kambagʻallar juda koʻpayapti yaqinda Hindistonga oʻxshab koʻchalardayam boʻush joylar qolmaydi bu olgʻa qadam Bilan ketishda” deb munosabat bildiribdi bir “kuyunchak” oʻquvchi.

Bu manzaraga “xolis guvoh”lardan biri “Toʻgʻri yozilgan. Trassani chetida palatkalarda yotishgandi. Endi havo salkin boʻlgani uchun yosh bolasi borlari qarindoshinikiga, kvartiraga koʻchishyabdi” desa, boshqa biri “Bahorda bir oy yomgʻir boʻldi... palatkadagilarni ahvolini koʻrganmiz... mana yana yomgʻirli, sovuq kunlar boshlanmoqda. Aholi, yosh bolla hozirgacha loydan gʻisht quymoqda... qachon quriydi u gʻishtla.. qachon koʻtariladi imorat” deya achinish bildirgan (matnlar aynanligi saqlangan – T.B.).

Sodda shevada, oddiy odamlar tilidan yozilgan bu izohlar xabarning rostligiga nisbatan tajribasiz oʻquvchida emas, oq-qorani tanigan odamda ham ishonch uygʻotadi. Ushbu xabarni tarqatishdan maqsad ham shu – ODAMLARNI ISHONTIRISH!

Aslida ahvol qanday?

Bugun butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Jizzax viloyatida ham tumanlar markazi qayta qurilayotir. Mirzachoʻlni oʻzlashtirishning dastlabki davrida – 1967-yilda barpo etilgan tuman markazida oʻsha paytda qurilgan barak uylar haligacha bor. Choʻlni oʻzlashtirishga dastlab kelganlar uchun qurilgan bu uylar choʻlquvarlarning bir necha avlodiga boshpana boʻlgan.

Oʻtgan ellik yildan ziyodroq vaqt davomida bu uylar foydalanish muddatini oʻtab boʻlgan. Ammo kommunal, maishiy qulayliklarga ega boʻlmagan, koʻrinishi xaroba holga kelgan bu uylarda odamlar hamon yashab kelishdi, hozirgi kunda ham yashayotganlar bor.

Endi bunday uylarda yashab boʻlmasligi, eskirgan inshootlar, tor koʻchalar, nochor infratuzilma tuman markazini qayta qurishni taqozo etayotgan edi. Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanishlar doirasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”,

“Obod markaz” dasturlari asosida bu muammo qanday hal etilayotganidan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qoʻshni mamlakatlar, hatto olis xorijda ham yaxshi bilishadi. Eʼtirof etishmoqda ham. Qolaversa, Doʻstlik tumanidagi butkul qayta qurilgan Manas qishlogʻini, Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahrini keyingi ikki yilda xorijdan koʻplab odamlar kelib koʻrib ketishdi. Oʻzgarishlardan hayron ekanini taʼkidlashdi.

Paxtakor tumanida ham shunday oʻzgarishlar kutilayotgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida Gagarin shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, bu tajribani barcha tumanlarda qoʻllash taklifini bildirdi va koʻp oʻtmay Paxtakorda ham ishlar boshlab yuborildi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 3-yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi farmonida Jizzaxda “Ilgʻor hudud” sinov loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilab berildi va barcha tuman markazlari kabi Paxtakor tumani markazini ham yangilashga kirishildi.

Shu ezgu maqsadda boshlangan bunyodkorlik, yangilanish va oʻzgarishlar paxtakorliklar hayotiga yangi mazmun olib kirmoqda. Tuman markazini yangilash davomida 1960-1970-yillarda qurilgan 56 ta koʻp qavatli, 88 ta barak tipidagi uy-joy koʻchirilishi va ular oʻrnida koʻp qavatli zamonaviy uy-joylar qurilishi belgilangan.

Tuman markazini bosh reja asosida qayta qurishda, avvalo, baraklardagi xonadonlarni turar joy bilan taʼminlash birinchi galdagi vazifa qilib qoʻyilganini bu ish hududiy rahbarlarning oʻziga tashlab qoʻyilmasdan, Prezident Administratsiyasi rahbarligida tegishli vazirlik va idoralar, viloyat tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilayotganida ham koʻrish mumkin.

Har bir xonadonni oʻrganish davomida barak uylarda istiqomat qiluvchilardan 120 ta oila yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtish istagini bildirdi. 880 ta oilaga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berildi. Shunday qilib, yarim asrdan ziyod nochor kulbalarda yashab kelgan 950 oila yangi turar joylar bilan taʼminlanayotir.

Buzish qiyin emas, lekin qurish vaqt, mablagʻ, kuch talab qilishini yosh bola ham biladi. Bu yerda esa qariyb mingta uyning qurilishi haqida gap borayotir. Yangi uy qurishga hammaning ham qurbi yetmasligi aniq. Shuning uchun Mirzachoʻldagi tajriba qoʻllanilib, baraklarni buzishga hech kim shoshgani yoʻq.

Yangi uy qurib, koʻchib chiqib ketganlardan ayrimlari oʻzlariga tegishli barakni buzib, eski qurilish materiallaridan foydalanayotir. Koʻpchilik uchastkasi boshida hokimiyat tomonidan berilgan chodirda yashab, yoz davomida qurilishni yakunlab oldi. Hozirgacha uchta yangi massivdagi 470 ta uyning tomi yopilib, koʻpida egalari yashayotir.

Oltinkoʻl massivida iyun oyida boʻlgandim. Oʻshanda uy qayerdayu koʻcha qayerdaligini ajratish qiyin, oʻydim-chuqur, toshu shagʻal, gʻisht orasidan yurishning oʻzi mushkul edi. Sanoqsiz chodirlar tikilgan bu joy manzarasi oʻsha paytda olingan suratlarda saqlanib qolgan. Chunki xomiylar tomonidan bepul berilgan chodirlar quruvchilarga issiqda soya boʻldi.

Chodirlar bugun ham bor. Yangi uy qurayotganlar ulardan hali ham foydalanayotir. Yangi massivning markazida joylashgan uchta chodirda esa, tuman hokimligining qurilish shtabi joylashgan, mahalla guzari quruvchilari ham shu yerda.

Oʻtgan toʻrt oydan koʻproq vaqtda bu yerda roʻy bergan oʻzgarishlardan hayrating oshadi. Hozirning oʻzida ushbu massivda qurilishi rejalashtirilgan 448 ta uydan 324 tasining tomi yopilibdi, qolganlarida ham bu ish nihoyasiga yetkazilayotir. Tomi yopilgan uylarning koʻpchiligi pol, potolok ham qilinib, egalari koʻchib kiribdi.

70 yoshni qoralagan Qahramon Rustamovning oilasi katta. Hali baquvvat, chayir moʻysafiddan “Ozodlik”da berilgan xabardagi kabi ahvol qayerda ekani haqida soʻragan edik, hayron boʻldi. Otaxon internet nima ekanini bilmasligi tabiiy. Ammo yangi mahallada nima boʻlayotganini yaxshi biladi.

– Prezidentga, davlatimizga rahmat. Yordam beryapti, bolalar oʻzi ishlab qurayapti, – deydi moʻysafid. – 15 million soʻmdan kredit, sement, shifer, yana qancha yordam berdi. Shuncha yil 20 dan ziyod jon barakda tiqilib yashab kelayotgan edik. Yaratganga shukr, hozir har birimiz oʻz uyimizga ega boʻldik. Lekin siz aytgan nonkoʻrlik, yaxshilikni yomonlik deyishni bizning qavmimiz qilmaydi. Men bunga Yaratganning oldida ham, vijdonim oldida ham kafil boʻla olaman. Bunday yaxshi ishlarni koʻrmaslik uchun koʻr boʻlishi kerak kishi.

Qahramon Rustamov kabi 2 va 3 tadan uy qurayotganlar ancha. Chunki bir uyda yashab kelgan bir necha oilaning har biriga turar joy uchun alohida yer berilgan.

– Ikki oʻgʻlimning oilasi bilan bir uyda yashar edik, – deydi mehnat faxriysi Fotimaxon Nishonova. – Davlatimiz koʻmagida yangi massivda yonma-yon ikkita uy qurib bitkazdik. Bu yerda yashash uchun yaratilgan sharoitlarni ilgari havas ham qilmaganmiz. Uy keng, yorugʻ, issiq. Elektr, ichimlik suvi oʻtkazilgan. Ballonli gazdan foydalanyapmiz. Koʻchamiz asfalt. Bolalarimizning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratilgan.

Kim bilan suhbatlashmang, shunday fikrni eshitasiz. Chunki bu yerga hech kim yaxshi sharoitga ega uy-joyini tashlab kelgan emas. Agar yaxshi boʻlganida koʻchib chiqishga hojat boʻlmasdi.

Eng muhimi, yangi uy qurganlarning hech biri oʻz holiga tashlab qoʻyilmagan. Yangi uy quruvchilarga jami 5 milliard 549 million soʻmlik qurilish materiallari, ishlar, xizmatlar bilan yordam koʻrsatildi. Jumladan, uy qurayotganlarga 1 ming 548 mashina shagʻal, 1 ming 170 tonna sement, 35 ming 100 dona shifer, 750 dona stropilla, 4 ming 660 tonna tuproq bepul keltirib berildi.

Yer maydoni oʻlchamlari bir xil boʻlsa-da, uyni har bir xonadon sohibi oʻz orzusi, istagi, didi va moddiy imkoniyatiga qarab quradi. Bu jihatlar ham hisobga olinib, tijorat banki tomonidan 214 fuqaroga 3 milliard 600 million soʻmlik 16 foizli kredit ham ajratildi. 102 nafar kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan oilalarning har biriga 20 million soʻmdan, jami 2 milliard 40 million soʻm moddiy yordam rejalashtirilib, hozirgacha ushbu koʻmakning 1 milliard 100 million soʻmi ehtiyojmandlarga berildi.

Albatta, yashash uchun faqat uyning oʻzigina kifoya qilmaydi. Yangi uylar qurilayotgan 5 ta massivda 5 ta elektr transformator punkti tashkil etildi. 266 ta simyogʻochni oʻrnatish, 8,3 kilometr elektr uzatish tarmogʻi toritish uchun 1 milliard 263,5 million soʻmlik ish bajarilibdi.

1 milliard 406 million soʻmlik ish bajarilib, 3,1 kilometrlik markaziy, 15 kilometrlik ichki tarmoqlar tortilib ichimlik suvi keltirilganidan odamlar ayniqsa, mamnun.

Uy-joy qurilishi yillab choʻziladigan ish. Bitgandan soʻng ham tugamaydi. Shu oddiy haqiqatdan kelib chiqib xulosa qilinsa, Paxtakor tumanidagi yangi massivlarda qurilishning nechogʻli tezkor borayotganini tushunish qiyin emas. Eng muhimi, faqat uylar emas, Oltinkoʻl va Olmazor mahallalarida 200 oʻrinli yengil konstruksiyali tikuvchilik sexlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani tufayli xotin-qizlar ish bilan taʼminlanayotir. Shu maqsadda 230 nafar xotin-qiz kasb-hunarga qayta oʻqitildi.

Mahalla guzari bitish arafasida, maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo, xizmat koʻrsatish inshootlari qurilayotir. Yangi uylarga koʻchib oʻtgan aholining 271 nafar bolasi maktabga avtobuslarda qatnab oʻqimoqda.

Ezgu maqsadni koʻzlab amalga oshirilayotgan bunday katta ishlarga allaqanday bir koʻrolmasning internet tarmogʻidagi yolgʻon xabari soya sololmaydi, albatta. Agar biz qayd etgan ishlarga kimdir ozgina boʻlsa-da, shubha qilsa, marhamat, Paxtakor tumaniga kelsin, oʻz koʻzi bilan koʻrsin. Odamlar bilan gaplashsin. Uyiga kirib choy ichsa ham hech kim eʼtiroz qilmaydi. Xalqimiz mehmondoʻst, yaxshini ham, yomonni ham nari tur demaydi. Shunday ekan, onda-sonda boʻlsa-da, uchrab qolayotgan bunday yolgʻon kimga kerak va undan kim manfaatdor?

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?