“Yoshlar kutubxonasi” loyihasida chop etilgan kitoblar barcha taʼlim muassasalariga bepul tarqatildi
Kitob oʻqigan har qanday odamni ziyoli deb bilaman, degan ekan mashxur yozuvchilardan biri. Chindan ham bu xislatga ega odamning nafaqat soʻzlarida, balki amallarida ham ezgulik, nafislik va yorugʻlik ufurib turadi. Bu haqiqat “Kitob olami” majmuasida boʻlib oʻtgan “Yoshlar kutubxonasi” loyihasi doirasida chop etilgan yangi kitoblarning taqdimot marosimida yana bir bor oʻz aksini topdi, desak adashmaymiz.

Taqdimot marosimida shoir va yozuvchilar, “Yoshlar nashriyot uyi” tahririyati jamoasi, Yoshlar ittifoqi faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Chop etilgan kitoblar orasidan oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan tortib, oʻzbek mumtoz adabiyotining shoh asarlari oʻrin olgan. Xususan, A.Qodiriy, O. Yoqubov, Gʻ. Gʻulom, P. Qodirov, Oybekning, shuningdek, Robindranat Tagor, Iogann Volfgang Gyote, Stendal, Ernest Xeminguey, Anton Chexov, Paolo Koelyo, Nodar Dumbadze, Chingiz Aytmatov kabi jahon adabiyoti namoyondalarining sara asarlari nashr etildi. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asari ingliz tilida nashr yuzini koʻrgani barchani birday shod etdi.

Shu bilan birga, loyiha doirasida bolalar adabyotiga ham alohida eʼtibor qaratilgani tadbirda alohida eʼtirof etildi. Bu borada oʻzbek xalq ertaklari, Anvar Obidjonning “Meshpolvon jangga otlandi”, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib”, Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda”, Jonatan Sviftning “Gulliverning sarguzashtlari” kabi asarlari ham chop etilgani eʼtirof etildi.

Tadbir davomida loyihaga bagʻishlangan rolik hamda ilk marotaba 12 nomdagi kitobga ishlangan treyler namoyish etildi, kitobxonlikni targʻib qiluvchi qoʻshiqlar, sheʼrlar jarang sochdi. Ayniqsa, kitobxonlik targʻibotiga bagʻishlangan viktorina qizgʻin qarshi olindi. Taqdimot marosimi soʻnggida mehmonlarga 12 nomdagi kitoblar jamlanmasi sovgʻa sifatida taqdim qilindi.
Eslatib oʻtamiz, “Yoshlar nashriyot uyi” tomonidan“Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 47 nomdagi kitob 10 ming nusxadan chop etilib, respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalariga bepul tarqatildi.
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring