Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida (yangi tahriri)

10:21 23 Oktyabr 2019 Hujjatlar
5160 0

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining valyutaga oid yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

valyuta kursi – chet el valyutasining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasiga nisbatan kursi;

valyutani nazorat qilish – valyutani nazorat qiluvchi organlarning valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan faoliyati;

valyuta operatsiyalari – valyuta qimmatliklariga boʻlgan mulk huquqining va boshqa huquqlarning oʻtishi bilan bogʻliq operatsiyalar, valyuta qimmatliklaridan toʻlov vositasi sifatida foydalanish, valyuta qimmatliklarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, joʻnatish va oʻtkazish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish, joʻnatish va oʻtkazish, rezidentlar va norezidentlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi valyutasidagi operatsiyalar;

valyutani tartibga solish – valyuta qimmatliklarining muomalada boʻlish tartibini, valyuta qimmatliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish qoidalarini belgilash yuzasidan valyutani tartibga solish organining faoliyati;

valyuta qimmatliklari – chet el valyutasi, nominali chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar va toʻlov hujjatlari, norezidentlar tomonidan chiqarilgan, nominalga ega boʻlmagan qimmatli qogʻozlar, sof quyma oltin;

chet el valyutasi – muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd toʻlovning qonuniy vositasi boʻlgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim boʻlgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablagʻlar;

chet el valyutasi bilan bogʻliq boʻlgan hosilaviy moliya vositalari (valyuta derivativlari) – chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha shartnomalar boʻlib, ushbu shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish muayyan muddat oʻtgach yoki chet el valyutasining miqdoriga yoxud uning kursi oʻzgarishiga qarab amalga oshiriladi;

zbekiston Respublikasi valyutasi (milliy valyuta) – Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi (soʻm).

5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;

valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;

rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi.

6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan xorijdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan barcha yuridik shaxslar, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasida va undan tashqarida joylashgan filiallari va vakolatxonalari, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi diplomatik, savdo 
va boshqa rasmiy vakolatxonalari, qarorgohlari Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridir (bundan buyon matnda rezidentlar deb yuritiladi).

Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq rezident tushunchasi doirasiga kirmaydigan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridir (bundan buyon matnda norezidentlar deb yuritiladi).

2-bob. Valyutani tartibga solish

7-modda. Valyutani tartibga soluvchi davlat organi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki valyutani tartibga soluvchi davlat organidir (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi).

Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida:

norezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;

valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi;

banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining limitlarini belgilaydi;

umum eʼtirof etilgan xalqaro amaliyotga muvofiq valyuta operatsiyalarining va tashqi sektorning statistikasini tayyorlaydi hamda eʼlon qiladi;

rezidentlar va norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartibini belgilaydi, shu jumladan valyutani nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi banklari uchun valyuta operatsiyalari hisobi va hisoboti shakllarini hamda ularni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;

tashqi sektor statistikasini tuzish uchun barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilishi majburiy boʻlgan valyuta operatsiyalarining hisobi va hisoboti shakllarini belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi banklarining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solishni va nazorat qilishni amalga oshiradi.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida valyuta operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish huquqiga ega.

8-modda. Valyuta kursi

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha operatsiyalarda valyuta kursi chet el valyutasiga boʻlgan talab va taklifdan kelib chiqib, shartnomaviy asosda belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor mexanizmlaridan foydalaniladi.

Markaziy bank chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini belgilashda chet el valyutasiga boʻlgan talab va taklif asosida valyuta kursini aniqlash uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadi.

Markaziy bank valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojxona hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi.

9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar va toʻlovlar

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun tariflar, narxlar, shu jumladan milliy elektron savdo maydonchalaridagi shunday tariflar, narxlar, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondlari (ustav kapitallari) miqdorlariga doir talablar faqat Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlat bojlari, yigʻimlari va boshqa majburiy toʻlovlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida undiriladi, bundan konsullik yigʻimlari mustasno.

 

10-modda. Rezidentlarning valyuta qimmatliklari va ulardan foydalanilishi

Rezident jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida: 

oʻz mulkida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilgan, oʻtkazilgan yoki joʻnatilgan, Oʻzbekiston Respublikasida olingan yoki sotib olingan valyuta qimmatliklariga ega boʻlishga va ulardan oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishga;

nosavdo tusidagi xalqaro transchegaraviy pul oʻtkazmalarini amalga oshirishga; 

valyuta qimmatliklarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishga, oʻtkazishga va joʻnatishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga, oʻtkazishga hamda joʻnatishga haqli.

Rezident yuridik shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:

oʻz mulkida valyuta qimmatliklariga ega boʻlishga;

chet el valyutasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan oʻtkazishga haqli.

11-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish

Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish norezident majburiyatlarining quyidagilar orqali toʻliq yoki qisman bajarilishidir:

norezidentning majburiyatlari boʻyicha pul mablagʻlari yoki tovar kelib tushishi (ishlar bajarilishi, xizmatlar koʻrsatilishi);

norezidentning majburiyatini bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yoʻli bilan tugatish;

norezidentning tomonlar oʻrtasidagi mavjud dastlabki majburiyatini xuddi oʻsha shaxslar oʻrtasidagi boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi oʻzga majburiyat bilan almashtirish yoʻli bilan tugatish;

sugʻurta toʻlovlarini olish.

Agar rezident norezidentga nisbatan talab qilish huquqidan boshqa rezident foydasiga voz kechsa, repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talabning bajarilishini taʼminlashga doir tegishli majburiyat talab qilish huquqini qabul qilgan rezidentga oʻtadi.

Rezident (norezident) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlashi shart.

Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati norezidentning majburiyatlari yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 180 kundan oshib ketsa, mazkur operatsiya kapital harakatining operatsiyasi sifatida baholanadi.

12-modda. Rezidentlarning hisobvaraqlari

Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasining banklarida chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.

Rezident jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi banklarida va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el valyutasida hisobvaraqlar hamda omonatlar ochishga haqli.

Rezident yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ulardan foydalanishga, basharti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutasida hisobvaraqlar ochish va ulardan foydalanish maqsadlari nazarda tutilgan qarorlari yoxud Oʻzbekiston Respublikasining shunday xalqaro shartnomalari mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.

Rezident yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochganidan keyin roʻyxatdan oʻtgan joydagi soliq organlarini hamda Markaziy bankni hisobvaraqlar ochilganligi (yopilganligi) toʻgʻrisida va hisobvaraqlarning rekvizitlari oʻzgarganligi haqida, shuningdek ushbu hisobvaraqlardagi qoldiqlar va aylanmalar toʻgʻrisida Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda har chorakda, hisobot choragi tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan xabardor qilishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlarining xoʻjalik faoliyatini yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi vakolatxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ushbu hisobvaraqlardan foydalanishga ularning xorijda boʻlishi va faoliyat koʻrsatishi davrida yoʻl qoʻyiladi. Ularning xorijda boʻlishi yoki faoliyat koʻrsatishi tugagach, hisobvaraqlar yopilishi lozim va hisobvaraqlardagi mablagʻlarning qoldiqlari Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkaziladi.

Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklardagi oʻz hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi oʻz hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz oʻtkazish huquqiga ega.

13-modda. Norezidentlarning hisobvaraqlari

Norezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasida va Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida bank hisobvaraqlarini ochishga va ulardan foydalanishga haqli.

Faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish norezident yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida bank hisobvaraqlarini ochishi va ulardan foydalanishi uchun majburiy talabdir.

3-bob. Valyuta operatsiyalari

14-modda. Valyuta operatsiyalarining turlari

Valyuta operatsiyalari ichki va xalqaro (transchegaraviy) operatsiyalarga boʻlinadi.

Ichki valyuta operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan operatsiyalardir.

Xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari joriy xalqaro operatsiyalarga va kapital harakati (kapital oʻtkazmalari) operatsiyalariga boʻlinadi.

15-modda. Joriy xalqaro operatsiyalar

Joriy xalqaro operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:

tashqi savdoni, boshqa joriy faoliyatni yuritish, shu jumladan xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish) munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan barcha toʻlovlar;

foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shu jumladan bank omonatlari, kreditlar, lizing boʻyicha foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shuningdek boshqa investitsiyalardan olinadigan sof daromad shaklida toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar;

kreditni (qarzni) toʻlash davrida qarzning olingan, shartnomada koʻrsatilgan toʻlash davrlari soniga nisbati sifatida hisob-kitob qilingan qismining ikki baravaridan ortiq boʻlmagan miqdordagi summani toʻlash;

nosavdo tusidagi pul oʻtkazmalari.

Nosavdo tusidagi pul oʻtkazmalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

jismoniy shaxslar oʻrtasida yuz million soʻm ekvivalentigacha boʻlgan miqdordagi pul oʻtkazmalari;

shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlarga (xizmatlarga, ishlarga) haq toʻlash;

ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, alimentlar toʻlash;

xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash;

taʼlim, davolanish va turizm uchun haq toʻlash;

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalari taʼminoti uchun haq toʻlash;

notarial va tergov harakatlari bilan bogʻliq toʻlovlar, shuningdek ishlarni sudlarda koʻrish munosabati bilan davlat boji toʻlash;

sudning, arbitrajning, shuningdek tergov organlarining va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarorlari asosida pul mablagʻlarini toʻlash;

xalqaro kongresslarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda, sport tadbirlarida va madaniy tadbirlarda, shuningdek boshqa xalqaro uchrashuvlarda, koʻrgazmalarda va yarmarkalarda ishtirok etish uchun toʻlovlar, bundan investitsiyaga oid va moddiy xarajatlar mustasno;

vafot etganni dafn qilish bilan bogʻliq toʻlovlar;

mualliflik haqini toʻlash, patent bojlarini toʻlash va intellektual mulk sohasidagi litsenziya shartnomalarining majburiyatlari boʻyicha haq toʻlash;

xalqaro notijorat tashkilotlarga badallar.

Joriy xalqaro operatsiyalar hamda ular bilan bogʻliq holda chet el valyutasini rezidentlar va norezidentlar tomonidan sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

16-modda. Kapital harakati operatsiyalari

Kapital harakati operatsiyalari jumlasiga joriy xalqaro operatsiyalar boʻlmagan barcha xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari, shu jumladan quyidagilar kiradi:

investitsiya faoliyatini amalga oshirish, jumladan rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan oʻz filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish;

kreditlar (qarzlar) olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;

koʻchmas mol-mulkni sotib olish va sotish;

chet davlatlardan mablagʻlarni jalb etish hamda ularni chet davlatlardagi hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqni toʻliq olish yoki sotish.

Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb etish va ularni repatriatsiya qilish, shuningdek toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini amalga oshirish munosabati bilan olingan huquqlardan foydalanish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik va boshqa vakolatxonalarining ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida koʻchmas mulk obyektlarini olish va qurish boʻyicha kapital harakati operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olish, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni norezidentlar tomonidan sotib olish tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.

17-modda. Rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalari

Rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalariga quyidagilar amalga oshirilayotganda yoʻl qoʻyiladi:

bojsiz savdo doʻkonlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro tashishlarda transport vositalarining qatnov yoʻllarida yoʻlovchilarga tovarlarni realizatsiya qilish va xizmatlar koʻrsatish chogʻidagi hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;

vositachilar (vakillar) tomonidan norezidentlar bilan tovarlarni topshirish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, axborot va intellektual faoliyat natijalarini, ularga boʻlgan mutlaq huquqlarni berish boʻyicha shartnomalar tuzish hamda ularni bajarish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish chogʻida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) oʻrtasidagi operatsiyalar, shu jumladan komitentlarga (ishonch bildiruvchilarga) pul summalarini (boshqa mol-mulkni) qaytarishga doir operatsiyalar;

tuzilgan shartnomalar asosida transport-ekspeditorlik xizmatlarini realizatsiya qilishdan ekspeditorlik kompaniyalarining hisobvaragʻiga xorijdan kelib tushayotgan chet el valyutasidagi mablagʻlarni hisob-kitob qilishni va oʻtkazishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;

jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga xizmat safarlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlarini toʻlash va ularning oʻrnini qoplash boʻyicha operatsiyalar, shuningdek xizmat safarlari munosabati bilan berilgan, sarflanmay qolgan boʻnakni qaytarishga doir operatsiyalar;

Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalariga hisob-kitoblarni va oʻtkazmalarni bajarishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;

rezident jismoniy shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlardan boshqa rezident jismoniy shaxslar foydasiga ularning Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga nosavdo operatsiyalar boʻyicha oʻtkazmalar;

transport tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslarning filiallari, vakolatxonalari va boshqa boʻlinmalari oʻrtasida yoʻlovchilar tashishga oid shartnomalar boʻyicha hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalar;

agar oxirgi xaridor yoki sotuvchi norezident boʻlsa, vositachilar (vakillar) tomonidan majburiyatlar kliring natijalari boʻyicha bajarilishi lozim boʻlgan shartnomalarni tuzish va bajarish bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish chogʻida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) oʻrtasidagi operatsiyalar;

majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida valyuta qimmatliklaridan foydalanish, shuningdek ularni undirish bilan bogʻliq operatsiyalar;

yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) valyuta qimmatliklarini kiritish va qaytarish bilan bogʻliq operatsiyalar;

bank xizmatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq operatsiyalar;

xayriya faoliyati bilan bogʻliq operatsiyalar;

meros huquqi boʻyicha valyuta qimmatliklarini olish bilan bogʻliq operatsiyalar.

Rezidentlar oʻrtasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan valyuta operatsiyalari taqiqlanadi.

18-modda. Norezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalari

Norezidentlar joriy xalqaro operatsiyalar bilan bogʻliq oʻtkazmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi banklardagi hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi bank hisobvaraqlariga oʻzaro amalga oshirish huquqiga ega.

Norezident jismoniy shaxslar nosavdo tusidagi oʻtkazmalarni Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlaridan boshqa norezident jismoniy shaxslar foydasiga ularning Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga amalga oshirishi mumkin.

Norezidentlar Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlariga qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq valyuta operatsiyalarini oʻzaro amalga oshirishi mumkin.

19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish

Oʻzbekiston Respublikasi hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasida banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklari hamda Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.

20-modda. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi banklarining huquq va majburiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi banklari Oʻzbekiston Respublikasi banklarida hamda xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlariga va boshqa hisobvaraqlarga ega boʻlishga, chet el valyutasini, shu jumladan valyuta derivativlarini bevosita oʻzlari oʻrtasida, oʻz mijozlari bilan, shuningdek valyuta birjasi orqali hamda xalqaro bozorlarda sotish va sotib olish operatsiyalarini oʻtkazishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasi banklari valyuta operatsiyalarini, basharti valyuta operatsiyalarini bajarish uchun banklar talab etadigan tegishli hujjatlar rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilsa, amalga oshirishi shart.

21-modda. Valyuta operatsiyalarini oʻtkazishga doir cheklovlar

Markaziy bank valyuta operatsiyalarini oʻtkazishga nisbatan:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida;

toʻlov balansining barqarorligiga tahdid mavjud boʻlgan hollarda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bitimining Moddalari doirasidagi majburiyatlarga rioya qilgan holda cheklovlar joriy etishi mumkin.

Iqtisodiy xavfsizlikka tahdid yuzaga kelganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank bilan kelishgan holda valyuta operatsiyalarini oʻtkazishga doir cheklovlar joriy etishi mumkin.

Cheklovlarning amal qilish muddati ular joriy qilingan paytdan eʼtiboran bir yildan oshishi mumkin emas. Cheklovlar belgilangan muddat oʻtgach, bekor qilingan deb hisoblanadi. Cheklovlarning amal qilishi muddatidan avval toʻliq yoki qisman bekor qilinishi mumkin.

22-modda. Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi banklari mustasno.

4-bob. Valyuta nazorati

23-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organlardir.

24-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlarning huquq va majburiyatlari

Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligiga taalluqli qismi boʻyicha nazoratni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.

Valyutani nazorat qiluvchi organlar oʻz vakolatlari doirasida:

valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni amalga oshirishga;

rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalari boʻyicha hisob va hisobotlarining toʻliqligi hamda toʻgʻriligini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshirishga;

valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlarni va axborotni soʻrab olishga;

valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish tartibini belgilashga;

aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida talabnomalar taqdim etishga hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan boshqa choralarni koʻrishga haqlidir.

Valyutani nazorat qiluvchi organlar faqat oʻtkazilayotgan valyuta operatsiyasiga bevosita taalluqli boʻlgan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin.

Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan tijorat, bank sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlashi shart.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalari ustidan valyuta nazoratini amalga oshiradi.

25-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazish chogʻida rezidentlar hamda norezidentlarning huquq va majburiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:

valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;

valyutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;

valyutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrni qoplanishi.

Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:

valyutani nazorat qiluvchi organlarga soʻralayotgan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi barcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi;

valyutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar oʻtkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari boʻyicha tushuntirishlar berishi;

valyuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini taʼminlashi;

valyutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (koʻrsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;

valyutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chogʻda ularning oʻz binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan maʼlumotlar bazalaridan foydalana olishini taʼminlashi shart.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

26-modda. Valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobdorlik

Valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish tartibi, ularning turlari, taqdim etilish shakli va muddatlari Markaziy bank tomonidan valyutani nazorat qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda ularning vakolatlari doirasida belgilanadi.

Jismoniy shaxslar chet el valyutasini sotib olish va sotish yuzasidan hisobotlar taqdim etmaydi.

27-modda. Nizolarni hal etish

Valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

28-modda. Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?