Uy-joy qurishda 40 foizgacha energiya tejamkorlikka erishish mumkin

17:43 19 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
1715 0

Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatovning aytishicha, mahalliy xom ashyo va materiallar, xususan, bazaltdan toʻgʻri foydalanish orqali 40 foizgacha energiya tejamkorlikka erishish mumkin. Yana bir zamonaviy texnologiya — tunnel qolipli tizim qoʻllanilsa, imoratlarni tez va oʻta mustahkam tiklanadi. Bu usul bino va inshootlarning bir qavatini atigi kun ichida bitkazish imkonini berar ekan.

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda shu haqda soʻz yuritildi.

Tunnel qolipli tizim asosida dunyoning 45 davlatida 2 mingdan ziyod loyihani amalga oshirgan Turkiyaning “Mesa” kompaniyasi yurtimizning Toshkent va Samarqand shaharlarida ham ushbu texnologiya boʻyicha koʻp qavatli uylar qurmoqda.

Mazkur kompaniya vakili Gurkan Kasapning fikricha, tunnel qolipli tizim qoʻllanilsa, binolar oʻta mustahkam boʻladi. Metall va beton asosli devorlar tekis va sifatli quyilgani uchun pardozlash mahsulotlari juda kam sarflanadi. Tashqi qismiga bazalt qoplanishi evaziga energiya tejalib, issiq-sovuqni oʻtkazmaydi.

Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan pudrat tashkilotlari mutaxassislariga yangi texnologiyaning shu kabi afzalliklari, qurilishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, imoratlarning zilzilabardosh etib qurish boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi.

— Qurilishda energiya tejamkorligiga eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas, — deydi Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. Hidoyatov. — Hozirgi paytda uy-joylar bahosi kvadrat metridan kelib chiqib belgilansa, endilikda energiya tejamkorligi boʻyicha narxlanadi. Energiya tejamkorlikning ham oʻz talablari boʻlib, u bir necha toifa boʻyicha oʻrganiladi. Hozirgi paytda bu borada standartlar ishlab chiqilmoqda. Unga koʻra, uy-joylar toʻrtta — A, B, C, D toifa boʻyicha baholanadi. Audit xulosasiga koʻra, imoratning qaysi toifaga mansubligi boʻyicha sertifikat beriladi. Yangi standartlar 2020-yilning birinchi yarmidan amaliyotga joriy qilinishi kutilmoqda.

S. IBODULLAYEV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?