Turkiy tilli davlatlar kengashi — tili, madaniyati, qadriyatlari mushtarak davlatlar hamkorligining mustahkam poydevori

21:57 22 Noyabr 2019 Jamiyat
1453 0

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida “Oʻzbekiston Respublikasining Turk kengashiga qoʻshilishi — turkiy dunyo taraqqiyotining yangi sahifasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda institut mutasaddilari, mahalliy ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Joriy yilda Oʻzbekiston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga Naxichevan bitimiga qoʻshilish haqidagi ariza bilan rasman murojaat qildi. Mazkur murojaat Tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tomonidan iliq qarshi olindi. Gʻoyat qisqa fursatda — qariyb bir ish kunida ijobiy javob berildi.

2019-yil 14-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Naxichevan bitimiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi farmoni imzolandi. Shu kunning oʻzidayoq uni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Kengash Kotibiyati va depozitariysiga Oʻzbekiston Naxichevan bitimiga qoʻshilishi toʻgʻrisida hujjat yuborildi.

Maʼlumki, joriy yilning 15-oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar kengashining (TTDK) yettinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlishi mamlakatimiz uchun qanday imkoniyatlar eshigini ochib berishi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Taʼkidlanganidek, kengashda savdo-iqtisodiy xarakterdagi masalalarni birgalikda hal etish uchun turkiy tilli davlatlar imkoniyatlarini birlashtirish boʻyicha katta salohiyat mavjud. Bu umumiy 115 mln. kishilik aholi va 1,1 trln. dollardan ziyod yalpi ichki mahsulotga ega Kengash miqyosi oʻzbek mahsulotlari eksporti uchun istiqbolli bozor ekanligidan dalolat beradi. TTDK mamlakatlarining tranzit salohiyati Oʻzbekistonga Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi. Binobarin, Kengash ishtirokchilari bilan hamkorlikda “Boku-Tbilisi-Kars”(“BTK”) temir yoʻli bilan bogʻliq Transkaspiy transport yoʻlagini rivojlantirishga eʼtibor qaratilyapti. Oʻzbekistonning 2018-yilda ishga tushirilgan “Zamonaviy Ipak yoʻli” qoʻshma turistik loyihasida faol qatnashuvi yurtimiz sayyohlik imijini Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharq davlatlarida ilgari surish, shuningdek, diyorimizga keladigan sayyohlar oqimini koʻpaytirishga yordam beradi.

Qizgʻin savol-javob ruhida oʻtkazilgan davra suhbatida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Shahzod GʻAFFOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?