Soxta eksport operatsiyasiga chek qoʻyildi

15:35 26 Avgust 2019 Jamiyat
1018 0

Maʼlumki bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga keng qulayliklar yaratish, eksportni har tomonlama ragʻbatlantirish maqsadida bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va takomillashtirish, shaffoflikni taʼminlash boʻyicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, meva-sabzavotlar eksportini soddalashtirish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganligi tadbirkorlar uchun juda koʻplab qulayliklar yaratdi.

Mazkur qarorga asosan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirildi. Shu bilan birga eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmasdan rasmiylashtirilmoqda. Albatta, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno.

Bojxona xodimlari eksportyorlarga yaqindan koʻmaklashish maqsadida ularga tunu-kun xizmat koʻrsatish, tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish, bojxona rasmiylashtiruv jarayoni uchun sarflanadigan vaqtni 3 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshirish, eksport tovari yuklangan avtotransport vositalarini chegara bojxona postlaridan navbatsiz harakatlanishini taʼminlamoqdalar.

Taʼkidlash joizki, eksport jarayonida bojxona organlariga taqdim etilgan hujjatlarda mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, shuningdek tovarlarni bojxona chegarasidan qonuniy olib oʻtish uchun eksport qiluvchi javobgar ekanligi belgilab qoʻyilgan.

Shunga qaramasdan baʼzi bir “uddaburon tadbirkorlar” yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish oʻrniga noqonuniy va aldov yoʻllar bilan bojxona xodimlarini chalgʻitib, tovarlarni boshqa nom bilan deklaratsiyalab, ularning narxini sunʼiy oshirib, eksport qilishga urinmoqdalar.

Ana shunday tadbirkorlardan biri 2019-yil 24-avgust kuni yuk kuzatuv hujjatlariga koʻra Sirdaryo viloyati Xovos tumanida joylashgan “Gʻulomjon-Bogʻlari” fermer xoʻjaligining ishonchli vakili fuqaro X.S. tomonidan vazni 21 tonnani tashkil etuvchi 720 ta qoplarga joylangan, umumiy qiymati 315 ming AQSH dollarlik quritilgan qalampir urugʻlari tovarini “Eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat postiga taqdim qiladi. Bu haqda DBQ axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur bojxona yuk deklaratsiyasi bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlanganligi sababli “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tovarni toʻliq bojxona koʻrigidan oʻtkazishni koʻzda tutuvchi “qizil” yoʻlakka yoʻnaltirilgan holda post xodimlari va xolislar ishtirokida avtotransport vositasiga ortilgan tovar bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi. Natijada bojxona koʻrigi davomida bojxona yuk deklaratsiyasi va yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilgan tovardan bor-yoʻgʻi 134 ta qopda jami 2,65 tonna mavjudligi, hujjatlarda koʻrsatilganidan 586 ta qop, 18,35 tonnaga kamligi maʼlum boʻldi.

Buning oʻrniga esa avtotransport vositasida hujjatlarda umuman koʻrsatilmagan 443 ta qopga joylangan, vazni 9,53 tonnani tashkil etuvchi quritilib maydalangan olma mahsulotlari borligi aniqlandi.

Bojxona koʻrigi natijasiga asoslanib, fermer xoʻjalik ishonchli vakili X.S.ga nisbatan bojxona qoidabuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirilib, hujjatlarda koʻrsatilmagan tovarlar vaqtincha saqlov olib qoʻyildi.

Xoʻsh, yuqoridagi qonunbuzarlik holatini sodir etgan “uddaburon” oʻzining qingʻir xatti-harakatlari bilan nimaga erishdi?

Endilikda mazkur tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan eksport va import operatsiyalari “Xavfni boshqarish tizimi” tomonidan avtomatik ravishda yuqori xavf darajasiga mansubligi belgilanib, “qizil” yoʻlakka yoʻnaltiriladi.

Bu esa ushbu “tadbirkor”ning halol tadbirkorlar uchun koʻzda tutilgan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan muayyan muddatga foydalana olmasligini anglatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?