Soʻx tumani: Oʻzgarishlar boʻsagʻasida yoxud yasharish va yangilanish odamlar hayotida oʻz aksini topadi

“Xalq so`zi ONLINE”
Soʻx — gʻoyat xushmanzara maskan. Baland togʻlar, tiniq buloqlar, joʻshqin soylar, yashil alanga kabi koʻkka talpingan archalar… Tumanning eng katta boyligi bu – uning mehnatkash, mehmondoʻst va samimiy odamlari.
“Boburnoma”da Zahiriddin Muhammad Bobur bir muddat Soʻx tumanida yashagani haqida maroq bilan esga olib, tumanning goʻzal tabiati, mehmondoʻst odamlari bilan bogʻliq xotiralarini yozib qoldirgan. Soʻx tumanidan topilgan qadimiy osori-atiqalar, hududni chor tarafdan oʻrab olgan purviqor togʻlar, zarif qoʻshiqlar kuylab oqadigan zilol soylar, asrlarni qaritgan qishloqlarning moziydan sado beruvchi oʻziga xos tarixi haqiqatdan ham bu koʻhna zamin ahli azaldan hayotsevar ekanligidan dalolat.
Koʻhna va hamisha navqiron Soʻxda muzaffar hayot shukuhi bugun oʻzgacha namoyon boʻlmoqda. Hayotning turli qiyinchiliklariga qaramay tarixning turli soʻqmoqlaridan mardonavor oʻtib kelayotgan soʻxliklar yangi — nurli istiqbolga oʻzgacha xushkayfiyat bilan peshvoz chiqmoqdalar.

Prezidentimizning shu yil 8-avgust kuni qabul qilingan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar koʻlamini sifat va salmoq jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, Soʻxda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, oilalar farovonligini taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish borasida yechimini kutayotgan masalalar koʻp edi. Xususan, tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmi viloyat koʻrsatkichlaridan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va doimiy daromad manbalarini koʻpaytirish sohasidagi ishlar ham qoniqarli emas. Ichimlik suvi, ichki yoʻllarni taʼmirlash, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bogʻliq muammolarni zudlik bilan bartaraf etishga katta ehtiyoj bor. Shu bois chora-tadbirlar dasturida tumanda sanoat va ishlab chiqarish korxonalari boʻyicha istiqbolli yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikka keng sharoit yaratish va ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish, taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va muqim ish oʻrinlari bilan taʼminlash singari yoʻnalishlarda keng qamrovli ustuvor vazifalar belgilandi.

Tibbiyot muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida bogʻchalar qurish va hududda kelajagimiz vorislarini maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish darajasini oshirishga qaratilgan gʻamxoʻrliklar shular jumlasidan. Tumanda istirohat bogʻlari tashkil etish, sport muassasalari faoliyatini bugungi kun talablari asosida yoʻlga qoʻyish va murabbiylik faoliyatini ragʻbatlantirish borasidagi saʼy-harakatlar barkamol avlod orzusi yoʻlidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyatga ega.
Soʻxda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish orqali koʻplab ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin. Ayni jihatlarni inobatga olgan holda tumanda xalqaro pul oʻtkazmalari amaliyotini yoʻlga qoʻyish, 24/7 rejimida ishlovchi bank shoxobchalarini tashkil etish masalasi ijobiy hal etilmoqda. Sement zavodi qurish, yer osti tabiiy boyliklarini qazib olish faoliyatini takomillashtirish, mevani qayta ishlash va qadoqlash, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish, intensiv bogʻlar barpo etishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash birinchi navbatdagi vazifalar sirasiga kiritildi. Qarorga muvofiq tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkasining 10 foizli punktidan yuqori boʻlgan qismini Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplab berish, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar uchun istisno tariqasida yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish kabi qator imtiyoz va qulayliklar taqdim etilmoqda.
Tumanda kartoshka yetishtirish borasida juda katta hayotiy tajriba maktabi yaratilgan. Dasturda kartoshka urugʻchiligi ilmiy markazi tashkil etish koʻzda tutilgani tumanda ilmiy-amaliy tajribani oʻzaro uygʻunlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, aholiga dehqonchilik qilish uchun qoʻshimcha 20 sotixdan yer berilib, yerga ishlov berish va sifatli urugʻ sotib olish uchun oilalarga 2,2 million soʻmdan subsidiya mablagʻlari ajratiladi. Dehqonchilik qilish muammo boʻlgan hududlarga suv chiqarilib, ixcham va zamonaviy issiqxonalar barpo etiladi. Birgina sanoat, xizmatlar va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maqsadida 95 ta loyiha doirasida 5 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator imtiyozlar berilgani ham eʼtiborga loyiq. Xususan, 2020-yilda jismoniy shaxslar yer va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilindi. Shu yilning 1-avgustidan 2021-yilning 31-iyuliga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amaldagi qatʼiy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilandi. Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yigʻimni toʻlash tartibi bekor qilindi.

Hozirgi kunda tumanda 14 ming 330 nafar mahalliy aholi — yer va mol-mulk soligʻi toʻlovchilar hamda 400 dan ortiq kichik biznes subyektlari ushbu imtiyozlardan foydalanish imkoniga ega boʻlganini inobatga olsak, imtiyozlar koʻlami naqadar katta ekanligini anglash qiyin emas. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilgan 14 ming 300 nafar soʻxliklar ixtiyorida bir yilda 3 milliard 300 million soʻm mablagʻ qoladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taqdim etilgan imtiyoz bir yilda qariyb 500 million soʻm mablagʻni oila byudjeti uchun asrab qolish imkonini beradi.
Tumanning “Tul”, “Hushyor”, “Sarikanda”, “Ravon”, “Hazrat Ali”, “Lenburg”, “Qalacha”, «Gʻaznov» “Chashma”, “Demursad”, “Sharqobod”, “Yangiariq”, “Soʻx”, “Qaqir”, «Oftobru» kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi 59 ming fuqaroning ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 274 kilometrlik ichimlik suvi tarmogʻi tortiladi. 30 ta ichimlik suvi inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Qariyb 13 kilometr tabiiy gaz tarmogʻi taʼmirlanadi. Aholi xonadonlariga 8,5 mingdan ziyod yangi elektron gaz hisoblagichlar oʻrnatilib, gaz taʼminoti korxonasiga 3 ta maxsus avtotransport vositasi ajratiladi. Tumanda suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida gaz toʻldirish majmuasi qurilishi boʻyicha reja-jadval ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi.

Qayroq massividagi 1 ming 448 gektar yaylov maydonlarini oʻzlashtirish uchun uch koʻtarmali “Qayroq” nasos stansiyasi bosqichma-bosqich quriladi. Boʻston hududidagi 600 gektar ekin maydoni va 100 gektar aholi tomorqalarini suv bilan taʼminlash uchun “Hushyor-1” va “Hushyor-2” nasos stansiyalari taʼmirlanadi. Hozir qoʻshni Qirgʻiziston yaylovlaridan foydalanish, Fargʻona shahridan Soʻx tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga qulay narxlarda qatnovlarni yoʻlga qoʻyish singari muhim masalalarda ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Soʻxda boshlangan hayotbaxsh islohotlar koʻlami va miqyosi kengligi, tumandagi har bir oila va inson, har bir hudud va mahalla hayoti, orzu-intilishlariga oʻzaro hamohang ekanligi bilan tom maʼnoda tarixiy ahamiyatga ega. Demak, yaqin kelajakda Soʻx tumani mamlakatimizning har tomonlama obod va farovon goʻshasi sifatida butun dunyoga oʻz koʻrku tarovatini koʻz-koʻz etadi.
Mirzohid UBAYDULLAYEV,
Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring