Sirdaryolik madaniyat xodimasi ixtiyoriy ravishda koronavirusga “chalindi”

14:35 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
1664 0

Sirdaryolik yosh kinorejissyor Oybek Qarshiboyev “Loqaydlik” nomli qisqa metrajli film yaratdi. Film shu kunning global mavzusi — koronavirus pandemiyasi tartib-qoidalariga rioya qilmaslikning ayanchli oqibatlariga bagʻishlangan.

Kartina bosh qahramoni — balogʻatga yetgan yosh qiz. U atrofida va butun jahonda kezib yurgan, insoniyatni chuqur tashvishga solgan tojdor virusdan asralish oʻrniga, karantin yumshatilishini notoʻgʻri tushunib, belgilangan qoidalarni mensimaganligi, loqaydligi tufayli umrining ayni bahor pallasida hayotdan koʻz yumadi. Va filmda erta oʻlim topgan qiz misolida koronavirus balosi yoshu keksa — barchaga birdek xatarli yov ekanligi aks etadi.

Bosh qahramon rolini ijro etgan Izzatoy Oʻrolova Guliston tumanidagi bolalar raqs ansambli rahbari. U bungacha “Sirdaryo navolari” ansambli tarkibida bir necha mamlakatlarda boʻlib oʻtgan festivallarda oʻzbek milliy raqs sanʼatini namoyish va targʻib etishda ishtirok etgan.

— Bir epizodda menga nafas olish apparatini ulashganda, garchi bu bor-yoʻgʻi bu kinodagi rol boʻlsa-da, oʻzimda qoʻrquv his etdim, — deydi Izzatoy Oʻrolova. — Oʻylaymanki, filmni koʻrgan tomoshabinlarda ham ana shunday tuygʻu paydo boʻladi va bu barchani karaytin qoidalariga qatʼiy rioya qilishga daʼvat etadi, loqaydlikka yoʻl qoʻymaslikka chaqiradi.

Film rejissyori Oybek Qarshiboyev Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining kino yoʻnalishida tahsil olgan. Bir necha filmlarda ikkinchi rejissyor sifatida tajriba orttirgan. Ayni paytda Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Sirdaryo” telekanalida faoliyat olib bormoqda. “Loqaydlik” filmi tez kunlarda “Sirdaryo” telekanali va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etiladi.

Ahmadali SHERNAZAROV (“Xalq soʻzi”).

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?