Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasini qabul qildi

15:23 11 Aprel 2019 Siyosat
323 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Qarqoviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda boʻlib turgan nufuzli delegatsiyani samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning izchil rivojlanib borayotganiga yuksak baho berdi.

Joriy yilning mart oyida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sermahsul uchrashuvlar ikki davlat oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishda yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi.

Tashrif yakunida muhim kelishuvlarga erishildi, jumladan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha muhim ikki tomonlama hujjatlarning katta toʻplami imzolandi. Ularni toʻliq amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda tegishli “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Bugungi suhbat davomida davlat tashkilotlari, ilmiy markazlar, yetakchi kompaniya va korxonalar, bank-moliya institutlari darajasida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi va innovatsion rivojlanish sohasidagi ilgʻor tajribani joriy etishda oʻzaro hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz ekspertlari hamkorligida ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Vazir samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muhammad al-Qarqoviy Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyatining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?