«Shamollar shahri»da yurtim nafasi

11:12 27 Aprel 2018 Jamiyat
2720 0

Ayni paytda “Xalq so’zi” gazetasi maxsus muxbiri Maqsud JONIXONOV Ozarbayjonda xizmat safarida bo’lib turibdi. U Boku shahri haqidagi ilk taassurotlarini yo’lladi. Quyida ushbu material bilan tanishasiz.
Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Mulla Panoh Voqif kabi mumtoz shoirlar yashab o’tgan manzil, o’zbek xalqiga ulkan ehtirom ramzi sifatida Alisher Navoiy haykali o’rnatilgan maskan, Baylakon tumanidagi Amir Temur qurdirgan ko’prik, Mirzo Ulug’bek ko’chasi, Navoiy nomidagi posyolka va istirohat bog’i, Buxoro karvonsaroyi — bularning barchasi Ozarbayjonda. Ana shu go’zal diyorga xizmat safari bilan kelib angladikki, ozarlar har ikki gapning birida “jonim qurbon bo’lsin” deya takalluf qilishni xush ko’risharkan. Shundanmi, musofirlikni ham his etmaysan kishi.

Bugungi Boku tom ma’noda megapolisga aylangan. Osmono’par binolar, yangidan-yangi imoratlar hayratu havasingizni oshiradi. Bokuning boshqa shaharlardan ajratib turadigan jihatlaridan yana biri, bu — Hazar shamolidir. Shaharning qay go’shasiga bormang, namxush hamda sarrin shabbodalar sizni mayin erkalaydi. Park va xiyobonlardagi daraxtlar muntazam chayqalib, mayin bir taronani jo’r bo’lib kuylaydi go’yo. Bu shaharni bejiz “Shamollar shahri” deb yuritishmaydi.

Bokuning ko’chalari gavjum hamda ravon. Eng mashhur inshootlaridan biri — Hukumat uyi. Milliy akademik teatri ham kishini maftun etadi. Uning qarshisida Sharq she’riyatining buyuk namoyandasi Muhammad Fuzuliyning muhtasham haykali salobat to’kib turibdi.

Icheri shahar Bokuning qadimiy obidalar joylashgan tarixiy qismidir. Uning atrofi mustahkam tosh devorlar bilan o’ralgan. Tor ko’chalarda piyodalar ko’p qatnaydi, ora-sirada engil mashinalarga duch kelasiz. Bu ko’chalar ko’pchilikka tanish tuyuladi. Chunki “Arshin mol-olon”, “Qaynona” singari sevib tomosha qilinadigan filmlarda ularni ko’p ko’rganmiz. “Brilliant qo’l” kartinasi suratga olingan torko’cha, undagi hovli doimo sayyohlarni jalb etib turadi. Xuddi shu hovlida ochilgan “Brilliant qo’l” qahvaxonasida bir piyola choy ichib, o’zingizni beixtiyor o’sha mashhur filmga tushib qolgandek his qilasiz.

Icheri — qadimiyligi bilan bizning tarixiy shaharlarimizni eslatadi. Bu yerda ko’hna obidalar, turarjoylar bilan birga, esdalik sovg’alar sotiladigan do’konlar, restoran va mehmonxonalar joylashgan.

Icheri shahardagi qadimiy obidalardan yana biri “Buxoro karvonsaroyi” deb nomlanadi. Hozir bu obida ichida milliy taomlar tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan. Karvonsaroy qurilishi, me’moriy ko’rinishi jihatidan Buxorodagi tarixiy yodgorliklarni esga soladi. Karvonsaroy hovlisida kichkina marmar hovuz, uning atrofida esa keksa chinorlar...

Hamrohimiz haftada besh marta chop etiladigan “525-ci qezet” nashri bosh muharriri, yozuvchi Rashod Majidning aytishicha, Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon xalqlari orasida azaldan nafaqat madaniy, diplomatik, balki savdo-sotiq borasida ham muayyan aloqalar o’rnatilgan. Jumladan, bu borada Buxoro bilan mustahkam hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Buxorolik savdogarlar Bokuga tez-tez kelib turishgan. Ular, asosan, shu erda qo’nim topishgani uchun karvonsaroyga ham Buxoro nomi berilgan bo’lishi mumkin.

Haydar Aliyev markazi shahardagi eng go’zal, muhtasham inshootlardan biri sanaladi. Ozarbayjon xalqining buyuk etakchisi, faxri, mamlakatning uchinchi prezidenti nomi berilgan ushbu madaniyat markazi uzoqdan dengiz sohilida yotgan oppoq chig’anoqni eslatadi. 2007 yilda qurilgan mazkur inshoot 2014 yilda dunyodagi eng go’zal bino sifatida tan olingan va “Design of the Year” mukofotiga loyiq ko’rilgan.
Bokudagi zamonaviy inshootlardan yana biri “Flamme towers”dir. Bu “Olov minoralari” ma’nosini anglatadi. Darhaqiqat, shahardagi eng baland majmua sanalgan ushbu inshoot olisdan alanganing ko’kka bo’y cho’zayotgan tillariga o’xshab ko’rinadi. Bino to’liq LED-ekran bilan qoplangan bo’lib, u tunda ham o’zidan davlat bayrog’i ranglari bo’lgan ko’k, qizil hamda yashil ranglarda shu’la taratib turadi. Bu majmua shaharning har tarafidan ko’zga tashlanadi.

Umuman, shahar nafaqat o’zining maftunkorligi, balki yurakka yaqin lahjasi, odamlarining samimiyligi va mehmondo’stligi bilan ham yurtimizni yodga soladi. Shu bois bu yerga tashrif buyurgan har bir o’zbekistonlik o’zini qadrdon uyida yurgandek his etsa, ne ajab...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

«Aprel 2025»
DuSeChoPaJuShaYa
31123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
2829301234
567891011

Кластер

hidden