Samarqandda yoʻl qurilishi koʻlami kengaymoqda

Samarqand viloyatida 16 ming 319 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud. Shundan, 4 ming 97 kilometri umumiy foydalanishdagi, 12 ming 222 kilometri xoʻjaliklararo ichki avtomobil yoʻllardir.
Joriy yilga moʻljallangan dasturlarga asosan viloyat hududidan oʻtuvchi 923,8 kilometr avtomobil yoʻllarida 378,7 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Keyingi yillarda keng miqyosda amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari, ayniqsa yoʻl infratuzilmasini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida Samarqand shahrining koʻchalari ham uning betakror koʻrku tarovatiga oʻzgacha shukuh bagʻishlamoqda.
Bevosita raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi kunda shaharda jami 1821 ta koʻcha mavjud boʻlib, ularning umumiy uzunligi 848,6 kilometrni tashkil etadi. Shundan 444,6 kilometri shahar markaziy koʻchalari boʻlsa, 403,4 kilometri shahar ichki koʻchalari hisoblanadi. Mazkur koʻchalarni oʻz muddatida taʼmirlash va belgilangan meʼyorlar asosida saqlash boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Raqamlar tilga kirganda amalga oshirilgan ishlar, albatta, qiyosiy tahlil qilinadi. Biz ham oʻtgan yillar mobaynida yoʻl qurilishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻtgan yillar davomida bajarilgan ishlarga qiyoslaymiz.
Misol uchun, 2015 - 2018-yillar, yaʼni 4 yil davomida shahar boʻyicha jami 110 kilometr yoʻl taʼmirlangan boʻlsa, birgina 2019-yil davomida 160 kilometr ichki yoʻllar mukammal va joriy taʼmirlandi. Joriy yilga belgilangan ishlarning loyiha qiymati esa 147 milliard soʻmni tashkil qilmoqda. Bu mablagʻ hisobidan 76,9 kilometr masofada yoʻl qurish, mavjudlarini mukammal taʼmirlash nazarda tutilgan.
— Qadimiy shaharda qurilish ishlarini olib borish alohida masʼuliyat talab etadi. Shu bois, Samarqand shahrining 2040-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi ishlab chiqilib, uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi hukumatga taqdim etilgan, — deydi shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rustam Olimov. — Bosh reja loyihasiga muvofiq shaharda 14 ta ajratma yoʻl, 6 ta koʻprik qurilishi koʻzda tutilgan. Xususan, Gagarin koʻchasining davomini qurib, kengaytirish hisobiga M-39 yoʻlini Xoʻja Ahrori Vali koʻchasi orqali M-37 bilan bogʻlash, Navoiy shohkoʻchasi davomini qurish orqali Al-Xorazmiy koʻchasi bilan bogʻlash va boshqa koʻplab yangi yoʻllar qurish rejalashtirilgan.
Ayni paytda Samarqand viloyati jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan 25 million dollar mablagʻ hisobidan 10,3 kilometr magistral yoʻllarni qurish, 67,6 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan Afrosiyob, Usto Umar Joʻraqulov, M-37 magistral yoʻlidan M-39 magistralining 1086 kilometrigacha yoʻl qurish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida loyiha qiymati 67,7 milliard soʻm boʻlgan tonnel qurilishi ishlari olib borilmoqda. Mazkur tonnelning umumiy uzunligi 534 metr, tonnel qismining uzunligi 93 metrni tashkil etadi. Ushbu tonnel bilan birga Boʻstonsaroy koʻchasi boʻylab kengligi 6 metr boʻlgan piyodalar yer osti oʻtish yoʻlkasi ham quriladi. Tonnel qurilishi munosabati bilan koʻchadagi 1 kilometr tabiiy gaz, 2,5 kilometr elektr tarmogʻi 1,4 kilometr ichimlik suvi, 1,4 kilometr oqova suv, 10,3 kilometr aloqa tarmoqlari yangilanib, boshqa joyga koʻchirilmoqda.
Yoʻl qurilishi boʻyicha joriy yil boshida Gulobod koʻchasida ham keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. Koʻchaning 2,4 kilometr qismida tubdan qayta qurish ishlari olib borildi. Natijada 9-10 metr kenglikdagi koʻcha rekonstruksiyadan keyin 4 tasmali, kengligi 15 metr boʻlgan zamon talablariga mos koʻchaga aylandi. Koʻchaning har ikki tomonidan irrigatsiya lotoklari, piyodalar yurish yoʻlagi va koʻkalamzorlashtirilgan maydonlar qurildi. 120 ta temir ustunlar oʻrnatilib, 120 ta tungi yoritgichlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, mazkur koʻchadagi qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida 3,2 kilometr oqova suv, 2,1 kilometr ichimlik suvi, 8 kilometr elektr energiyasi, 2,6 kilometr tabiiy gaz, 5,8 kilometr shisha tolali aloqa tarmoqlari oʻtkazildi.
Afrosiyob koʻchasida ham joriy yilning birinchi yarmida 1,8 kilometr masofada rekonstruksiya ishlari bajarildi. Umumiy qiymati 16,2 milliard soʻm boʻlgan qurilish ishlari amalga oshirilgan koʻchadan yangi, yuqori bosimli ichimlik suv va oqova suv quvurlari hamda zamonaviy irrigatsiya tizimlari oʻtkazildi.
Bugungi kunda shaharda yoʻl qurilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan eng katta loyihalardan biri Usto Umar Joʻraqulov koʻchasi hisoblanadi. Birinchi marshrut sifatida qayta qurilayotgan koʻcha yangicha qiyofa kasb etib, shaharning koʻrkiga aylanadigan eng zamonaviy koʻcha boʻladi. Ayni paytda Bosh rejaga muvofiq, koʻchada qayta qurish, rekonstruksiya ishlari qizgʻin davom etmoqda.
Viloyat boʻyicha esa umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida 110,6 milliard soʻmlik qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan. Shuningdek, 285,9 kilometr qishloq va ovullarning ichki yoʻllari hamda shahar koʻchalarida 102,9 milliard soʻmlik qurilish rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda keyingi yillarda yoʻlsozlar tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida yillar davomida qarovsiz qolib kelgan koʻplab koʻchalar obod boʻlib, Samarqandning dovrugʻi va nomiga mos holatga keltirilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring