Samarqand nufuzli anjumanga mezbonlik qildi

17:37 04 Mart 2020 Jamiyat
1931 0

Avval xabar qilganimizdek, 3-4-mart kunlari Samarqand shahridagi Forumlar saroyida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 20 ga yaqin mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Ular orasida dunyoga mashhur “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Ahmad Tayyib va Eʼtiborli ulamolar kengashi Bosh kotibi Abdulloh Abdulgʻaniy Sarxan, Gamburg universiteti Dunyo ilmlari akademiyasi professori doktor Hurayra Kam singari islom dinining yirik vakillari borligi alohida ahamiyatga ega.

- Al-Azhar universiteti bilan hamkorlik aloqalarimiz yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, - deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. - Yaqinda oʻzbekistonlik 7 nafar yosh imom shu muassasada malaka oshirib qaytdi. Kelgusida hamkorlikni yana-da kuchaytirib, universitet talabalari va tadqiqotchilari oʻrtasida Imom Moturidiy asarlari va moturidiya taʼlimoti boʻyicha anʼanaviy tanlov oʻtkazish, tanlov gʻoliblarining Oʻzbekistonga ilmiy-ijodiy safarlarini uyushtirish tashabbusi bildirildi. Hadis ilmi boʻyicha ham xalqaro konferensiya oʻtkazishga kelishib oldik.

Xalqaro konferensiyaning ikkinchi kunida yakuniy yalpi yigʻilish oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar boʻyicha shakllantirilgan tavsiyalar muhokama qilindi. Anjuman yakunida ishtirokchilar bildirgan taklif va mulohazalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar qabul qilindi.

Ularda Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi, ibratli hayot yoʻli bilan bogʻliq oʻrganilmagan jihatlarni tadqiq etish, allomaning asarlaridagi insonparvarlik, bagʻrikenglik hamda adashgan toifalarga qarshi raddiya berish borasidagi qimmatli maʼlumotlardan samarali foydalanish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida urgʻu berilgan. Xususan, alloma asarlari bibliografiyasini yaratish, kitoblarni koʻproq nashr etish, ularda ilgari surilgan gʻoya va qarashlarni sodda tilda yoshlarga oʻrgatish, maxsus sayt yaratib, Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti haqida maʼlumot berib borish, kutubxona tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

- Imom Moturidiy asarlarining Turkiyada ham oʻrni alohida, - deydi Istanbul shahridagi Marmara universiteti professori Yusuf Shavki Yavuz. - Ustozim, taniqli islomshunos olim Bakir Toʻpol oʻgʻli boshlagan ishni men davom ettiryapman. Yaʼni, Moturidiyning kitoblarini turk tiliga tarjima qilib, 18 jildda nashr ettirdik. Mazkur nufuzli anjuman doirasida ishlab chiqilib, qabul qilingan tavsiyalar bu yoʻnalishdagi ishlarning yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.

Konferensiyaning yopilish marosimidan soʻng ishtirokchilar Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilindi. Mehmonlarga mazkur majmuaning obod qilinishi va kelgusidagi rejalar, Chokardiza qabristoni haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shundan soʻng anjuman qatnashchilari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Bu yerda ham buyuk muhaddis haqiga Qurʼon tilovat qilindi. Ularga mazkur majmua tarixi, ayni paytda bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari haqida maʼlumot berildi.

Mehmonlar shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni hayrat bilan kuzatib, markazda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga yuksak baho berishdi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari qadim Samarqandning diqqatga sazovor joylarini ham tomosha qilish imkoniga ega boʻldilar.

Samarqandda katta shukuh bilan oʻtgan xalqaro anjuman ishtirokchilari bagʻrikeng, mehmondoʻst oʻzbek xalqiga, olamshumul islohotlar bilan dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qozonayotgan, eʼtirofiga sazovor boʻlayotgan hamda xalq manfaatlari yoʻlida ulkan islohotlarni amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirdilar.

Muallif: Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер