Qusam ibn Abbos Samarqandga nima maqsadda kelgan edi?

16:03 08 May 2018 Madaniyat
2075 0

“Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda” nomli tarixiy-ma’rifiy kitobni o‘qib, ko‘nglimda bir qancha fikr va mulohazalar paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, kitob insonning eng yaqin do‘sti va beg‘araz hamrohidir. Odam o‘z qalbidagi ko‘plab savollarga kitobdan javob topadi. Kimlar sahoba deb ataladi? Sahoba bor bo‘lgan joyda fathu zafar yor bo‘lishining hikmati nimada? Ma’naviy martabalarni belgilaganda, sahobalar nima sababdan avliyolarning ulug‘i sanaladi? Shohi Zinda deb sharaf topgan zot qanday oilada yetishganlar? Ota-onalari kimlar, aka-ukalari nima xizmatlar bilan sharaf topganlar? Opa-singillari haqida qanday ma’lumotlar bor? Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarining hokimi bo‘lgan ulug‘ zot qanday maqsad bilan qadimiy Movarounnahr, ko‘hna Samarqandga kelib qoldilar? Shahid bo‘lish tarixlari qaysi vaqtga to‘g‘ri keladi? U kishi haqlarida manbalarda qanday tarixiy dalil-hujjatlar bor? Bu savollar, albatta, har bir vatandoshimizni qiziqtiradi. 

“O’zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, shoir, tarjimon va tazkiranavis Mirzo Kenjabekning “Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda” kitobini chop etdi. Usmonxon Alimov ushbu risola muqaddimasida jumladan bunday mulohazalarni bayon etganlar: “Hazrat Payg‘ambar alayhissalomning amakizodalari, bolalikdan ul Janobning duolariga erishgan, ul Janobning muborak jasadlarini yuvish, kafanlash va dafn etishda qatnashgan, ul zotni qabrlarida eng oxirgi marta ko‘rgan, xulqlari va shakl-shamoillari jihatidan ul kishiga eng ko‘p o‘xshagan, qisqa vaqt Madinai munavvara, so‘ng ancha vaqt Makkai mukarrama shaharlari hokimi bo‘lgan, bu davrda haj ishlariga rahbarlik qilgan, umr oxirida Sa’id ibn Usmon lashkari safida Movarounnahrga kelib, Samarqandni fath etgan, u yerda shahid bo‘lib, dafn etilib, bu diyorning sharaf topishiga sabab bo‘lgan aziz zotning hayoti lavhalari kitobxon qalbida zavqu shavq uyg‘otadi, ularning u kishiga bo‘lgan hurmat va muhabbatlarini ziyoda qiladi.” 

Ushbu kitobni tayyorlash uchun muallif ancha zahmat chekkani, katta izlanishlar olib borgani, tashbih bilan aytadigan bo‘lsak, igna bilan quduq qazgani mutoala jarayonida o‘quvchiga albatta, ayon bo‘ladi. 

Sahobalar fazilati bilan bog‘liq muqaddima kitob mohiyatini teran anglash uchun xizmat qiladi. Zotan, mutoalaga kirishgan kitobxonga sahobalar, ularning iymon-e’tiqod yo‘lidagi xizmatlari to‘g‘risida yetarlicha bilimga ega bo‘lish yurtimizdagi ushbu ziyoratgohning qanchalar ulug‘ ekanligini his etishda ko‘mak beradi. Asarda aks etgan Qusam ibn Abbosning nasablari, ota-ona, aka-ukalari hamda bu aziz zotning fazilat va sharflari haqidagi so‘zlar kishida katta qiziqish uyg‘otadi. E’tiborli jihati, bu mulohazalar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abul-Lays Samarqandiy, Umar an-Nasafiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abu Tohirxo‘ja Samarqandiy, Mirzo Bobur, Imom Rabboniy kabi buyuk alloma, ulkan ma’naviyat peshvolari asarlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida yozilgan. Tabiiyki, bu narsa asarning ilmiy darajasini oshirishga xizmat qiladi, Tabarruk ziyoratgohdagi ilk obidalar tarixi XI-XII asrlarga borib taqaladi. Uning ulkan majmuaga aylantirishdek mislsiz xayrli ishni Sohibqiron Amir Temur boshlab bergan. Bunday aziz joyni obod etish ishlariga ko‘p hukmdorlar nasibador bo‘lishga intilishgan. Sohibqiron Amir Temurning nabirasi, buyuk sulton va alloma Mirzo Ulug‘bek, Amir Shohmurod kabilarni alohida e’tirof etish mumkin. Shu kabi davlat arboblarining muqaddas qadamjoga e’tibor va e’timodlari bois bu muazzam obida o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Masjid, madrasa hamda maqbaralarning qad rostlashi Shohizinda ansambli salobatini olamga ko‘z-ko‘z etib turibdi. Ulug‘ sahobai kirom yotgan tuproqda boshqa aziz kishilar qo‘yilgan. 

Hazrat Qusam Ibn Abbos maqbaralari dunyodagi xojagon azizlarining ziyorat va mashvarat maqomiga aylangan. Mazkur silsilaning ulug‘laridan bo‘lmish hazrati Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy murshid va ustozlari hazrati Xoja Yusuf Hamadoniydan ushbu muborak manzilda irshodnoma va ijozat ne’matini olishga musharraf bo‘lganlar. Ba’zi manbalarda hazrati Bahouddin Naqshbandning bu dargohdagi ibodat va ziyoratlari ham qayd etilgan. Ushbu risola kitobxonga ana shunday ma’lumotlar berishi bilan ham e’tiborlidir.

Kitobning yana bir e’tiborli jihati haqida ham eslab o‘tish o‘rinlidir. Kishilar ulug‘lar yotgan tabarruk manzillarni ziyorat etishga, tilovatlar qilishga katta ixlos bilan qaraydilar. Biroq ziyorat odoblari to‘g‘risida barchamiz ko‘nikmalarga ega emasmiz. Ayni mana shu holatni teran anglagan musannif Mirzo Kenjabek kitobga ziyorat odoblari hamda qabr ahliga salom berish shakllarini ham ilova etgan. Kitob so‘ngida muallifning aziz sahoba, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning amakizodalariga ehtirom sifatida yozilgan bir she’ri ham o‘rin olgan. Ayni o‘rinda undan shunday satrlarni keltirib o‘tsak:
Har bir pok sahoba – bir yo‘lchi yulduz, 
Haq yo‘lga boshlagay kechami-kunduz, 
Umidvor xalq bo‘lib sizga burdik yuz,
Qusam ibn Abbos, sizga assalom,
Dildan ta’zim sizga, dildan ehtirom!

Xulosa o‘rnida aytish mumkin, kitob o‘quvchiga ulug‘ sahoba, Payg‘ambar alayhissalomning amakizodalari Qusam ibn Abbos hamda Shohizinda majmuasining o‘tmishi va buguni to‘g‘risida ko‘p va qimmmatli ma’lumotlarni beradi. Bu tasnif xalqimiz va ziyoratchilarimiz uchun juda katta tuhfadir. Ushbu risola muallifga ham, xalqimizga ham muborak bo‘lsin.
G‘ayrat MAJID
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?