Qonuniy mehnat migratsiyasi: Yechimini kutayotgan muammolar tizimli hal etiladi

09:31 20 Sentyabr 2020 Siyosat
2413 0

Migratsiya — tabiiy jarayon. Jahonning biror bir mamlakati bundan yuz oʻgirolmaydi va ushbu jarayonni toʻxtatib ham qololmaydi. Biroq uni tizimli chora-tadbirlar asosida tartibga solish va oʻz fuqarolari uchun huquqiy himoya mexanizmini yaratish mumkin. Binobarin, qayerda mehnat migratsiyasi toʻgʻri tashkil etilsa, bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar koʻpayishi oʻz-oʻzidan maʼlum. Mamlakatimizda keyingi yillarda bu borada zarur islohotlar hayotga tatbiq etildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbarining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu borada yana bir muhim qadam qoʻyildi. Aytish joizki, mazkur qarorda belgilangan vazifalar chetda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qoʻllab-quvvatlash borasida yechimini kutayotgan muammolarni tizimli hal etishga xizmat qiladi.

Qarorda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va oʻzbek diasporalari bilan aloqalar mustahkamlanishi nazarda tutilmoqda.

Tan olish kerak, bugungi kunda mehnat migrantlarimiz ish beruvchi kompaniyalarni topish, til bilish va oʻsha davlatdagi mehnat qonunchiligini oʻrganish kabi muammolarga koʻp duch kelishmoqda. Ana shundan kelib chiqib, qarorda muhim vazifa belgilandi. Yaʼni endilikda xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar beriladi.

Shu bilan birga, qarorda xorijda ishlab Oʻzbekistonga qaytib kelgan mehnat migrantlariga yaqindan koʻmaklashish kabi hayotiy masalalar ham qamrab olingan. Xususan, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar reintegratsiya qilinadi. Ularning tadbirkorlik tashabbuslari ragʻbatlantiriladi. Qolaversa, mehnat migrantlari moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi, ularning hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash amaliyoti yana-da kengaytiriladi.

Bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak, ushbu hayotiy hujjat mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tizimli yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Maqsad — bitta. Yaʼni mamlakatimizning har bir fuqarosi u qayerda, qanday sharoitda mehnat qilishidan qatʼiy nazar ularning huquqlarini toʻla himoya qilishdir. Partiya faoli va deputat sifatida bizdan talab qilinadigan birinchi galdagi vazifa qarorda huquqiy jihatdan tartibga solinayotgan imtiyoz va imkoniyatlar mazmun-mohiyatini aholiga, ayniqsa, bugun chet elda ishlash orzusida yurgan yoshlarga yetkazishimiz shart.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?