Prokuratura organlari xodimlari kuni nishonlandi

17:11 08 Yanvar 2020 Jamiyat
504 0

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Bosh prokuratura, Harbiy prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etdi.

Bayram tadbirini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev kirish soʻzi bilan ochib, tizimda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida toʻxtalish bilan birga, sohada faoliyat olib borayotgan xodimlarni bayram bilan tabrikladi.

— Davlatimiz rahbari asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli va misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda, — deydi Bosh prokuror. — Taʼkidlash joizki, prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, umuman, barcha yoʻnalishlarda salmoqli ishlar qilinmoqda va muhim natijalarga erishilmoqda. Xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barchamizning oliy maqsadimizdir.

Shuningdek, ayni vaqtda prokuror nazorati faoliyati aybdorlarni topib jazolashga emas, balki tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlab bartaraf etishga yoʻnaltirilayotganligi maʼlum qilindi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida prokuratura organlari xodimlari xalq ogʻirini yengil qilish, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hap etish, aholi farovonligini oshirish, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash kabi davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar samarali amalga oshirilishida nafaqat nazorat oʻrnatmoqda, balki bu ishlarda yaqin koʻmakchi va tashabbuskor ham boʻlmoqda.

Tadbirda Bosh prokuror buyrugʻiga asosan fidokorona va halol mehnati bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qonuniylikni taʼminlashga oʻzining munosib hissalarini qoʻshib kelayotgan va xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan bir qator xodimlar taqdirlandi. Bunday tantanali tadbirlar bir vaqtning oʻzida barcha hududlarda ham oʻtkazildi.

Xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni boʻlgan prokuratura xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan chin dildan qutlaymiz.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?