Poʻlat Bobojonov: aholiga yaqindan xizmat koʻrsatadigan tizim yaratildi

11:04 20 Dekabr 2019 Jamiyat
1111 0

Poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini taʼminlash — mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzuidagi tadbirda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

“Mamlakatimizda tinchlik va totuvlikni asrash, jamoat tartibi hamda fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash ichki ishlar organlarining birlamchi vazifasi hisoblanadi. Taʼkidlash kerakki, keyingi yillarda tizim faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Shuning barobarida bevosita ichki ishlar organlariga doir 4 ta qonun, 30 dan ziyod farmon, qaror va farmoyishlar, 150 dan ortiq hukumat va idoraviy hujjatlar qabul qilindiki, mazkur huquqiy hujjatlarda belgilangan asosiy norma va vazifalar bugun hayotda oʻz ifodasini topmoqda. Eng muhimi, natijada ichki ishlar organlari xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil va professional xizmat sifatida shakllanib ulgurdi.

Joylarda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari joriy etilishi orqali aholi uchun yaqindan xizmat koʻrsatadigan yangi tizimga asos solindi. Bevosita mahallalarning oʻzida jinoyatchilikni jilovlash va har qanday huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun profilaktika inspektorlarining soni 25 foizga koʻpaytirildi. Natijada ular tomonidan shahar sharoitida 2,5 ming, qishloqda 5 minggacha aholiga xizmat koʻrsatilishi taʼminlandi.

Mahalla posbonlari faoliyati tugatilib, ularning oʻrniga 9 mingdan ziyod profilaktika inspektorlarining yordamchilari lavozimlari joriy etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan profilaktika inspektorlariga xizmat uylari, fuqarolar bilan samarali ishlash, ularning murojaatlarini oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish, yaqindan koʻmak koʻrsatish maqsadida zamonaviy xizmat xonalari ajratildi. Imtiyozli kredit asosida avtotransport vositalari bilan taʼminlandi.

Hududlarda xotin-qizlar bilan ishlash borasida alohida yondashuv shakllantirilib, 360 nafar ayol inspektorning faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham aholi oʻrtasida katta qiziqishlarga sabab boʻldi.

Hammamizga maʼlumki, endi avtotransportning davlat raqamini olishda korrupsion holatga yoʻl qoʻyilmaydi. Boisi, davlat raqamlari onlayn tarzda ochiq auksion savdolari orqali xarid qilinmoqda. Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini qoraytirishga ham bevosita fuqarolarimizning xohish-istaklariga koʻra ruxsat berildi.

Hozirgi kunda respublikamiz hududlarida 115 ta onlayn radar ish olib bormoqda. Bu esa yoʻl-harakatini inson omili emas, balki zamonaviy texnologiya yordamida nazorat qilinayotganidan dalolat beradi.

Fuqarolarga xodimlarning nooʻrin xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish uchun 24 soat faoliyat koʻrsatadigan “1102” qisqa raqamli koll-sentr, shuningdek, odam savdosi bilan bogʻliq holatlar boʻyicha yagona ishonch telefoni uzluksiz ishlab turibdi.

Va yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, mamlakatimizning turistik salohiyati kun sayin oshib bormoqda. Buni birgina joriy yilning 11 oyida 7,6 million sayyohning yurtimizga tashrif buyurganida ham koʻrish mumkin. Xorijlik mehmonlarning xavfsizligini taʼminlash uchun, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan respublikamizning 7 ta hududida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari oʻz ishini boshladi”, — dedi Poʻlat Bobojonov.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер