Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi 

20:04 07 Dekabr 2020 Siyosat
8071 0

Muhtaram vatandoshlar!

Sizlarni ulugʻ ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Qadrli doʻstlar!

Dunyo miqyosida avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda oʻtkazishning, afsuski, imkoni boʻlmayapti. Lekin, shunga qaramasdan, bu bayramning ruhi va shukuhi qalblarimizda, yuraklarimizda davom etmoqda. Bu ayyom yurtimizning mehnat jamoalari, taʼlim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan toʻrt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng koʻlamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik. Ularning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7-marta kiritilgan oʻzgartirishlar, qabul qilingan 5 ta kodeks va 250 ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.

Oʻtgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay oʻzgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi boʻlgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!

“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun boʻlgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda.

Ana shunday konstitutsiyaviy poydevorga asoslangan ushbu tizim dunyo shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda turli tahdid va sinovlar, jumladan, global pandemiyaga qarshi kurashda, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda oʻzini toʻla oqladi.

Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini taʼminlash boʻyicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.

Avvalo, Asosiy qonunimizda kafolatlangan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani taʼminlash boʻyicha har bir insonning huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Pandemiya davrida aholi sogʻligʻini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolarga yordam berishga, tadbirkorlarga birinchi darajali eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 10 trillion soʻm fondga ega boʻlgan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, uning mablagʻlari sogʻliqni saqlash, ijtimoiy infratuzilmalar, aholi va korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.

Yil davomida 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod fuqaro uchun 34 trillion soʻmga yaqin imtiyozlar berildi, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va bandlikni oshirishga 2,6 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi.

Oʻtkir ijtimoiy muammo boʻlib kelayotgan aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha davlat dasturi doirasida faqat joriy yilning oʻzida 13 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga yangi uylarning kaliti topshirildi.

Shu bilan birga, Sardoba tumanida ofatdan zarar koʻrgan xonadonlar uchun koʻp qavatli yangi uylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini oʻz ichiga olgan goʻzal va zamonaviy shaharcha bunyod etildi.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan mingdan ortiq xotin-qizlarga uy-joy boʻyicha boshlangʻich badallar toʻlab berilgani ham ana shunday ezgu ishlarimiz qatoriga kiradi.

Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mutahkamlash boʻyicha jadal ishlar davom ettirilmoqda.

Bularning barchasi pandemiya va uning oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy va ijtimoiy inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish imkonini bermoqda va xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qadrli yurtdoshlar!

Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan adolat prinsipini amalda taʼminlash boʻyicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambagʻallikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini oʻrganish natijasida 2,5 milliondan ziyod aʼzosi boʻlgan 590 mingdan ortiq oilani qoʻllab-quvvatlash uchun 840 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Xususan, har bir xonadondagi ayollar va yoshlarning ehtiyoji, hayotiy muammolari aniqlanib, 300 mingga yaqin oilaning mehnatga layoqatli aʼzolari ish bilan taʼminlandi.

Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambagʻallikdan chiqish tajribasi va koʻnikmasi shakllanmoqda.

Yurt boshiga ish tushgan ogʻir kunlarda biznes hamjamiyati, tadbirkor va fermerlarimiz, mehr-oqibatli fuqarolarimiz ishtirokida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati insonparvarlikning yana bir yuksak namoyoni boʻldi. Umumxalq harakati doirasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj toifalariga 204 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

“Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida umummilliy taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli koʻrilmagan eʼtibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish borasida ham koʻp ishlar qilinmoqda.

Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim konstitutsiyaviy tamoyil – inson huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha barcha sohalarda, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning tasdigʻini keyingi toʻrt yilda 2 ming 600 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2 ming 400 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingani, 7 ta sud bosqichi 3 bosqichga keltirilib, sud tizimi “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta tashkil etilayotganida koʻrish mumkin.

Mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda.

Afv institutini qoʻllash borasidagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Shu yilning oʻzida bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urgan va oʻz qilmishidan pushaymon boʻlgan 300 dan ortiq shaxs afv etilib, jazoni oʻtash joylaridan ozod qilindi, 200 nafar mahkumning jazo muddatlari qisqartirildi.

Uzoq vaqt fuqarolikka ega boʻlmay kelgan insonlar bugungi kunda oʻzlarini toʻlaqonli Oʻzbekiston fuqarolari deb his etmoqda. Oʻtgan yigirma besh yilda 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan boʻlsa, birgina joriy yilda 8 mingdan ziyod kishi shu huquqqa ega boʻldi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulk sotib olish bilan bogʻliq cheklovlar bekor qilingani tufayli 40 mingdan ortiq fuqaro poytaxt mintaqasida sotib olgan uy-joylarini oʻz nomiga rasmiylashtirish imkoniga ega boʻldi.

Muhtaram vatandoshlar!

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, shu yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan bir qator global va mintaqaviy tashabbuslar, aniq amaliy takliflar xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanganini taʼkidlash oʻrinlidir.

Oktyabr oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri boʻlgan Inson huquqlari kengashiga aʼzo etib saylandi.

Bu – biz olib borayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir katta yutugʻi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.

Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhiti yaxshilanayotgani, turizm va eksport salohiyati yuksalib borayotgani, Xalqaro mehnat tashkilotining standart va qoidalari hayotga faol tatbiq etilayotgani tufayli Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yil sayin yuksalmoqda.

Pandemiya va global iqtisodiy inqiroz sababli yuzaga kelgan turli toʻsiq va muammolarga qaramasdan, tashqi aloqalarimiz toʻxtab qolmadi. Qoʻshni va hamkor davlatlar bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalardagi aloqalar uzluksiz davom etmoqda.

Xorijiy mamlakatlardagi fuqarolarimizning mavjud muammolarini tezkor va ijobiy hal etish, ularga amaliy huquqiy yordam koʻrsatish hamda Vatanimizga qaytarish borasida bu yil aniq chora-tadbirlar amalga oshirilgani xalqimizga yaxshi maʼlum. Xususan, pandemiya davrida 500 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin yurtdoshimizga turli yordamlar koʻrsatildi.

Yolgʻon vaʼdalarga aldanib, mamlakatimizdan chiqib ketgan va qurolli mojarolar boʻlayotgan Yaqin Sharq mintaqasida ogʻir kunlarni boshidan oʻtkazayotgan fuqarolarimiz, asosan ayollar va bolalarni mamlakatimizga qaytarib olib kelish boʻyicha insonparvarlik tadbirlari davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: Oʻzbekiston fuqarolari hamisha oʻz davlati va Konstitutsiyasi himoyasida boʻladi va biz bu tamoyilni bundan buyon ham qatʼiy amalga oshiramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Keyingi yillarda erishgan ijobiy natijalarimiz biz koʻzlayotgan ulugʻvor maqsadlar yoʻlidagi dastlabki qadamlar ekanini yaxshi tushunamiz. Bu borada hali oldimizda ulkan vazifalar turibdi.

Birinchidan, Konstitutsiya va qonunlarimizni yana-da takomillashtirishni bugun hayotning oʻzi talab etmoqda. Jumladan, xalqimiz manfaatlariga, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilish, davr talablariga javob bermaydigan qonun hujjatlarini bekor qilib, qonunchilik bazasini ixchamlashtirish, biznes faoliyatini tartibga solish borasidagi ortiqcha normalarni kamaytirish zarur.

Ushbu vazifalarni bajarishda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari yana-da faol boʻladilar, deb oʻylayman.

Ikkinchidan, taraqqiyot kushandasi boʻlgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim.

Soʻnggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion soʻm zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani bu masala naqadar dolzarb ekanini koʻrsatadi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025-yillarga moʻljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib bormoqdamiz.

Shu oʻrinda yana bir bor taʼkidlab aytaman: bu masala biz uchun oʻta muhim va ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Chunki korrupsiya – bu davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga rahna soladigan gʻoyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish – barchamizning burchimizdir.

Uchinchidan, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash masalalariga yana-da kuchli eʼtibor qaratishimiz zarur. “Qonun – ustuvor, jinoyatga – jazo muqarrar” degan konstitutsiyaviy tamoyilni amalda taʼminlash uchun huquq-tartibot idoralarining bor kuch va imkoniyatlari safarbar etiladi.

Toʻrtinchidan, muhtaram nuroniylarimiz, hurmatli xotin-qizlarimiz, aziz yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini taʼminlash, xonadon va mahallalarimizda, yagona va ahil oila boʻlib yashayotgan koʻpmillatli yurtimizda tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham ustuvor vazifa boʻlib qoladi.

Beshinchidan, soʻz va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga qaratilgan ishlarimizning taʼsirchanligini yana-da oshiramiz.

Bir haqiqat hammamizga ayon boʻlishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, oʻzini oʻzi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yoʻlni qatʼiy davom ettiramiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Xalqimiz hayotini yana-da obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish – davlatimiz va jamiyatimizning bosh vazifasidir.

Mana shunday ezgu va sharafli maqsad yoʻlida keksayu yosh barcha vatandoshlarimiz bir tanu bir jon boʻlib harakat qiladilar, yangi Oʻzbekiston bunyodkori boʻlib maydonga chiqadilar, deb ishonaman.

Sizlarni Konstitutsiya kuni bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Xonadonlarimizni, goʻzal yurtimizni tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka aslo tark etmasin!

Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz roʻyobga chiqsin!

Yaratganning oʻzi hammamizni panohida asrasin!

Shavkat Mirziyoyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?