Ongli ravishda xalq​imizni ongsiz q​ilmaylik

10:12 06 Avgust 2019 Jamiyat
3851 0

Illyustrativ foto

Mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligiga baishlangan maqolamizda soʻnggi uch yilda davlatimiz va jamiyatimiz hayotida yuz bergan tarixiy oʻzgarishlarni uzoq va yaqin oʻtmishimizga qiyoslab, atroflicha tahlil qilishni niyat qilgan edik.

Biz, ozmi-koʻpmi bilgan, hayotiy va siyosiy tajribasi yetarli boʻlgan yurtdoshimiz Murod Muhammad Doʻstning soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlaridagi baʼzi fikrlari biz hozircha chetlab oʻtmoqchi boʻlgan juda nozik mavzuga qoʻl urishga majbur qildi.

Hokimiyat uchun kurashdagi muvaqqat bayroq

Uch yarim oy burun OʻzAda eʼlon qilingan maqolamiz — “Til — el — feʼl”da bundan oʻttiz yil avval “Davlat tili haqida”gi Qonun bilan bogʻliq hamma mashmashalar va uning “kuchga kirishi” shunchaki bir siyosat boʻlmaganmikan, hokimiyat uchun kurashayotgan tomonlar qoʻlida bir ol bayroq vazifasini oʻtamaganmikan, degan savolni bejiz oʻrtaga tashlamagan edik.

Bu jamoatchilik, ayniqsa, ziyolilarimizning fikrini bilish niyatida qilingan sinov edi. Biroq birov gʻing degani yoʻq. Holbuki, biz oʻshanda rasmiy hokimiyatnigina emas, oʻzlarini oʻzbek millatining “jonkuyarlari” sifatida koʻrsatib, yakkahukmdorlik tuzumini boshdan kechirgan barcha xalqlar uchun, odatda, yoqimli boʻlmish “muxolifat” tamgʻasi bilan “jonbozlik” koʻrsatganlarni ham koʻzda tutgandik: oʻtgan yillar ichida ulardan qaysilari oʻzbek tili boʻyicha qaygʻurdi? Bu borada qalashib yotgan muammolarni na oʻzimizda, na tashqarida koʻtarib chiqdilar! Axir ularning koʻpchiligi “ziyolilar” edi-ku!

Nega shunday boʻldi?

Fikrimizcha, biri moʻljalidagini qoʻlga kirita olmagani uchun, tilni-ku qoʻya turaylik, yurtdan ham yuz oʻgirib ketdi, boshqa biri turli cheklovlar ostida kun kechirishga majbur boʻldi. Yana bir guruhining esa murosayu madora, “maydalab yut” qabilidagi azaliy siyosiy oʻyinlar evaziga erishgan mavqelarini koʻzlari qiymadi.

Til, paxta yakkahokimligi, oltin va boshqa tabiiy boyliklarimizni oʻzimizda qoldirish singari mavzular hokimiyat uchun kurashdagi muvaqqat bayroq edi, xolos. U yoki bu darajada “ish bitib, eshak loydan oʻtgach”, el ham, yurt ham esdan chiqdi-ketdi, kimlarningdir “itining tuvagi tillodan” boʻlsa boʻlgandir, biroq sodda oʻzbekning eski shahri yangi boʻlmagani mayli, sinch yoki paxsa uyining chirogʻini pul toʻlab ham yoqolmaydigan boʻlib qoldi. Qani endi, oʻshanda kechagi “jonkuyarlarni” kunduzi sham yoqib topib boʻlsa!

Madaniy meros muammosi va “tepa”dan berilgan dakki

Bugun har kim bilgan-bilmaganini aytishi mumkin. Chunki biz erkinmiz! Fikrda, zikrda, bir soʻz bilan aytganda, qonun bilan taqiqlanmagan har qanday harakatimizda! Oʻn-oʻn besh yillar avval qadimiy shaharlardan boshqa hududlarda madaniy meros obyektlarining juda koʻpchiligi ayanchli ahvoldaligi haqida “Narodnoye slovo” gazetasida “chiqib ketgan” maqola uchun Xurshid Doʻstmuhammad ikkovimiz, eng yuqoridan qoʻlma-qoʻl yoʻllangan dakkini boʻlishib “yeganmiz”.

Holbuki, biz qayerdamiz-u, gazeta qayerda edi?! Bugun-chi, ushbu sohadagi muammolar, kamchiliklar haqida yozmagan ham, aytmagan ham qolmadi. Hatto YUNESKO ham aralashmoqda, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinmoqda. Bunday munosabat turmushimizning har bir sohasiga xosdir. Osmon uzilib, yerga tushayotgani ham, hech kim yegan-yemagan somsasiga tovon toʻlayotgani ham yoʻq.

Aksinchachorak asr yiilib, bugun hal qilinmasa, pufak emas, ijtimoiy-siyosiy bomba boʻlib portlaydigan kattadan-katta, oirdan-oir muammolar ochiq-oydin, eng muhimi, avvalo, davlat rahbari tomonidan roʻy-rost aytilmoqda, yechimlari koʻrsatilmoqda, choralari koʻrilmoqda, ijrosi nazoratga olinmoqda.

Birin-ketin zalvorli natijalar ham yuzaga chiqmoqda. Madaniy merosimizni saqlash, oʻrganish, yurtdoshlarimizga, butun dunyoga yetkazish borasidagi ijobiy oʻzgarishlar atigi uch yil burun xomxayol edi.

Oldingi boshqaruvning moliyalashtirish siyosatiga koʻra, madaniy meros obyektlarini kadastrdan oʻtkazishga oʻttiz yil ketishi yopiq majlislarda ochiq aytilardi. Obyektlarning aniq sonini hech kim bilmasdi. Ularni taʼmirlash, saqlash vazifasini bajarib kelgan butun boshli tuzilma tarqatib yuborilgandi. Aksariyat muzeylar ahvoli talabga javob bermasdi. Lekin bu maʼlumotlar ommalashtirilmasdi.

Necha yilki, huquqlari toptalib kelinayotgan ishbilarmonlarga goʻyoki yengillik yaratish maqsadida sakson turdagi ruxsatnomani bekor qilish bahonasida 2013-yili madaniy meros qonunchiligidagi, jumladan, muzeylar, madaniy boyliklarni olib chiqishga oid qonunlardagi ruxsat olish tartibi bekor qilindi.

Yuqoridagilarning ishbilarmonlikka aloqasi yoʻqligi toʻgʻrisida bildirilgan asoslarga hech kim quloq solmadi. Oqibati nima boʻldi? Oʻz muzeylarimizda asrab-avaylab kelinayotgan nodir va qimmatbaho asarlar “oyimcha”larning Yevropadagi qasrlaridan topildi. Yana qanchadan-qancha noyob tarixiy, madaniy ashyolarimiz talon-toroj boʻldi ekan, buni hech kim bilmaydi.

Qisqasi, unaqasiga ham, bunaqasiga ham yutqazdik, sharmanda boʻldik. Oʻshanda birov gʻing dedimi? Yoʻq, demadi, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz! Har birimiz bilib-bilib oʻz ishimizni qilishimiz zarur boʻlgan bosqichda yashayapmiz.

Prezidentimiz topshiriqlari bilan sohadagi muammolar mutaxassislar, tegishli davlat tashkilotlari, eng muhimi, jamoatchilikning faol ishtirokida har tomonlama oʻrganildi va qarorlar qabul qilindi, “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi. Natijada ikki yarim million muzey ashyolari, 7476 ta moddiy madaniy merosning koʻchmas obyekti davlat muhofazasiga olindi, olti yil burun madaniy meros qonunchiligidagi buzgʻunchiliklar bartaraf etildi.

Madaniy meros obyektlari va sanʼat ashyolarini restavratsiya qilish ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi. Moddiy madaniy meros obyektlariga doir davlat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonini yil oxirigacha tugatish moʻljallanmoqda. Mustaqilligimizning yigirma oltinchi yiliga kelib qabul qilingan “2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” soha rivojiga keng yoʻl ochdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish va eʼtibor bering, shu orqali xalqimizning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan tengsiz hissasini butun dunyo eʼtirof etishiga erishish gʻoyasi hech kimning tushiga ham kirmagan edi.

Kirish qiyin, bitirish oson edi

Zamonaviy milliy taʼlim tizimi yaratilishi istiqlol yillarida amalga oshirilgan tarixiy ishlardan biri boʻldi. Vaholonki, ilgʻor davlatlar bu ishga XIX asrda kirishgan edi. Biz esa avvaliga eski maktablar, dunyoviy ilmlar, ayniqsa, tabiiy va aniq fanlar deyarli oʻqitilmagan madrasalar darajasida, keyinchalik siyosiylashtirilgan va mafkuralashtirilgan sovet taʼlim tizimi iskanjasida qolgandik.

Milliy taʼlim tizimimiz yaratilgach, uning sifati, eng muhimi, pirovard maqsadi borasida bosh qotirmadik, taʼlimdan muddao faqat tegishli bosqich bitiruvchisini tayyorlash emas, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotni jonlantiradigan va boshqaradigan zamonaviy mutaxassislar avlodini yetishtirish ekanligiga ahamiyat bermadik.

Taʼlim deganda, farzandini yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash emas, qanday qilib boʻlmasin, bogʻchaga joylashtirish, tuzukroq maktab, kollej, litseyga “gaplashish”, oliy oʻquv yurtiga kiritish odamlarimizning eng katta muammosiga aylanib qoldi. Shuning uchun ham bizda taʼlim muassasasiga kirish qiyin, uni bitirish oson edi. Shu tariqa uzoq yillar mobaynida turli yaramas odatlar urchidi, gurkuradi.

Hech esimdan chiqmaydi, 7-sinfda oʻqiydigan farzandimga fizika fanidan uyga vazifani bajarishga yordamlashayotib, biz oʻz paytida ushbu mavzuni 8-sinfda oʻqimaganmidik, degan xayolga bordim. Ertasiga tizim rahbarlaridan biriga qoʻngʻiroq qilib, taxminimni tasdiqlovchi mana bu javobni eshitdim: “oʻn bir yillikdan toʻqqiz yillikka oʻtayotganimizda, ura-urachilik bilan oldingi oʻquv dasturi va rejalarini yangi dasturlarga sigʻdirish uchun shunday qilganmiz, bunday muammolar boshqa fanlarda ham bor”.

Boshqa bir misol: kollejda oʻqishni boshlagan bola matematika boʻyicha muayyan vazifaning yechimini bilmagan, chunki unga oid qoidalar maktab darsliklariga kiritilmay qolib ketgan. Taʼlim bosqichlariaro shu kabi nomuvofiqliklar qancha boʻlganini Yaratgandan oʻzgasi bilmasa kerak. Ammo oqibati-chi? Umuman, darsliklarning sifati, ularni tayyorlash jarayoni oʻziga xos “mafiya”ga aylanib ketganini hozir birov tan oladi, birov tan olmaydi.

Bola tashqi axborotni eng koʻp qabul qiladigan, shaxs sifatida shakllanadigan davr ikki yoshdan olti yoshgacha ekani barchaga maʼlum. Gʻirt oʻzbekcha aytganda esa bolalikda oʻrgangani — toshga yozilgani. Demak, taʼlim tizimining negizi, bu — maktabgacha taʼlimdir.

1991-yili 10134 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatgan. Yillar davomida ularning 5218 tasi (51,5%) yopilib ketgan. 2016-yilga kelib bor-yoʻgʻi 4916 tasi (48,5%) qolgan. Shunga yarasha mazkur muassasalarga qamrab olingan bolalar soni 1378039 nafardan 668497 nafargacha, yaʼni ikki barobar kamayib ketgan.

Binolarning ahvoli, tizimdagi turli bemaʼniliklar xususida aytmasa ham boʻladi. Bogʻcha opalar, umuman, taʼlim tizimidagi tarbiyachi, oʻqituvchilarning daromadi past boʻlib kelgani-chi? Agar aynan shu tizim har qanday zamonaviy davlat va millat taqdirini yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilib berishidan kelib chiqilsa, orzu-havas, yaxshi yashash ilinjida boshqalardan hech kam joyi yoʻq tarbiyachi, oʻqituvchilarni “tilanchi” qilib qoʻygan oʻzimiz emasmi?

Yildan-yilga avj olib kelgan, bugun yoʻqotish oson kechmayotgan poraxoʻrlik, tanish-bilishchilikning ildizi mana shunday muhit nafasini olgan, unda “koʻzi pishgan, suyagi qotgan” tarbiyalanuvchi, bitiruvchilarning ulkan avlodini yetishtirib kelganimiz bilan ham bogʻliq emasmikan?

Davlatchiligimiz tarixida odamlarni bekorga ishlatish azaldan boʻlgan. Soliqning “bekor” turi ham shu “anʼana” bilan bogʻliqdir. Toʻgʻri, xavfsizlikni taʼminlash, masalan, qalʼalar, devorlarni tiklash, taʼmirlash, shuningdek, suv chiqarish uchun katta ariqlar qazish ishlari el-yurtning oʻziga ham foyda keltirgan. Biroq boshqa holatlarda rosa suiisteʼmolliklar boʻlgani, “qora” xalq chindan ham bekorga ezilgani bor gap. Mustamlaka davri-ku tushunarli, lekin ushbu odat tarki keyin ham amrimahol boʻlib qolaverdi.

Bir yillik umrining yarmidan koʻpi darsda emas, dalada oʻtgan maktab oʻquvchisi qanday qilib buyuk kelajak quruvchisi boʻlishi mumkin edi?

Katta-kichikka yaxshi maʼlum boʻlgan sinov tizimidagi mashmashalar toʻgʻrisida gapirmay qoʻya qolaylik. Oliy oʻquv yurtiga kirgan talaba haqida “bilimi emas, tanishi kuchli ekan yoki pulini bergan-da”, xulosasi oddiy gapga aylanib qolgan edi. Yaʼni mavjud sharoitda bilim, isteʼdodning zarracha ham ahamiyatiyu qadri qolmagandi.

Milliy iqtisodiyotimiz endigina oyoqqa turayotganiga qaramay, yaxshi niyatlar bilan tuzilgan “Umid” jamgʻarmasi yoʻllanmasi bilan chetda oʻqib, zamonaviy bilim olib kelgan yoshlarimizning qanchasi oʻz yurtida munosib ish topolmaganini bugun koʻpchilik bilmaydi.

Bu haqda birinchi rahbarga yetkazmoqchi boʻlinganida turli qarshiliklar, oʻyinlar bizdan boshqalarning ham esidan chiqmaganiga umid qilamiz. Oʻshanda bunday holatlar haqida hech kim gʻing demagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz! Erkingina emasmiz, sohani oʻnglash, uni sifat tomon yoʻnaltirish imkoniga egamiz.

Chunonchi, Prezidentimiz qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. 2021-yilga borib yangi bogʻchalar ochish, davlat-xususiy sheriklik asosida hamda chekka hududlar uchun dolzarb boʻlgan maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini tashkil etish hisobiga ulardagi oʻrinlar soni 56,8 foizgacha, yaʼni 2016-yildagiga qaraganda ikki marta koʻpaytiriladi.

2030-yilda esa bu raqamni 132,3 foizga yetkazish kutilmoqda. 2018-yili maktabgacha taʼlim muassasalarining soni 7104 taga yetgani, yaʼni ikki yilda bir yarim barobar koʻpaygani, maktabga tayyorlov guruhlarida bolalar soni 2019-yilning birinchi yarmiga kelib toʻrt karra oshgani, bundan buyon bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning aniq reja va muddatlari, moliyaviy manbalari borligi qoʻyilgan vazifani uddalash mumkinligini isbotlamoqda.

Agar maktabgacha taʼlim tizimi oldiga qoʻyilayotgan yangi talablar oʻz-oʻzidan umummilliy taʼlim tizimining keyingi bosqichlarini ham boshqacha ishlashga majbur etishi koʻzda tutilsa, bu borada boshlangan jarayonning kelajagi va butunlay boshqacha sifat darajasini tasavvur qilish qiyinmas, deb oʻylaymiz.

Bakalavriatga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar oliy oʻquv yurti emas, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari, uchtagacha oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish imkonining tugʻilgani, sinovlarning bir kun, aniqrogʻi, yarim kunda emas, iyul-avgust oylarida xotirjamlikda oʻtkazilishi, sinov boʻyicha shaxsiy natijani ikki-uch hafta keyin emas, ertasigayoq, talabalikka qabul qilingan-qilinmaganini esa hafta oʻtib Davlat test markazining rasmiy veb-saytidan bilib olish mumkinligi singari yangiliklar kechagina tasavvurimizga ham sigʻmaganini urgʻulab oʻtgan boʻlardik. 

Ammo fuqarolarning taʼlim, xususan, oliy taʼlim olishdek konstitutsiyaviy huquqini amalda taʼminlash bilan bogʻliq bir oʻzgarish yuz berdiki, uning ahamiyati birgina shu masaladagina emas, balki jamiyatimizda adolatni qaror toptirish, chunonchi, oliy sudlovga ishonchni mustahkamlashga katta hissa qoʻshdi. U ham boʻlsa, Davlat test markazi xulosasidan norozi va oʻz bilimiga ishonchi komil ayrim yoshlarimizning sudda oʻz haqini talab qila olishidir. Albatta, ushbu holatda davlatimiz rahbarining qatʼiy saʼy-harakatlari bilan sud-huquq tizimida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarning katta taʼsiri bor. Shu bilan birga, ertamiz egalari boʻlmish yosh avlodning mana shunday munosabatlar muhitida yashashi, oʻzi uchun kurashishi va haq boʻlsa, adolatga erishishning ahamiyati va kelgusi samarasini tushunish qiyinchilik tugʻdirmaydi, deb oʻylaymiz.

Soʻnggi yillarda tarbiyachi, oʻqituvchi, olimlarni moddiy ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼlim va ilm-fan tizimlarining davlat va jamiyat hayotidagi oʻrnini yuksaltirish yoʻlida boshlangan davlat siyosatining alohida jihatidir. Ularning oylik maoshlari 2019-yilga kelib 2016-yildagiga nisbatan 3 barobardan ziyod oshirildi.

Bundan buyon ham bu boradagi ragʻbatlantirish bosqichma-bosqich davom ettirilishini hisobga olsak, oʻqituvchi, olim boʻlaman, deganlarning safi yanada kengayishi, oʻtgan yillardagi kemtiklarning oʻrnini toʻldirish, mazkur sohada raqobat muhitining paydo boʻlishi, bu esa oʻz oʻrnida, ulardagi sifat darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq.

Majburiy mehnat, eng avvalo, eʼtibor bering, davlat rahbari tomonidan qoralandi, shundan kelib chiqqan holda, tashkiliy-huquqiy choralar koʻrildi, mazkur illatni tag-tomiri bilan qirqib tashlash uchun jamoatchilikning oʻzi safarbar etildi.

Taʼlim-ku yutqazdi, paxtachilik-chi?

Taʼlim tizimi dehqonchilik sohasi, xususan, paxtachilikka bogʻlab kelinganining ayanchli oqibatlarini aytib oʻtdik. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: bundan taʼlim tizimi yutqazishga yutqazibdi, ammo paxtachilik naf koʻrdimi?

Mustamlaka davridagi talabalik, ilmiy xodimlik kezlarimizda biz ham paxtaga chiqqanmiz. Mantiqqa qarshi holatlar oʻsha paytlardayoq hayronlik uygʻotgandi. Mustaqillik yillarida kolxozlar, avval, jamoa xoʻjaliklari, soʻng yana nimalargadir, oxiri fermer xoʻjaliklariga oʻzgartirildi. Ammo davlat siyosati mohiyat eʼtibori bilan oʻzgarmadi, desak adashmaymiz.

Ilk pallalarda bunday ahvolni oqlovchi bir asos bor edi: bolsheviklarning xususiy mulkchilikni ildizi bilan qoʻporib tashlash, kolxozlashtirish siyosatining fojiaviy oqibati oʻlaroq, birgina bizda emas, mazkur rejimni boshdan kechirgan barcha oʻlka va xalqlarda asrlar davomida shakllanib, shaxsiy manfaatdorlik va bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarida rivojlanib kelgan dehqonchilik madaniyati yoʻqqa chiqarildi. Oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillarida bizda yangicha sharoitda ishlashga qodir dehqonlar sinfining oʻzi yoʻq edi. Ularni yangidan yetishtirish lozim edi. Biz esa teskarisini qildik. Oqibati nima boʻldi?

Masalan, 2012-yili, yaʼni mustaqillikka erishganimizdan yigirma yil oʻtgach, oʻrtacha hosildorlik 26,5 sentnerga teng boʻlgan. Mazkur koʻrsatkichni har yili paxtachilikka davlat xazinasi, fermerlar hisobidan yoʻnaltiriladigan ulkan moddiy xarajat, sakkiz-toʻqqiz oylik ogʻir mehnat, paxta terimiga safarbar etiladigan ikki-ikki yarim million kishi zahmatiga solishtirsak, koʻrilgan zarar va yoʻqotilgan vaqtning ahamiyati yaqqol koʻrinadi-qoladi.

Holbuki, 1999-yili joylari jannatda boʻlgur Islom aka bilan birga Isroilga borganimizda, tomchilatib sugʻorish, innovatsiyalarga asoslangan tarzda parvarishlangan, eng muhimi, shaxsiy manfaatdorlik negizida ish yurituvchi xoʻjalik gektaridan 70 sentner hosil olganining guvohi ham boʻlganmiz, rosa ajablanganmiz ham. Qizigʻi, mazkur xoʻjalikning boshliqlaridan biri Samarqanddan koʻchib ketgan fan doktori, adashmasam, Pinxasov degan yurtdoshimiz edi.

Mana shu dalil-isbotning oʻzi paxtachilik, umuman, dehqonchilik sohasidagi qoloqligimiz omillariga oʻziga xos javob boʻlishiga qattiq ishonamiz. Ammo bu haqda u paytlar birov gʻing demasdi, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz!

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlagan va dadil siyosati tufayli dehqonchilikdagi juda katta imkoniyatimizni zamonaviy ravishda yuzaga chiqarishning oqilona yoʻliga tushib oldik. Bu borada oʻtgan qisqa muddatda zarur choralar koʻrilgani, chunonchi, eshovidan tushovi qimmat, unumdorligi past yerlarga chigit qadamaslik, dehqonchilikning bozorbop, foydasi yuqori yoʻnalishlarini rivojlantirish, mahsulotlarni qayta ishlashga zoʻr berish, zamonaviy texnikalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va dehqonlarga yetkazib berish, shaxsiy manfaatdorlikni oshirishga katta eʼtibor berilayotgani yaxshi maʼlum.

Ammo eng asosiy oʻzgarish mamlakat boʻyicha 76 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilib, ularga qariyb 62 foiz paxta maydoni biriktirib berilganidir. Ushbu yangilik paxtachilik, umuman, dehqonchiligimizning yaqin kelajagiga bemalol koʻz tashlash imkonini beradi, deb qattiq ishonamiz. Yaʼni koʻp ham oʻtmay har bir oʻzbek dehqoni xususiy mulk, shaxsiy manfaatdorlik, zamonaviy mehnat madaniyati, bozor qoidalari negizida oʻz aravasini oʻzi tortadigan boʻladi. Davlat esa xuddi ilgʻor mamlakatlarda boʻlayotgani kabi ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oqilona siyosat yuritadi, xolos.

Bir yilda emas, 45 daqiqada

Bir yuz yigirma olti yillik mustamlaka tuzumini boshdan kechirgan millatning davlat mustaqilligini tiklaganidan besh-olti yil oʻtar-oʻtmas oʻz avtomobil korxonasini yaratgani, chindan ham, ulugʻ voqea, katta sifat oʻzgarishi boʻlgandi.

Lekin vaqt oʻtgani sayin mazkur yutuqdan milliy iqtisodiyotimiz va turdosh sohalarni ildamlashtirish yoʻlida foydalanish oʻrniga, mamlakat roʻzgʻori va odamlarimiz kundalik ehtiyojini unga ipsiz bogʻlab qoʻydik.

Eskidan monopol boʻlib kelgan elektr, gaz, isitish tarmoqlari yoniga yana bittasi qoʻshildi. Eng yomoni, eksportimiz, aniqrogʻi, milliy iqtisodiyotimizning muhim bir boʻgʻinini, asosan, bir mamlakatga qaram qilib qoʻydik. Yurt ichkarisida sunʼiy ravishda yaratilgan yetishmovchilik va u bilan bogʻliq turli suiisteʼmolliklar muhiti sharoitida odamlarimizni shu darajada xudbinlashtirib yubordikki, ular qachon avtomobillarimiz Rossiyadan qaytar ekan, deb kutib yuradigan boʻlib qoldilar.

Koʻpchilikning niyati “ijobat” boʻlgan kezlar hali ham koʻz oʻngimizda: kamchilik tanish-bilish, koʻpchilik pora evaziga shartnomali boʻlar, oʻshanda ham bir yil keyin oladiganiga oldindan pulini toʻlaganiga quvonchi ichiga sigʻmay, keyinchalik narxi oshmasin-da, degan xavotirda kun sanardi. Eng kulgilisi, aslida achinarlisi, oʻzimizda ishlab chiqarilgan milliy avtomobilni xorijiy valyuta — dollarga sotib olishga toʻgʻri kelardi: goʻyoki oʻz istagimiz bilan dollarni avtodoʻkon biqinidagi bank boʻlimiga davlat bahosida topshirib, oʻz soʻmimizni xarid qilardik va bu haqda bir bet maʼlumotni topshirmaguncha koʻnglimiz tinchimasdi. Bir soʻz bilan aytganda, davlat miqyosida oʻzimizni oʻzimiz aldardik. Ammo bu haqda u paytlar birov gʻing demasdi, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz!

2016-yildan boshlab soha faoliyatini qonun, adolat va bozor iqtisodi tamoyillari asosida tashkil etishga qatʼiy kirishildi. Natijalar ham ayon: ishlab chiqarish 2016-yildagi 88,1 ming donadan 2018-yili 220 ming donagacha yetkazildi (oʻtayotgan yil rejasi — 250 ming dona, yaʼni 2,8 barobar koʻp).

Chetdan qaragan kishi uchun qanchalik ajablanarli tuyulmasin, nihoyat, oʻz avtomobilimizni bir yil muddatda emas, qirq besh daqiqada, eng muhimi, oʻz soʻmimizga xarid qilish “baxti”ga erishdik. Koʻrilgan tashkiliy, iqtisodiy choralar tufayli avtomobillar ishlab chiqarish tannarxi 10 — 16 foizga tushirildi.

Nimanidir — xoh naqd, xoh naqdsiz koʻrinishda boʻlsin, milliy pulimizga bemalol sotish-sotib olish imkonini yaratish, bunga odamlarni ishontirish soʻz ketayotgan tarmoqda ham yuz bergani bugun yaxshi maʼlum.

«Oq» va «qora»

Milliy pulimizni xorijiy valyutalarga ayirboshlashning kechagi holati bugun hangomadek tuyuladi. Hech yodimdan chiqmaydi: 1994-yili yozda chet el ilmiy safariga otlanar ekanman, aeroport binosidagi boʻlimda bir dollar oʻn bir soʻmu necha tiyin ham edi. Oylar, yillar oʻtgani sayin oradagi farq yuzlab barobarga yetdi.

Ushbu holatning asosli va asossiz sabablari boʻlganiga ishonchim komil. Qolaversa, bu borada dunyoda, masalan, Turkiyada XX asr oxirlaridagi holatdan yaxshi xabardormiz (mazkur davlatning milliy puli 1966-yilgi 1 dollarga 9 lira koʻrsatkichidan 2001-yili 1 dollarga 1650000 lira koʻrsatkichigacha qadrsizlangan).

Ammo gap bunda emas, balki uzoq yillar davomida milliy pulimizning qadri ikki xil boʻlib kelganidadir: biri — rasmiy, ikkinchisi — haqiqiy. Mana shu haqiqiysi, yaʼni haqqoniysi nimagadir “qora bozor” tamgʻasini oldi. Rasmiy, yaʼni “oqi”da roʻy bergan qanchadan-qancha qora ishlarni aytmay qoʻya qolaylik.

Davlat hatto bir hovuch pistaning narxini tartibga solishga ham kuchsiz boʻlib qolgandi. Narxni “qora” bozor orqali pistachi belgilardi. Xalqaro tadbirlar paytida haqqoniy bozordagi koʻrsatkichni bir qadar tushirtirib, soʻng yana “qoʻyib yuborish”dek koʻpdan-koʻp holatlar esa “oq va qora” bozor taxtasidagi donalar aslida bir qoʻl bilan surilishini barchaga bildirib qoʻygandi.

Oʻshanda ham yuqoridagi holatlar haqida hech kim gʻing demagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin, faqat tarixiy xotira sifatida. Chunki 2017-yil kuzida, Prezidentimizning qatʼiyati bilan muammo uzil-kesil hal qilindi: milliy pulimiz dunyoning yetakchi pullariga nisbatan oʻzining birdan-bir haqqoniy va bozor bahosiga ega, barchaga barobar boʻldi.

Qoozda bor, ammo...

Oʻn besh yillar boʻldi-yov, har yili 1 milliondan ishchi oʻrni yaratila boshlandi. Bu oʻn yilda 10 million yangi ish oʻrni paydo boʻldi, deganidir. Vaholonki, 2019-yildagi haqqoniy holatga koʻra, iqtisodiyotda rasman band boʻlganlar soni endigina 5,6 millionga yetdi. Bu oʻsha paytlardagi koʻrsatkichlarga toʻgʻri kelmaydi. Xoʻsh, agar amalda har yili 1 million ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, bugunga kelib ikki-uch million yurtdoshimiz chet ellarda nima qilib yuribdi, degan mantiqiy savol tugʻiladi.

Joylarda elektr, gaz, suv yoʻq, taqchil, banklardan aylanma mablagʻ olish imkoni haligidek sharoitda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish korxonalari faoliyat yuritishi, daromad topishi, ishchi, xodimlarga oylik berishi amalda hech qanaqasiga mumkin emasligi, demak, million-million yangi ish oʻrinlari ogʻizda boʻlgani haqiqatdir. Ushbu sharoitda odamlar ogʻzida davlatimiz uchun uyatli boʻlgan gap-soʻzlar paydo boʻlganini eslash shaxsan bizga endi ham ogʻir kechadi. Xususan, sovet davrida chiroq oʻchmasdi, xitoblari milliy istiqlol gʻoyasiga kishi bilmas putur yetkaza boshlagandi. Ammo oʻshanda shular haqida birov gʻing deyolganmi? Yoʻq, deyolmagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz! Erkingina emas, haqiqiy ahvol roʻy-rost aytilib, choralari ham koʻrilmoqda.

Oxirgi uch yilda 1,7 milliard dollar sarflanib, 1420 megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi, qoʻshimcha 9,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoni paydo boʻldi.

Sohaga yangi texnologiyalar olib kirish evaziga sarf-xarajatlar kamayib, salkam 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejab qolindi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish 2019-yilga kelib 64,9 milliard kilovatt/soatga, aholi isteʼmoli 13,5 milliard kilovatt/soatga yetdi, bu esa 2015-yildagiga nisbatan 2,4 milliard kilovatt/soatga yoki 21,8 foiz koʻp deganidir. 18,2 ming km. elektr tarmoqlari va 4,8 mingta transformator manzillari qaytadan tiklanishi natijasida 7,5 mingdan ortiq mahallalarda elektr taʼminoti tubdan yaxshilandi.

Eng muhimi, 2030-yilgacha quvvati 5000 megavattga teng quyosh, 1700 megavattdan iborat shamol va 1920 megavattni tashkil etuvchi yangi gidroelektr stansiyalarini, asosan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar hisobidan qurish belgilab olindi. Natijada ushbu turdagi manbalarning elektr quvvati ishlab chiqarishdagi ulushi 25 foizga yetkaziladi va shu tariqa oʻrtacha 7,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejab qolinadi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning ertangi kuni haqida bugun qaygʻurilmoqda.

Qurgandan qoʻrqmaylik!

Hech eʼtibor berganmisiz, eski shaharlarimizdagi uylarning aksariyati katalakdek-katalakdek. Tangadek quyosh tushmaydigan hovlilar qancha?! Ulardagi sharoit-chi? Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish munosabati bilan viloyatlardagina emas, poytaxt mahallalaridagi ayanchli manzaralarga koʻz tushganda, odamlarimiz qanday ogʻir sharoitda yashab kelayotganlaridan yurak ezilib ketadi.

Biroq ular haqida ilgari ham bilganmiz. Ammo gʻing deyolmaganmiz. Bugun-chi? Bugun erkinmiz-ku? Nega ular haqida bong urmaymiz? Agar davlatimiz rahbari shu ishga qoʻl urmaganida, umuman, meʼmorchilik-qurilish sohasini tubdan qayta tashkil etish vazifasini qoʻymaganida ahvol hali-beri oʻzgarmasligi turgan gap edi.

“Obod qishloq” dasturi boʻyicha 2019-yili bajariladigan ishlarga diqqatni qaratsak: 159 ta tumanda, 1,6 milliondan ortiq aholi yashaydigan 478 ta qishloqda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 4,8 trillion soʻm sarflanib, umumiy uzunligi 5 476 km.dan iborat mintaqaviy yoʻllar (ichki koʻchalar) taʼmirlanadi, tiklanadi.

36 mingdan ortiq hamda umumiy uzunligi 2 458 km. boʻlgan tungi koʻcha yoritish hamda 21 ta aloqa tizimi yaxshilanadi, 556 ta avtobekat quriladi, 189 ta zamonaviy avtobus sotib olinadi. Ichimlik suv taʼminoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 219 km. yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshooti quriladi, 729 km. tarmoqlar hamda 163 ta suv inshooti tiklanadi.

361 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobidan elektr va gaz taʼminoti tizimi yaxshilanadi, 214,2 mingta yakka tartibdagi, 182 ta koʻp xonadonli uy-joy taʼmirlanadi, 378 ta koʻp xonadonli uy-joy hududlari obodonlashtiriladi. 280 ta maktabgacha taʼlim, 510 ta maktab, 237 ta sogʻliqni saqlash hamda 439 ta boshqa ijtimoiy soha obyekti quriladi va taʼmirlanadi. 2 532 ta bozor infratuzilmasi obyekti, 296 km. irrigatsiya va 1 538 km. melioratsiya obyekti quriladi va taʼmirlanadi, 584 km. irrigatsiya obyektlari tozalanadi.

Xoʻsh, bularning nimasi yomon?

Albatta, yaxshi! Tilga olingan 1,6 million aholi oʻzimizning qora koʻzlarmi, davlatimiz mustaqil boʻlgach, ular “itining ham tuvagi oltin”dan boʻlishi kerakmidi yoki ular hisobda yoʻqmidi?

Shu maʼnoda, soʻnggi uch yil ichida nafaqat poytaxtda, balki yurtimizning har bir shahar va qishloida avj olayotgan qurilish, obodonlashtirish jarayonining ahamiyatini “siti”chilik bilan cheklab, toraytirish, aslida yerga urish qanchalar adolatli?

Qurgandan, yaratgandan qoʻrqmaslik lozim. Yaratuvchanlik fazilatdir. Buzgʻunchilikdan asrasin. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, nomi siti boʻladimi yoki boshqachami, gap faqat ish markazlari haqida emas, balki uy-joy majmualari va ularda yashaydiganlarga koʻrsatiladigan xizmat obyektlari toʻgʻrisidadir.

Uchinchidan, qurilish har qanday iqtisodiyotni ildamlashtiruvchi oʻziga xos kuchdir: yangi ish oʻrinlari, qurilish ashyolari, asbob-uskunalarini ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, yuridik va jismoniy shaxslar uchun daromad, davlat xazinasiga qoʻshimcha tushadigan va el-yurt manfaatiga ishlatiladigan soliqlar — moliyaviy manba.

Toʻrtinchidan, xizmat koʻrsatish tizimi rivojlanadi.

Beshinchidan, tegishli yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlash — taʼlim, kasb-hunar tizimi rivojlanadi, takomillashadi.

Oltinchidan, meʼmorchilik, qurilish mahorati yuksaladi.

Yettinchidan, pul-qarz munosabatlari jonlanadi, kengayadi.

Nihoyat, sakkizinchidan, yurtdoshlarimiz zamonaviy uy-joyli boʻladilar. Eng taraqqiy topgan mamlakatlardagi kabi chiroyli koʻchalar, shinam qahvaxonalar, jozibali doʻkonlar, sifatli xizmat koʻrsatadigan boshqa tarmoqlar mavjud zamonaviy mavzelarda yashaydilar.

Bunday mavzelar poytaxtdagina emas, birin-ketin barcha shahar va qishloqlarimizda qad koʻtarishining ahamiyatini tushunish shunchalar qiyinmi? Axir, ularning ham shunday sharoitda yashashga, ishlashga haqi bor-ku! Shunday sharoitga ega boʻlgan kim ham kindik qoni toʻkilgan joy, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnisini tashlab, viloyat, mamlakat markaziga intiladi? Shu tariqa, vaqt-soati kelib, bizga mutlaqo yarashmaydigan “propiska” muammosidan qutulishimiz ayon-ku!

Bu dunyoda oʻzi nima tekin?

Toʻgʻri, bu uylar tekin emas. Bu dunyoda oʻzi nima tekin? Faqat — boʻyinturuq. Undan qutulganimizga hademay oʻttiz yil boʻladi. Yurtdoshlarimiz emin-erkin, boy-badavlat, baxtli-saodatli yashashga haqlidirlar.

Shu oʻrinda, boʻlgan-boʻlmagani aniq emas, ammo ibratli bir voqea esga tushadi. Bolsheviklar Sankt-Peterburgda inqilob yasab yurgan 1917-yili, yakkahukmdorlik — podsholik tuzumini milliy taraqqiyotning zavoli deb bilib, unga qarshi bosh koʻtargan yosh kazo-kazolarga aloqador ayol “Nima toʻpolon, bilib kel-chi?”, deya oqsochini koʻchaga chiqargan ekan. U qaytib kelib, “Tuzumni oʻzgartirmoqchi emishlar, yoʻqolsin boylar, deya jar solishmoqda”, xabarini yetkazganida, “Bizning bobolar, yoʻqolsin qashshoqlar, deya boshlarini kundaga qoʻygandilar-ku”, degan ekan.

Metropoliyada hokimiyat bolsheviklar qoʻliga oʻtishi biz singari mustamlaka xalqlardan tashqari, ruslarning oʻzi uchun ham dard ustiga chipqon boʻlgani tarixiy haqiqatdir. Yetmish toʻrt yil umumqashshoqlik hukmronlik qildi. Davlat mustaqilligini tiklaganimizdan soʻng mazkur qarashning taʼsiri vaqti-vaqti bilan boʻy koʻrsatib turganidan ham yaxshi xabardormiz. Oqibati nima boʻldi?

Kimdir chetga chiqib, boyligini ham oʻzi bilan olib ketdi, kimdir boyligini yashirib, yaxshi zamonlarni kutib, imi-jimida yurdi. Ishbilarmonlik, uning ortidan iqtisodiyot ortga chekindi. Qurish-qurilish sustlashdi, toʻxtadi. Ish oʻrinlari qisqardi, yangilari yaratilmadi, shaxsiy daromad manbalari kamaydi, millionlab yurtdoshlarimiz qashshoqlikdan qochib, daromad izlab oʻzga yurtlarga joʻnashga majbur boʻldilar. Oʻshanda ham bu haqda hech kim gʻing demagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz!

Besh barmoq barobar emas. Barcha ham boy boʻlolmaydi. Oʻz aravasini oʻzi tortishga qodir oʻrta sinfni kengaytirish har qanday zamonaviy jamiyatning asosiy maqsadidir. Davlat va jamiyat qoʻlloviga muhtoj qatlam esa har bir mamlakatda bor.

Prezidentimiz tashabbusi bilan arzon uylarning qurilishi aynan ularning ehtiyojini qondirishga yoʻnaltirilganini koʻrib-koʻrmaslik, bilib-bilmaslikka olishni oqlab boʻladimi?

2017-2018-yillarda shaharlarda uy-joyga muhtoj boʻlgan fuqarolar uchun 24 688 ta xonadondan iborat 598 ta koʻp qavatli uy-joy qurilib, oʻz egalariga topshirildi. 2019-yilda esa 17 667 ta xonadondan iborat 403 ta koʻp qavatli uy-joy qurilmoqda. Qishloq joylarda yangilangan namunaviy uy-joylar qurilishi dasturlariga binoan 2009 — 2016-yillarda, yaʼni sakkiz yilda 69 557 ta uy-joy qurilgan boʻlsa, 2017-2018-yillarda, yaʼni bor-yoʻgʻi ikki yilda 54 010 ta uy-joy barpo etildi.

Qurilishlar yuqori sifatda boʻlishini barcha istaydi. Nima ham derdik, sifatsizlik bu bizning boshqa sohalarga ham tegishli umumiy kasalimizdir. Uning ildizi xususiy mulkchilik va shaxsiy manfaatdorlik yoʻq qilingan qashshoqlar tuzumiga taqalishi yaxshi maʼlum. Davlat va jamiyat turmushining yopiqligi, raqobat, soʻz erkinligining yoʻqligi har sohada sifatga putur yetkazishini mustaqil taraqqiyotimiz davrida ham boshimizdan oʻtkazdik.

Yuqorida urgʻu berilganidek, paxtani deb taʼlim, kasb-hunar tizimimizni oʻldirdik. Shuning uchun ham qaysi sohani olmaylik, sifat borasida oqsadik. Oʻz uy-joylarimiz sifatiga iloji boricha qattiq turdik, umumnikiga kelganda esa mustamlaka zamonidagi kabi ish tutdik. U davrdagisini oqlash mumkindir — davlat bizniki emas, birovniki edi. Biroq davlat oʻzimizniki boʻlgandan keyin ham shunday yaramas odat davom etayotganining sababi nimada?

Odamlarning davlatga ishonchi yoʻqolib borganida, haq soʻzni aytish, umuman, soʻz erkinligining boʻlmaganida emasmi?! Shuning uchun oʻshanda ham sifat haqida hech kim gʻing demagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki bugun erkinmiz!

Eng muhimi, menga son emas, sifat kerak, deb davlat rahbarining oʻzi aytib turibdi. Jamiyatdagi nuqsonlarni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimiz oqizmay-tomizmay aytib turibdilar. Yaʼni bu endi qahramonlik emas, oddiy holatdir, xolos.

Yoliz otning changi chiqmas...

Oʻzbekistonimizning kelajagi faqat ichki turish-turmushimizning emas, tashqi aloqalarimizning sifat darajasiga ham bogʻliq. Ota-bobolarimizdan qolgan hikmat bor: “yolgʻiz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dongʻi chiqmas”.

Toʻgʻri, Oʻzbekiston ming yillar davomida barcha jihatlardan mintaqaning yuragi boʻlib kelgan. Besh-olti yil burun qozogʻistonlik bir tahlilchi: “Markaziy Osiyo, jumladan, Qozogʻiston mustaqil boʻlgach, savdo-sotiq va ishbilarmonlikda uddaburon oʻzbeklar mintaqa va mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchilikni qoʻlga oladilar, degan xavotirga borgan edim”, degani mazkur tarixiy haqiqatning oʻziga xos tasdigʻidir, deb oʻylaymiz.

Biroq bunday boʻlmadi. 2016-yilga qadar bir devor qoʻshnilarimiz, bozorimiz ham, mozorimiz ham bir qardoshlarimiz bilan munosabatlarimizning qanday boʻlganligi barchamizga yaxshi maʼlum. Ilk pallalarning algʻov-dalgʻovlari sabab oʻzaro aloqalarimizda tugʻilgan taranglik, turli cheklovlarni oqlaydigan asoslar boʻlganiga shubha qilmaymiz.

Biroq vaqt oʻtib, loyqa suvlar tinib borgani sayin ular susayishi, butunlay yoʻqolishi lozim edi. Aksincha, biz oʻylaganimizdek, naf chiqmasligi oldindan maʼlum ayrim masalalar yuzasidan ochiqdan-ochiq doʻq-poʻpisalargacha bordik. Bundan hech kim yutmagani, besh qardoshning inoq yashab, birgalikda rivojlanishidan manfaatdor boʻlmaganlar suyungani, beshbirodar xalq u yoki bu darajada aziyat chekkani, mintaqaviy va milliy iqtisodiyotlar, mintaqaviy xavfsizlik zarar koʻrganini isbotlashga hojat yoʻq. Oʻshanda ham bu haqda hech kim gʻing demagan, deyolmasdi ham. Bugun esa mumkin. Chunki biz erkinmiz!

AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jon Bolton “Biz Oʻzbekistondagi islohotlar va ularning butun Markaziy Osiyoga ijobiy taʼsirini qutlaymiz” deya tan oldi. Mazkur xolis, ziyrak va asosli baho shunchaki berilmagani, shubhasiz. AQSHdek yirik davlat boshligʻining xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi nima deganini oʻzi yaxshi biladi.

Lavozimga kirishganidan yarim yil oʻtmay, Prezidentimizni Vashingtonga taklif qilgan AQSh yetakchisi Donald Trampning “Shavkat Mirziyoyev ham oʻz yurtida, ham butun dunyoda hurmat qozongan inson”, deya eʼtirof etgani bejiz emas, albatta. Negaki, 2016-yil kuzida Oʻzbekistonda boshlangan zamonaviy islohotlar uzoq yillar eskicha siyosiy qarashlar doirasida yashab kelayotgan butun mintaqaga ham taʼsir koʻrsatayotganidan hech kim koʻz yumolmaydi.

Oʻtgan uch yil XXI asr sharoitida mintaqa yuragi keng boʻlishi, oqillik bilan boshqarilishi lozimligi sharti har jihatdan unumli ekanini tasdiqladi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo xalqlari va siyosiy doiralarini birlashtirdi, desak, oshirib yubormagan boʻlamiz. Chegaralar ochildi, toʻsiqlar olib tashlandi, oʻzaro bordi-keldilar tiklandi, savdo-sotiq azaliy iziga tushib ketdi. Mintaqa tarixiy bozoridagi oʻrnimizni tiklay boshladik. Yurtimiz xavfsizligi darajasi ilgarigidan necha chandon mustahkamlandi. Zero, aynan qoʻshnilarimiz bizning birinchi va doimiy xavfsizlik kamarimizdir.

Oʻz xalqi turmushini sifat jihatidan oʻzgartirishga chogʻlangan, mintaqadagi vaziyatni keskinlikdan chiqara olgan, xalqaro siyosatdagi eng chigal masalalardan biri — afgʻon muammosini tinchlik yoʻli bilan hal etish borasida qatʼiy pozitsiyaga ega shaxs bilan har kim hamkorlik qilgisi keladi. Oʻtgan uch yil ichida MDH, Gʻarb va Sharqning barcha yetakchi davlat, mintaqalari bilan izchil aloqalarning yoʻlga qoʻyilishida mazkur fazilatning oʻrni tengsiz, deb bilamiz. Eng muhimi, tashriflar, uchrashuvlar zamirida xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash, yigʻilib qolgan koʻpdan-koʻp ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tashqi imkonlardan foydalangan holda ham bartaraf etish maqsadi borligini bilishimiz zarurdir.

Vaziyatga xolis va solom baho beraylik

Gapiramiz, yozamiz, desak, gap koʻp! Murod Muhammad Doʻstning ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan “Buyuk bir pufak shishib kelmoqda” nomli maqolasi va undagi quyidagi soʻzlar bu fikrlarimni yozishga turtki berdi:

Hamma biladi, avvaliga maktabu kollej qurib pul oʻirladik.

Buyuk shaharlarimiz va buyuk bobolarimizning nomlarini sotib, nechadir mingu yuz yilliklarini nishonlab pul oʻirladik.

ariblikda namuna boʻladigan sonsiz uylar qurib pul oʻirladik.

Endi navbat sitilarga keldi...”

Avvalgi holat haqida borini aytdik. Lekin bugun vaziyat butunlay oʻzgacha — davlat va jamiyat hayotining barcha yoʻnalishlari ochiq! Qancha oltin, chet el valyuta zaxiramiz bor, ular koʻpayayaptimi-kamayayaptimi, nega shunday boʻlyapti, iqtisodiyotimizning haqqoniy koʻrsatkichlari, bandlik darajasi, poraxoʻrlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, qoʻying-chi, jamoatchilik bilishi zarur boʻlgan barcha mavzu, masala, muammolar ijtimoiy tarmoqlardagina emas, rasmiy axborot vositalarida emin-erkin eʼlon, tanqid, muhokama qilinmoqda.

Yaqin-yaqingacha asosiy ishi rasmiy hujjatlarni tarqatish boʻlgan OʻzA minbaridan oʻz paytida ikki qarama-qarshi dunyoqarash va qatlam vakillari sanalmish Raʼno Abdullayeva va Karim Bahriyevga soʻz aytish imkoni berilishi yurtimizda atigi uch yilda yuz bergan keskin sifat oʻzgarishidan yorqin dalolat emasmi?

Yangi zamon va yangi bosqich yangi muammolarni tugʻdirishi tabiiy. Ularni ham koʻtarish, muhokama qilish kerak. Biroq ushbu jarayon aqlirasolik va adolat mezonlari asosida kechishi lozim. Aks holda, muddao samimiyligiga shubha tugʻiladi.

Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun esa, Oliy Majlis Senatining soʻnggi yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan mana bu, 2700-yil ichida davlat va jamiyat boshqaruvida qoʻllab kelingan, mustaqillik yillarida ham voz kechilmagan siyosatga berilgan tarixiy baho magʻzini chaqish foydadan xoli emas, deb ishonamiz: “biz ongli ravishda odamlarimizni ongsiz qilishga urinib keldik”. Davlat rahbari darajasida ilk bor ushbu haqiqatni ochiq aytish, boʻldi endi, bu yogʻiga boshqacha siyosat boʻladi, butunlay oʻzgacha dunyoqarash va bilim bilan yangicha tizimda yashaymiz, ishlaymiz, deganidir, albatta. Demak, boshqalar ham, ayniqsa, ayrim ziyolilar ongli ravishda xalqimizni ongsiz qilish odatidan voz kechishlari ham farz, ham qarzdir.

Azamat ZIYO.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?