Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning yoshlarga bayram tabrigi

14:23 30 Iyun 2020 Siyosat
220 0

Assalomu alaykum, aziz yoshlar!

Barchangizni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Bugun sizlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Zero, yoshlarning bandligi, uy-joy taʼminoti, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi, taʼlim olish va kasb oʻrganishga boʻlgan talabi davlatimizning doimiy diqqat markazidadir.

Prezidentimizning Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, yoshlarimizni jismoniy sogʻlom, maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun besh ijobiy tashabbus doirasida koʻplab stadionlar, suv havzalari, sport majmualari va saroylari barpo etilmoqda. Eng muhimi, farzandlarimiz oʻrtasida sport bilan muntazam shugʻullanadigan, sogʻlom turmush tarzini oʻz hayotiy maqsadiga aylantirgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda.

Albatta, bunga javoban oʻgʻil-qizlarimiz jonkuyarlik, vatanparvarlik va hamjihatlik tuygʻularni his qilgan holda turli tashabbuslarni ilgari surmoqda. 

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy baza yaratilgan. Bu borada bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Albatta, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning bugungi va ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Shu oʻrinda mahalliy Kengashlarda 262 nafar 30 yoshgacha boʻlgan deputatlar faoliyat olib borayotgani bizni behad quvontiradi.

Yana bir jihat, kadrlar siyosatida ham yoshlar omiliga alohida eʼtibor qaratilib, bilimli, tashabbuskor yoshlarimizga eng masʼuliyatli vazifalar ishonib topshirilmoqda. Yoshlar parlamenti shular jumlasidandir.

Kuni kecha Senatning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani ham mamlakatimizda yoshlar siyosatiga alohida ahamiyat qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Albatta, bu yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini taʼminlash imkonini beradi. Qolaversa, boʻlgʻusi Senat aʼzolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yoʻnaltirib borish kabi vazifalarni roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qisqa qilib aytganda, davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlarning ishtirokini taʼminlashga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, Yoshlar parlamenti oʻgʻil-qizlarimizning oʻz fikrlarini baralla aytishi uchun yuksak minbar boʻladi. Sababi, Yoshlar parlamentining har bir aʼzosi oʻzi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini oʻrganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar oʻrtasida muhokama qiladi, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoni, parlament nazorati bilan yaqindan tanishtirib boradi.

Qadrli yoshlar!

Barchangizni Yoshlar kuni va Yoshlar parlamenti aʼzoligiga saylanganingiz bilan yana bir bor samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Ilm oʻrganishdan, koʻzlagan maqsadlaringiz sari dadil qadam tashlashdan charchamang!

Tanzila NARBAYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?