“Mirziyoyev gapidan keyin yuqori rutbali IIV xodimlari uchastka noziriga aylanmoqda” nomli maqolaga rasmiy munosabat bildirildi

16:44 12 Mart 2019 Jamiyat
3712 0

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan “Mirziyoyev gapidan keyin yuqori rutbali IIV xodimlari uchastka noziriga aylanmoqda” nomli maqolaga rasmiy munosabat bildirildi.

Quyida u bilan tanishishingiz mumkin.

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Mirziyoyev gapidan keyin yuqori rutbali IIV xodimlari uchastka noziriga aylanmoqda” sarlavhasi bilan tarqatilgan maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi hamda Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqildi va qayd etilgan ushbu maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmadi.

Jumladan, maqolada “Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 10 yanvar kuni bergan ogʻzaki tavsiyasi asosida Ichki ishlar vazirligi xodimlarining 86 foizini quyi boʻgʻinga tushirish ishlari boshlandi”, - deb koʻrsatilgan. Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvar kuni oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlarini 86 foizini quyi boʻgʻinga tushirish toʻgʻrisida biror-bir topshiriq yoki tavsiya berilmagan.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5005-sonli Farmonida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarini isloh qilish koʻrsatilib, uning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va koʻlamini eʼtiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi boʻlinmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish belgilanganligini taʼkidlab oʻtish joiz. Mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 aprelda “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2896-sonli Qarori qabul qilinib, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarining respublika, oʻrta va quyi pogʻonalari faoliyatini sifat jihatdan yangi tartibini oʻrnatish borasidagi ishlar boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarning respublika va oʻrta pogʻona shtat birliklari tegishlicha qisqartirilib, quyi boʻgʻinga tushirish ishlari 2017 yilda oʻz yakuniga yetkazilgan.

Shuningdek, maqolada,“Ozodlik bilan 6 mart kuni suhbatlashgan va ismi efirda eʼlon qilinmasligini soʻragan IIB polkovnigining aytishicha, u hozirda Toshkent tumanlaridan biridagi oddiy inspektor lavozimiga tushirilgan”,- deb yozilgan. Bunga, hozirgi kunda ichki ishlar organlar tayanch punktlari profilaktika (katta) inspektori lavozimida xizmat olib borayotgan xodimlar orasida “polkovnik” unvonli xodim mavjud emasligini bildiramiz.

Maqolaning koʻp joyida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimi bilan suhbatlashilgani aytilgan. Biroq maqolada qayd etilgan maʼlumotlarni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining hech bir xodimi bermagan.

Maqolada PQ-4075-sonli qaror asosida “tepada akaxoni boʻlmagan zobitlar vazirlikdagi ishidan olinib, oddiy uchastka noziri vazifasiga tayinlangani shaxsiy tarkib oʻrtasida salbiy kayfiyat tugʻdirgan:

- Men vazirlik boshqarmasida tergovchi oʻlaroq samarali ishlab jinoyat qidiruv ishi bilan band edim. Ortimda hech kimim boʻlmaganligi bois aynan meni, yaʼni oliy maʼlumotli yurist va ofitserni Toshkentdagi tumanga uchastka noziri qilib yuborishdi. Mayli,borib oʻsha tuman kriminal ahvolini oʻzgartiray, jinoyatchilikni kamaytiray, desam meni oʻz kasbim bilan bogʻliq boʻlmagan ishlar bilan koʻmib tashlashdi, deydi oddiy uchastka nozir boʻlib ishlayotgan militsiya polkovnigi”, - deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4075-sonli Qarorining 7-bandi asosida profilaktika (katta) inspektorlari lavozimlari, qoida tariqasida, yurisprudensiya sohasida bilim va kasbiy malakaga ega shaxslar orasidan jamlanishi tartibi joriy etildi. Biroq, mazkur qaror chiqqanidan soʻng hozirgi kunga qadar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov Departamenti, Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi yoki boshqa sohaviy xizmatlarda ishlab kelgan oliy maʼlumotli yurist xodimlardan biron kim quyi tizimga, shu jumladan Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatining tumanlaridan biriga profilaktika inspektori lavozimiga tayinlanmagan.

Shu bilan bir qatorda, 2019 yil 7 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4166-sonli Qarori tasdiqlanib, mazkur qarorda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.Maqolada “suhbatdosh oʻz gapi isboti sifatida 2018 yilning fevral oyi mobaynida profilaktika katta inspektori zimmasiga yuklatilgan “vazifalar roʻyxatini” ozodlikka taqdim qildi.Roʻyxatda bir uchastka noziri fevral oyida jarima undirish yuzasidan 20 ta bayonnoma tuzishi va jarimalarni undirib berishi koʻrsatilgan.Hujjatga koʻra, profilaktika inspektorlari qarz undirish boʻyicha qilgan ishlarini kundalik ish daftariga qayd qilib qoʻyishi kerak.IIV polkovnigining aytishicha, qarz undirish sud ijrochisi yoki MIB (Majburiy ijro byurosi) vazifasiga kiradi:

- Nega boshqa idora qilishi kerak boʻlgan vazifani uchastka inspektori bajarishi lozim. Bizning vazifamiz qarz undirish emas, balki jinoyatchilikka qarshi kurashku, deydi suhbatdosh”, - deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2896-sonli Qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari toʻgʻrisida Nizom”da profilaktika inspektorlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilangan boʻlib, profilaktika inspektorlari maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq oʻzlariga taalluqli boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish huquqiga egaligi belgilangan.

Biroq, ushbu Nizomda yoki boshqa normativ-hujjatlarda profilaktika inspektorlariga har oyda maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha 20 ta bayonnoma tuzish majburiyati yuklatilmagan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 332-moddasiga koʻra, jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda – shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay toʻlanishi lozimligi koʻrsatilgan.

Shu kodeksning 333-moddasida, huquqbuzar jarimani ushbu Kodeksning 332-moddasida belgilangan muddat ichida toʻlamagan taqdirda, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror sud hujjatlari boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan qoidalarga muvofiq jarimani uning ish haqi yoki boshqa maoshidan, nafaqasidan yoki stipendiyasidan majburiy tartibda undirib olish uchun yuborilishi, basharti jarima solingan shaxs ishlamayotgan boʻlsa yoxud jarimani huquqbuzarning ish haqi yoki boshqa daromadidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan boshqa sabablarga koʻra undirib olishning iloji boʻlmasa, uni undirib olish davlat ijrochisi tomonidan jarima solish toʻgʻrisida tegishli organ (mansabdor shaxs) chiqargan qaror asosida huquqbuzarning mulkidan, shuningdek umumiy mulkidagi uning hissasidan undirib olish yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, IIVning buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida Nizom”da maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda ishni qonun hujjatlarga muvofiq holda hal etish, chiqarilgan qarorning ijrosini taʼminlash, huquqbuzar jarimani belgilangan muddatda toʻlamagan taqdirda, maʼmuriy bayonnoma kuzatuv xati bilan jarimani majburiy tarzda undirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) boʻlimlariga yuborilishi koʻrsatilgan.

Qayd etilgan normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq, vakolat doirasida bevosita koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomalar boʻyicha huquqbuzar tomonidan oʻn besh kun muddatda jarimani toʻlanmagan taqdirda profilaktika inspektorlari jarimani majburiy tarzda undirish uchun bayonnomani tuman (shahar) majburiy ijro byurosiga yuboradi.

Maqolada “suhbatdosh shu kunda band boʻlgan ishlarni sanar ekan, bularning birortasi jinoyat qidiruv yoki profilaktika bilan bogʻliq emasligiga eʼtibor qaratdi:

- Hozir perepis naseleniye (aholini sanash) jarayoni ketyapti. Shunga jalb qilinganmiz. Nizolashgan er-xotin, qaynona-kelinni yarashtirish, daraxt ekish, daraxt oqlash bilan bandmiz. Bundan tashqari, “Mahalla” jamgʻarmasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi majlisiga borib oʻtirib kelamiz, deydi polkovnik rutbasidagi IIO FMB HPBTP katta noziri”, - deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi “Saylov jarayoni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3961-sonli Qarorida belgilangan tadbirlar ijrosi boʻyicha IIVga – fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda IIVning axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq dolzarblashtirish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan 2018 yil 6 noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamda Markaziy saylov komissiyasi raisi tomonidan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan boʻlib, unga muvofiq fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali, ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlash ishlarini tashkillashtirish boʻyicha tuman (shahar) hokimliklarida har bir sektorda fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganuvchi ishchi guruhlari tarkibi tuzilgan.

Shuningdek, mahallalarda uyma-uy yurib oʻrganish ishlarini tashkil etish yuzasidan tuzilgan guruhlar tarkibiga har bir mahalla boʻyicha hududiy profilaktika inspektorlari kiritilgan.

Shunga koʻra, profilaktika inspektorlari xizmat hududlari boʻyicha fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish ishlariga jalb etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2896-sonli Qarori 2-ilovasiga bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari toʻgʻrisida Nizom”da profilaktika inspektorlari oilaviy-maishiy nizolar masalalarini hal etishda fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlik qilishi belgilangan.Shu sababli profilaktika inspektorlari oilaviy-maishiy nizolar masalalarini hal etishda fuqarolar yigʻinlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Maqolada “Mashina berilmadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yigʻilish bayoniga muvofiq, uchastka nozirlariga avtomashina berilishi kerak edi. IIV polkovnigining aytishicha, amalda bu avtomashinani bozordan sotib olgan osonroq boʻlmoqda:

- Hech qanaqa avtomobil berilgani yoʻq. Kreditga olishingiz mumkin deyishdi. Uyam imtiyozli kredit emas. El qatori olinadigan kredit deydi, suhbatdosh”, - deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvar kuni oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishi bayonida, profilaktika inspektorlariga avtomashina berishi toʻgʻrisida biron bir holatlar qayd etilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgustdagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari moddiy jihatdan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 577-sonli Qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga imtiyozli kredit asosida 10 yil muddatga avtomashinalar berilishi nazarda tutilgan.

Shunga koʻra, bugungi kunda 7 mingdan ortiq (7024 nafar) profilaktika inspektorlari imtiyozli kredit asosida avtomashinalar bilan taʼminlangan. Imtiyozli kredit olish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?