Mirzaobodda anordan tabiiy sharbat ishlab chiqaradigan korxona ish boshladi

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shеrnazarov/Sirdaryo. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Mirzaobod tumanidagi “Dehqonobod asl anori” kooperativida “Tabiiy anor sharbati” ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Sexda bu yil 1000 tonna anorni qayta ishlash moʻljallanmoqda.
Avstriyadan keltirilgan mazkur liniyada oʻtgan yilgi hosildan sinov tariqasida tayyorlangan sharbat mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
“Hozir viloyatimizdagi anor yetishtiruvchilar bilan shartnomalar tuzayapmiz. Ana shu kelishuvlarga binoan aholi tomorqalari hamda fermerlardan qabul qilinadigan anorni toʻligʻicha qayta ishlash harakatidamiz. Yaʼni yana ikkita sex ochish boʻyicha tuzgan rejamiz amalga oshsa, sharbat tayyorlash jarayonida hosil boʻladigan meva poʻchogʻi hamda danagini ham tayyor mahsulot holiga keltirish imkoniyati yaratiladi. Mazkur loyihani amalga oshirish doirasida Germaniyada va u yerda tashkil etilgan koʻrgazmada boʻldik. Va bizning yurt anorlarining har jihatda yuqori baholanganligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Yana bir eʼtiborli jihat ushbu meva va uning sharbatining Yevropadagi narxi ancha balandligiga ha guvoh boʻldim. Yaʼni, sanoat asosida ishlab chiqarilgan 1 litr anor sharbati 49 yevro ekan. Bizda esa 15 ming soʻm atrofida“, - deydi “Dehqonobod asl anori” ishlab chiqarish kooperativi rahbari Isroil Neʼmatov.
Maʼlumot uchun aytish lozimki, anor poʻsti dunyodagi eng qimmatbaho va noyob xom ashyolardan hisoblanib, undan farmatsevtika, lok-buyoq mahsulotlari ishlab chiqarish hamda chorva ozuqasi uchun komponent sifatida foydalaniladi. Danagidan olinadigan moy esa farmatsevtika va kosmetika sanoatida keng qoʻllaniladi.
Ayni chogʻda kooperativ aʼzolari Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati bilan birgalikda 5 gektar yerda zamonaviy anorzor barpo etish harakatida. Yaqin kelgusida esa bogʻ maydonini 200 gektarga yetkazib, mazkur subyekt negizida anorchilik klasteri tashkil qilish kutilayotir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring