Klaster Quyi Chirchiq tumanini qishloq xoʻjaligida ilgʻorlar safiga olib chiqdi

14:40 15 Oktyabr 2020 Klaster
698 0

Mana, ikkinchi yildirki, Quyi Chirchiq tumani dehqonlari davlatga paxta sotish boʻyicha shartnomaviy rejani Toshkent viloyatida birinchi boʻlib bajardilar. Bugungi kunga qadar yigʻishtirib olingan paxta hosili 34 ming tonnadan oshdi. Oʻrtacha hosildorlik belgilangan 34 sentnerni tashkil etmoqda.

Quvonarlisi, shartnoma majburiyati uddalangan boʻlsa-da, hali dalalarda hosil moʻl. Shu bois mavsum yakunlari boʻyicha oʻrtacha hosildorlikni 42 sentnerga, yalpi hosil miqdori esa 42 ming tonnaga yetkazilishi moʻljallanmoqda.

Baxtli tasodif boʻlmaydi

Yashirishning hojati yoʻq, shu paytgacha tuman qishloq xoʻjaligi jabhasida eng qoʻyi oʻrinlarda tilga olinardi. Buning uchun esa asoslar yetarli edi. Masalan, paxtachilikda soʻnggi 25 — 30 yil ichida reja uddalanganini koʻpchilik eslolmaydi ham. Ayrimlar bundan 13 yil burun bir marta tuman paxtakorlari marra chizigʻini bosib oʻtgandi, deyishadi. Ammo shundan soʻng yana karvonning orqasiga tushib qolishgan. Shu bois boʻlsa kerak, oʻtgan yilgi natijalarni baxtli tasodifga yoʻyganlar koʻp boʻldi. Axir, shu paytgacha atigi 11 sentnerdan koʻp hosil bermagan ekin maydonlaridan undan uch barobardan ham ziyod sanoat xom ashyosi yigʻishtirib olinishini koʻpchilik kutmagandi-da!

Dehqonchilik uchun noqulay kelgan bu yilgi ob-havo sharoitida oʻtgan yilgidan ham yuqori natija qoʻlga kiritilgani esa muvaffaqiyatlar kaliti baxtli tasodifda emasligini koʻrsatib turibdi. Zero, yutuqlarning asosiy omili davlatimiz rahbarining gʻoyasi asosida qishloq xoʻjaligida joriy qilingan klaster usulidir. Agrosanoat tizimida ishni tashkil etish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlashning yangicha shakli birgina Quyi Chirchiq misolida oʻzini oqlamoqda. Aniqrogʻi, klaster sharofati bilan qoloqlik iskanjasidan qutulib, ilgʻorlarning old safiga chiqib olindi.

Darhaqiqat, tumandagi mavjud 30,5 ming gektar sugʻoriladigan ekin maydonlari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan “TCT Cluster” klasteri ixtiyoriga berilgan. Natijada nafaqat paxtachilik, balki gʻallachilik, sholichilik, baliqchilik kabi qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlarida ishlab chiqarishning klaster usuli joriy etildi. Amaliyotga innovatsion va intensiv texnologiyalar qoʻllanilib, hududning tuproq-iqlim sharoiti inobatga olingan holda, ziraotlarning eng maqbul navlari tanlab ekildi. Masalan, joriy mavsumda 10 ming gektar maydonga gʻoʻzaning Buxoro navlari va “Sulton” navi joylashtirildi.

— Shu paytgacha Toshkent viloyatida “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-102” navlari deyarli ekilmagan, — deydi klaster rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov. — Chunki koʻpchilik hosil pishmay qoladi, deb oʻylashadi. Amalda buning aksiga guvoh boʻlib turibmiz. Mana, qarang, koʻsaklar yuz foiz ochilgan.

Aslida, Buxoro navlari tasodifan tanlangani yoʻq. Bu qarorga kelishdan oldin klaster qoshida tashkil etilgan Ilmiy markaz hamda Ilmiy-texnik kengash aʼzolari, yetuk olimlar bilan hududning tuproq-iqlim sharoiti, suv bilan taʼminlanganlik darajasi, chigit unib chiqishi va rivojlanishiga xavf solishi mumkin boʻlgan barcha omillarni chuqur tahlil qildik. Shundan soʻng Buxoro navlarini ekamiz, degan toʻxtamga keldik. Adashmagan ekanmiz.

Chindan ham, klaster dalalarida boʻlgan kishining qulfi dili ochiladi. Boʻydor gʻoʻzalarning hosili bamisoli chamandek oppoq ochilgan. Qiziqib, koʻsaklarni sanaymiz. Ularning soni har bir tupda 30-35 tagacha yetadi, tagʻin hammasi “loʻppi-loʻppi” boʻlib ochilgan...

Ha, dehqonlarning fidokorona mehnatiga yarasha zamin ham oʻz saxovatini ayamabdi.

Qor koʻrgan nihollar 40 sentnerdan hosil beryapti

Gʻoʻzalarni hozirgi darajaga olib kelish, moʻljaldagi hosilni yaratish oʻz-oʻzidan boʻlmagani aniq. Ayni ekin-tikin paytida namgarchilikning ortib ketishi, kutilmaganda qor yogʻishi dehqonlarni shoshirib qoʻydi.

“TST Agro Cluster”ning ilgʻor paxtakorlaridan biri, “Oʻzbekiston-2” hududidagi 9-uchastka boshligʻi Eryigit Tillanovning eslashicha, 123 gektar maydonga ekkan chigiti qor ostida qolgan.

— Ekin-tikin ishlari tugab, ayni chigit unib chiqa boshlagan paytda qor yogʻib yuborsa boʻladimi?! — deydi u. — Xayriyatki, yer muzlamadi. Tuproq yetilar-yetilmas ishlov berishni boshlab yubordik. Dehqonchasiga aytganda, qator oralab, ekinni shamollatdik, yerni yetiltirdik, koʻchatlarni “qulogʻidan tortib”, chiqarib oldik. Xudoga shukr, mana, gektaridan 40 sentnerdan oshirib, hosil olib, yuzimiz yorugʻ boʻlib turibdi.

Klaster jamoasi tabiat injiqliklarini shu kabi omilkorlik evaziga yengib, toʻliq koʻchat olishga muvaffaq boʻlishdi. Buzib, qayta chigit ekish holatlari aytarli boʻlmadi.

Yetakchilikni qoʻldan boy bergisi kelmagan “Ulugʻbek-1” hududi rahbari Mirvali Sherbekov esa paxtachilikda yangi tajribani sinab koʻrdi. Yaʼni yaganasiz gʻoʻza yetishtirdi.

Uning aytishicha, nisbatan shagʻalli boʻlgan maydonga ekilgan “Buxoro-102” navining 15 egatini yagana qilmasdan, koʻchatlarni qalin, aniqrogʻi, toʻliq qoldirgan edi. Oʻsha joydan 38-40 sentnerdan paxta terib olinibdi. Maydonning qolgan qismida esa hosildorlik 35-36 sentnerni tashkil etyapti. Shuning uchun u kelgusi yilda gʻoʻza koʻchatlarini qalin qoldiraman, degan fikrga kelib turibdi.

Quyi Chirchiq tumani oʻz nomi bilan Chirchiq daryosining quyi qismida joylashgan. Bu yilgi mavsumda suv oʻzanining quyi tarafidagi maydonlarga obihayot yetib kelishi qiyin kechdi. Gapning loʻndasi, suv taqchilligi kuzatildi. Ushbu vaziyatdan qanday chiqildi?

— Avvalo, Yaratganning inoyati, Prezidentimizning soha rivojiga qaratayotgan eʼtibori, qolaversa, investorning yangilikka oʻchligi tufayli amaliyotga intensiv va tejamkor texnologiyalar qoʻllanilib, mavsum muammolari yumshatildi, — deydi “TST Agro Cluster” MCHJ direktori Matlubjon Noʻmonov. — Eng asosiysi, jamoamiz har bir agrotexnika tadbiriga ilmiy asosda yondashgani moʻl hosilga mustahkam poydevor boʻldi. Masalan, biz ekinni ham oʻstiruvchi, ham rivojlantiruvchi oʻgʻitlardan foydalandik. Shira, oʻrgimchakkana, koʻsak qurti kabi zararkunanda va kasalliklarga qarshi, asosan, biologik usulda profilaktika tadbirlarini olib bordik. Bularning barchasi amalda kutilgan samarani berdi.

Paxtaning katta qismi mashinada terildi

Iqtisodiy manfaatdorlik bu yilgi paxta yigʻim-terim mavsumining asosiy tamoyiliga aylandi. Klaster tomonidan qoʻlda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1200 soʻm, ikkinchi terimda 1600 soʻm narx belgilandi. Asosiy eʼtibor mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazishga qaratilib, 180 ta terim otryadi tuzildi. Ularga 12 mingga yaqin terimchilar jalb etilgan boʻlsa, shundan 6,5 ming nafari klaster ishchilaridir. Qolganini esa klaster bilan tuzilgan shartnoma asosida ixtiyoriy ravishda terimga chiqayotgan mahalliy aholi vakillari tashkil etadi.

— Ikki yildan beri klasterda ishlayman, — deydi Doʻstlik mahallasida yashovchi Dilnoza Xolmatova. — Ishimizga qarab yil davomida oylik maosh olyapmiz. Paxta terimi — bizga qoʻshimcha daromad. Masalan, men kuniga 100-110 kilodan paxta terayotgan boʻlsam, bugungacha qoʻlimga 5 million soʻm naqd pul oldim.

— Demak, otryaddagi eng ilgʻor terimchi ekansiz-da! — deya gapga solamiz suhbatdoshimizni.

— Yoʻq, mendan ham koʻp teradiganlar bor, — deydi u jilmayib. — Ana, Jamila opa Pirnazarova. Yoshlari katta boʻlsayam, bizdan ilgʻor. Kuniga 120 kilogacha paxta teradi.

Shu payt dalaga bank xodimlari kelib qoldi. Tijorat bankining hududiy filiali mutaxassisi Hasan Yoʻldoshevning aytishicha, terim pullari har besh kunda, dala boshida tarqatilyapti. Masalan, u oʻziga biriktirilgan “Oʻzbekiston-3” hududidagi terimchilarga mavsum boshidan buyon 750 million soʻmdan ortiq pul tarqatibdi.

Terim pullari tarqatish eng ilgʻordan boshlandi. Roʻyxatning boshida Jamila opa Pirnazarova ekan. Ular imzo qoʻyib, pul olgandan soʻng navbat Dilnoza Xolmatova, Mavjuda Xudoyorova, Maʼmuraxon Oxunjonovaga tegdi...

— Barakasini bersin! Sir boʻlmasa, terim pullarini nimaga sarflaysiz? — soʻraymiz Mavjuda Xudoyorovadan.

— Roʻzgʻorning kamiga-da, — deydi u. — Toʻgʻrisini aytsam, oʻtgan yili terim pulimdan uyimizga mebel, stol-stul olgandik. Bu yilgisini oʻgʻlimning til oʻrganishiga, qizimning repetitoriga sarflayapman. Xudo xohlasa, ular oʻqishga kirib ketsa, bu — mening baxtim. Eng katta orzuim ham shu.

Taʼkidlash kerakki, klasterda qoʻl terimi yil sayin kamayib bormoqda. Masalan, oʻtgan mavsumda hosilning 65 foizi qoʻlda terib olingan boʻlsa, bu yil buning aksi. Yaʼni paxtaning katta qismi “Keys” rusumidagi toʻrt qatorli paxta terish mashinalarida yigʻishtirib olindi.

Aslida, klasterning mashina-traktor parkida mavjud 25 ta yuqori unumli agregat yordamida hosilning 55 foizini yigʻishtirib olish rejalashtirilgan edi. Texnikalarga servis koʻrsatishga innovatsion yondashilib, zamonaviy koʻchma ustaxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, ish unumdorligi ortib, ularning har biri bilan kuniga 35-40 tonnadan sanoat xom ashyosi terib olindi.

— Ilgari ham paxta terish mashinasi haydaganman, — deydi eng ilgʻor operatorlardan biri Tangriberdi Marhaboyev. — Orada bunday texnikalardan foydalanilmaganidan keyin ish izlab, xorij davlatlariga chiqishga toʻgʻri keldi. Ikki yil Turkiyada xuddi shu rusumdagi paxta terish mashinalarini haydadim. Klaster tashkil etilib, paxta terish mashinalari olib kelingandan keyin Turkiyaga ketishimga hojat qolmadi. U yoqda topadigan pulimizni shu yerda berishyapti.

Klaster rahbariyati keyingi yilda gʻoʻza maydonlarida ekinni yuz foiz mashinabop qilib parvarishlab, hosilining 80-90 foizini agregatlar yordamida yigʻishtirib olishni rejalashtirayotir. Bu esa hosilni tez va sifatli terib olish, xarajatni kamaytirish, shuningdek, qoʻl mehnatiga barham berishga olib keladi. Zotan, klaster ilm-fan, taʼlim hamda ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, amaliyotga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish, raqobatdosh iqtisodiyotni yaratishdan bevosita manfaatdordir.

Said RAHMONOV. 
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?