Insof sari baraka yoxud bozorda sarimsoqning narxi nega koʻtarilib ketdi?

13:13 22 Aprel 2020 Jamiyat
2175 0

...Ul-bul xarid qilgani bozorga tushgan tanishlarimizdan biri “Sarimsoqning donasi besh ming soʻmdan” degan soʻzni eshitib quloqlariga ishonmadi.”Goʻdakning mushticha ham kelmaydigan bir dona sarimsoq shuncha pul tursa –ya”,- taajjublandi xaridor.

— “Optom” bozorda kilosini koʻtarasiga 100 ming soʻmdan olganmiz, aka,- oʻzini oqlagan boʻldi sotuvchi.Soʻng shundan ham xabaring yoʻqmi, degan kabi “Sarimsoqning koronavirus balosiga katta nafi bor emish”, degan gap chiqdi-yu, xaridori koʻpayib ketdi,” deya qoʻshib qoʻydi.

Tanishimizning taajjublanganicha, sotuvchining aytganicha bor. Baʼzida tagi puch gap-soʻzlar, mish-mishlar ham bozorda u yoki bu mahsulotga boʻlgan talabning keskin oshib ketishiga olib kelyapti.

— Bir paytlar piyoz taqchil boʻlarmish, degan mish-mishlar chiqqani esimda, — deydi Gʻijduvon tumanidagi Gajdumak qishlogʻida yashovchi keksa pedagog Hakim Rajabov. — Oʻshanda ayrim “ucharlar” uni dehqonlardan arzon-garovga tonnalab sotib olishgandi. Ularning niyati piyozning narxini osmonga koʻtarib, choʻntaklarini qappaytirib olish edi. Keyin nima boʻldi, deng. Davlatimiz bozorlarni bu mahsulot bilan toʻkin etish chora-tadbirini koʻrdi. Oqibatda dehqondan piyozning narxini yerga urib olgan kimsalar “chuv” tushib qolishdi. Bozorlari kasod boʻldi. Uni vaqtida sota bilmay axlatga tashlab yuborishganidan ham xabarim bor.

Shunday ekan, el boshiga ish tushgan shu kunlarda insofni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyganlar eslarini yigʻib olishsin, degan boʻlar edim. Chunki karantin kunlari bu — hammamiz uchun sinov. Kimning kim ekanligi ana shunday damlarda yaqqol koʻrinadi. Insof-diyonatni unutgan, mahsulotni dehqondan suvtekinga olib, bir necha baravar qimmat narxda sotish payida boʻlganlarga qarata “Qani sizdagi elparvarlik, himmat, mehru oqibat, insofu diyonat” deging keladi. Axir, xalqimiz “Insof sari baraka” deya bejiz aytmagan. Qolaversa, sinovli damlarda elga qayishmagan, jigʻildonidan boʻlak narsani oʻylamaganlar ertaga qoʻni-qoʻshnilari, mahalladoshlari koʻziga qanday qarashadi?

— Sarimsoq yurtimizda yetishtiriladigan xilma-xil noz-neʼmatlar qatori meʼyorida isteʼmol qilinib turilsa salomatlik uchun foydali,— deydi Buxoro shahar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Orif Latipov. — Bunga ishonch hosil qilish uchun buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning oʻsimliklar, rezavor koʻkatlarning foydali xususiyatlari toʻgʻrisida yozib qoldirganlarini oʻqishning oʻzi kifoya.

Shu oʻrinda masalaning yana bir tomoniga eʼtiborni qaratishni istardik.

— Bilasiz, sarimsoq sentyabr oyi boshlarida ekilib, hosili kelasi yilning may –iyunida yigʻishtirib olinadi, — deydi Romitan tumanidagi Bogʻcha qishlogʻida yashovchi Maxfirat Atoyeva. — Biz boshqa ekinlar qatorida sarimsoqdan ham moʻl hosil olar, roʻzgʻordan ortiqchasini sotardik. Ochigʻi, uni ekib kam boʻlganimiz yoʻq. Masalan, bundan oʻn yilcha muqaddam sarimsoqning puliga sigir sotib olganmiz. Chunki oʻsha paytlarda uni qabul punktlariga topshirish mumkin edi. Oʻtgan yilgi hosilga esa xaridor chiqmadi.Bozorda oʻtirib sotgani vaqtimiz yoʻq. Bu ham yetmagandek, doʻkonlarni chetdan keltirilgan sarimsoq bilan toʻldirib yuborishdi. Sarimsoqni uzoq muddat saqlash mushkul.Tanish – bilishlarga tarqatdik. Shunga qaramay bir tonnacha hosil uyda tura-tura nest-nobud boʻldi.

Sutdan ogʻzi kuygan qatigʻni ham puflab ichadi. Asl kasbi jurnalist boʻlgan Maxfirat opa shu boisdan ham oʻtgan mavsumda tomorqasida oila ehtiyojiga yetgulik sarimsoq ekdi, xolos. ”Buyogʻini soʻrasangiz, hozir uyimda 300 kilogramm turshak turibdi, — deydi u. — Shu paytgacha xaridori topilmadi. Bugun-erta pishiqchilik boshlanadi. Oʻrik pishgach, turshakka hojat qolmaydi. Qilgan mehnatingga achinasan, kishi.

Romitandan chamasi, 120 kilometrcha olisdagi Olot tumaniga qarashli Baland Masjid qishlogʻi aholisini ham xuddi shu muammo qiynab keladi. Bu yerda ilgari 50-60 ta xonadon sarimsoq yetishtirish bilan shugʻullanardi. Ammo ikki-uch yildirki, ular faqat oʻz ehtiyojlariga yarasha sarimsoq ekishmoqda. Xoʻsh, sababi nimada?

— Oʻttiz yil davomida tomorqada sarimsoq yetishtirdik, — deydi shu qishloqda yashovchi Xosiyat Choʻponova. — Ammo 2018-yilgi hosilga xaridor chiqmadi. Oqibatda 1,5 tonna sarimsoq axlat uyumiga aylandi. Yerni obdan oʻgʻitlash, sarimsoqni ekish, sugʻorish, ekinni begona oʻtdan tozalash, pishib yetilgach qazib olish bularning bari qora mehnat. Eslasam, mehnatimizga achinib ketaman.Bir paytlar sarimsoqni dala boshidan kelib koʻtarasiga olib ketishardi.Nega endi shu ishni qayta yoʻlga qoʻyish mumkin emas?

Tomorqachi haq. Gap shundaki, sarimsoq qazib olingach, asta-sekin qurib boradi. Vazn yoʻqotadi. Uni jazirama issiqda uy sharoitida bir yil davomida asl holicha saqlashning amalda imkoni yoʻq. Lekin xorij, jumladan Xitoy tajribasi oʻrganilsa va amalda tatbiq etilsa olam guliston. Gap shundaki, xorijda mahsulot maxsus preparat bilan dorilanadi. Natijada u uzoq vaqt davomida aynimay, chirimay, sifatini yoʻqotmay toza holda turadi. ”Tomorqa xizmati” va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qabul qilish, saqlash ishlari bilan shugʻullanadigan tashkilotlar shunga oʻxshash zamonaviy yondashuvlarni oʻzlashtirishsa, tomorqachilardan sarimsoq, turshak kabi mahsulotlarni qabul qilib, ular bilan yilning istalgan faslida bozor rastalarini toʻkin etib borishsa, ichki ehtiyojdan ortganini eksport qilishsa ayni muddao boʻlardi. Ana shunda tomorqachining kosasi oqarar, dehqonlarning oylab qilgan mehnatlari zoye ketmas, mahsulot taqchilligidan foydalanib qolgan ayrim korchalonlar insofni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyib, narx-navoni koʻtarib yubora olishmas edi.

Darvoqe, xalq boshiga ish tushgan shu kezlarda sarimsoqning narxiga otasining bahosini qoʻyib,choʻntak qappaytirish payida yurgan ayrim kimsalar afsuski,oramizda uchrab turibdi. Bunga oʻzimiz ham shohid boʻldik. 

— Sarimsoqning kilosini 90 ming soʻmdan beraman, — deydi Buxoro shahridagi bozorlardan birida pashsha qoʻrib oʻtirgan sotuvchilardan biri.

Haybatidan ot hurkadigan bu sotuvchi( balki chayqovchi, desa toʻgʻriroq boʻlar)ga qarab, beixtiyor “Ariqni kim qazaru suvini kim ichar”, degan naql yodga tushadi. U haqiqiy dehqonning mehnatini koʻrganida, insofga kelarmidi, mahsulotga otning kallasiday narx qoʻyib sotmasmidi, degan xayolga borasan, kishi. Taajjublanarlisi shundaki, undan nari borsa yigirma qadam naridagi boshqa bir sotuvchi aynan shunday sarimsoqning kilosini 55 ming soʻmdan sotyapti.

Buyogʻiga xulosa yasash oʻzingizga havola!

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?