Infeksiya zanjirini yakkalanish orqali uzish mumkin

“Xalq so`zi ONLINE”
Bugun koronavirus atalmish ofat kirib bormagan davlat deyarli qolmadi. Hajmi zarraning zarrasicha keladigan bu koʻzga koʻrinmas virus butun dunyoni algʻov-dalgʻov qilib yubordi. Uning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri koʻlami jihatidan insoniyat duch kelgan inqirozlar ichida eng kattasi boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Kun kelib iqtisodiy-moliyaviy zararlar, albatta, tiklanadi. Ammo eʼtiborsizlik tufayli “tojdor” virus tarqalib, salomatlikka putur yetishi oqibatida yuzaga keladigan yoʻqotishlarni hech narsa bilan oʻlchab ham, uning oʻrnini toʻldirib ham boʻlmaydi. Negaki, hali davosi topilmagan ushbu kasallik taʼsirida hayotdan koʻz yumayotganlar soni, afsuski, kun sayin ortmoqda.
Inson shaxsi oliy qadriyat, uning salomatligi hamma narsadan ustun qoʻyilgan mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholini bu ofat changalidan eson-omon olib chiqish uchun zarur choralar koʻrilyapti. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga Davlat byudjetidan katta mablagʻlar yoʻnaltirilyapti.
Prezidentimiz 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida xalqimizga yana bir marta murojaat qilib, jumladan, shunday dedi: “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz”.
Tarixdan maʼlumki, buyuk tabib Ibn Sino bobomiz ham shu kabi holatlar, yaʼni epidemiya vaqtida birinchi chora sifatida odamlarni uyida qolishga, jamoat joylarda yigʻilmaslik, bozor va masjidlarni vaqtincha yopish, muloqotlardan tiyilishga chaqirgan. Bu tavsiyalar bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.
Chindan ham, sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari bu kasallik shaxsiy gigiyenaga rioya etmaslik, insonlarning oʻzaro muloqoti orqali yuqishi haqida ogohlantirib, infeksiya zanjirini ijtimoiy yakkalanish orqali uzishga chaqirmoqda. Shu bois yurtimizda karantin eʼlon qilindi. Shuningdek, poytaxtimiz, Nukus shahri va viloyatlar markazida transport vositalarining harakati cheklandi. Zarurat yuzasidangina koʻchaga chiqish, shunda ham yuzga niqob taqish, qoʻlga bir martalik qoʻlqop kiyish tavsiya etilyapti.
Albatta, mamlakatimizda barcha sohaga birdek eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon biz, tadbirkorlar uchun alohida gʻamxoʻrlik boʻldi.
Unga koʻra, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, shuningdek, ular faoliyat koʻrsatishi uchun zarur tovarlar 2020-yil 31-dekabrgacha bojxona toʻlovlaridan, jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etildi. Koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimi undirilmaydi. Bu faqat tibbiyot yoʻnalishida taqdim etilayotgan yengilliklar xolos. Iqtisodiyot tarmoqlari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish yoʻnalishlarida taqdim etilayotgan imtiyozlar koʻlami esa yana-da keng.
Hayot esa oʻz oʻzanida davom etayotir. Yuzaga kelgan qiyinchilikka qaramasdan, hamma kasb egalari oʻz yumushi bilan band. Shifokorlar sogʻligʻimiz uchun qaygʻurayotgan boʻlsa, dehqon va fermerlar, tadbirkorlar oziq-ovqat xavfsizligimizni taʼminlash yoʻlida mehnat qilmoqda. Axir qishloq xoʻjaligida bahorning har dami gʻanimat. Vaqtni orqaga qaytarishning esa sira iloji yoʻq. Shuning uchun bizning Buxorodagi BCT (Buxoro paxta-toʻqimachilik), Quyi Chirchiqdagi TCT (Toshkent paxta-toʻqimachilik) klasterlarimizning 12 ming kishilik jamoasi ishni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga toʻliq amal qilgan holda tashkil etib, ekin maydonlariga toʻliq chigit ekib boʻlishdi.
Yana bir bor taʼkidlaymiz, epidemiologik holatning yaxshi tomonga oʻzgarishi faqat oʻzimizga, tibbiy madaniyatimizga bogʻliq. Sogʻlom turmush tarziga hamda belgilangan karantin talablariga qatʼiy amal qilsak, albatta, ushbu ofatni yengib, undan betalafot oʻtamiz. Zotan, yuksak tibbiy madaniyat salomatlikning mustahkam qalqonidir.
Murtazo RAHMATOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring