Imtihonga bir necha kun qolganda oliy ta’lim muassasalari rektorlari abituriyentlarga murojaat yo‘lladi

00:16 22 Iyul 2018 Jamiyat
1767 0
Illyustrativ foto

Xalqaro press-klubda 21-iyul kuni“Qabul - 2018: Shaffoflik, halollik, adolat mezonlari va innovatsion yondashuvlar” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Sessiyada2018-2019 yillarda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni va test imtihonlariga tayyorgarlik ishlari hamda bugun dolzarb bo‘lib turgan juda muhim masalalar va muammoli vaziyatlar tahlil qilindi. O‘zbekiston universitetlari tarixida birinchi marta XPK sessiyasida Rektorlarning Murojaati havola etildi va qabul qilindi.

Murojaatnoma matni bilan tanishing:

RЕSPUBLIKA OLIY TA’LIM MUASSASALARI RЕKTORLARINING ABITURIYENTLAR, ULARNING OTA-ONALARIGAMUROJAATI

O‘zining qo‘hna va qadim tarixiga, boqiy milliy qadriyatlariga ega bo‘lgan mamlakatimiz yaqin va uzoq davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda yangi tamaddun bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu ezgu ishda buyuk adibimiz Abdulla Avloniy so‘zlari bilan aytadigan bo‘lsak, “ta’lim va tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasi”ga aylandi.

Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari va ulkan sa’y-harakatlari bilan bugun ta’lim tizimi butunlay yangilanish bosqichiga ko‘tarildi.

Biz – ko‘p sonli rektorlar ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg‘or innovatsion g‘oyalarni olib kirish, yoshlarning iste’dodlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish bilan birgalikda soha rivojiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan va zamonaviy ta’limning oyog‘iga kishan bo‘lib turgan illat- poraxo‘rlik va ta’magirlikning oldini olish, har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta’lim muassasalarini haqiqiy ma’nodagi ma’rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va’da beramiz.

Hurmatli abituriyentlar!

Vatanimiz, xalqimiz va Prezidentimiz Sizlarga katta umid bilan qarab turibdi. Sizlar bizning kelajagimiz. Har sohada mamlakatimiz ravnaqining kafolati sanalasiz.

Ko‘ryapsizki, yoshlarning ilm-fan va kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilmoqda. Bugun o‘zingiz uchun kasb tanlab, o‘qishga kirishga ahd qildingizmi, o‘z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo‘ling va munosibish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib, bu imtihonlardan o‘z bilimingiz bilan o‘tishga bel bog‘lang.

Aziz ota-onalar!

Hammamiz uchun farzand – aziz, uning kamolini ko‘rish esa asl orzumizdir. Bugun zamon o‘zgarmoqda. Yoshlarning ilm dargohlariga halol va pok kirishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ular hamon eskicha o‘y-xayollarda, mo‘may va qing‘ir yo‘llar bilan daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang.

Xalqimizda“qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo‘rin va pinhona hatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun o‘tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo‘lishi mumkin. Bir haqiqatni unutmang! Pora bilan o‘qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi. U o‘qituvchimi yoki shifokor, mas’ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat’iy nazar oldiga kelgan har bir insonga “tovar” sifatida qaraydi va undan doimo ta’ma qiladi. Ta’ma bilan sug‘oriladigan qalbda esa yaxshilik urug‘i unmaydi. Ta’ma va pora zanjirini qabul jarayonlaridayoq uzaylik! Toki u boshqa nish urmasin! Farzandlarimiz qo‘lida zanjir bo‘lib, ularni panjara ortiga boshlamasin!

Bugun zamon shiddat bilan oldinga qarab ketayotgan, globallashuv jarayonlari butun dunyoni qamrab olayotgan, hammaning nigohi yoshlar taqdiriga qaratilgan bir paytda muhtaram Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan kuchli va adolatli ta’lim-tarbiya tizimi yaratib berilmoqda. Hamma gap buni to‘g‘ri anglash, Vatan va xalq oldidagi burch va mas’uliyatni his qilgan holda, yagona maqsad va g‘oya atrofida birlashishdadir. Bu g‘oya esa adolat va tinchlikka, tenglik va qardoshlikka asoslagan Mustaqillik, Vatan ravnaqi va O‘zbekiston g‘oyasidir!

Unga sodiq qolish va birgalikda harakat qilish hammamizning burchimizdir. Shundagina biz Prezidentimiz, xalqimiz va davlatimizning ishonchini oqlagan bo‘lamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?