Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida

09:08 30 Oktyabr 2019 Hujjatlar
2029 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-iyulda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 11-oktyabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari 
ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari:

ilmiy ijod va axborot erkinligi;

samaradorlik va ijodiy raqobat;

manfaatdorlik va ragʻbatlantirish;

ilmiy ekspertizaning xolisligi;

inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikdan iboratdir.

4-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlari:

ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishish;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va resurslarni maqsadli yoʻnaltirish;

davlat ilmiy dasturlarini ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash;

ilm-fanga intilish va uning jozibadorlik muhitini shakllantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, yosh isteʼdod egalarini tayyorlab borish;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirishni oqilona oshirib borish;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash hamda undan manfaatdorlikni oshirish;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining axborot makoni bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.

2-bob. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini tartibga solish

5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasi asosiy yoʻnalishlarining amalga oshirilishini taʼminlaydi;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini tasdiqlaydi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasi infratuzilmasining shakllantirilishi hamda uning samarali faoliyat yuritishini taʼminlaydi;

davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni baholash tartibini tasdiqlaydi;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish tartibi hamda davlat ishtirokidagi jamgʻarmalarni tashkil etish tartibini belgilaydi;

ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish va ragʻbatlantirishni taʼminlaydi;

ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarni berish tartibini belgilaydi;

axborot makonida ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi.

6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshiradi;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantiradi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini rivojlantirish masalalari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy tashkilotlar, oliy taʼlim, axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari, ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi va ularning ijrosini nazorat qiladi, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovini oʻtkazadi va ularni moliyalashtiradi;

ilmiy loyihalar boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantiradi, davlat roʻyxatini yuritadi, bajarilishini monitoring qiladi va ular yuzasidan hisobotlar qabul qiladi;

Noyob ilmiy obyektlar roʻyxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi;

oʻzaro manfaatli xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, 
ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga chet el investitsiyalarini jalb qilishga koʻmaklashadi;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimini muvofiqlashtiradi.

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi oʻz vakolatlari doirasida:

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlari, shuningdek xalqaro dasturlarni shakllantirish boʻyicha takliflar beradi;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi va amalga oshiradi;

ilmiy faoliyat subyektlari uchun ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari, noyob ilmiy obyektlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish bilan bogʻliq zarur shart-sharoitlarni yaratadi;

ilmiy tashkilotlarning ilmiy salohiyatini oshiradi va ilmiy darajali kadrlar tayyorlaydi;

ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga koʻmaklashadi va ularning egalarini ragʻbatlantiradi, shuningdek yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning samarali ilmiy faoliyat yuritishlari uchun zarur 
shart-sharoitlar yaratadi;

ilmiy tashkilotlar xodimlarini davlat va xalqaro mukofotlarga taqdim etadi;

xorijiy davlatlar va mamlakatimiz ilm-fani yutuqlarini oʻrganadi, tahlil qiladi, ommalashtiradi hamda targʻib qiladi, ulardan Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlari yoʻlida foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

chet el fanlar akademiyalari, ilmiy tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro ilmiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashadi.

8-modda. Oliy taʼlim tizimi muassasalarining, shuningdek boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar hamda tashkilotlarning ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari

Oliy taʼlim tizimi muassasalari, shuningdek boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar va tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida:

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishda qatnashadi;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritadi;

davlat ilmiy dasturlari, shuningdek xalqaro dasturlarni ishlab chiqishda qatnashadi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;

oʻz boʻysunuvidagi tegishli taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda samarali hamda raqobatbardosh ilmiy faoliyat yuritilishini taʼminlaydi;

tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi, ilmiy faoliyat yurituvchilarni ragʻbatlantirib boradi;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi va amalga oshiradi;

oʻz boʻysunuvidagi ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlab boradi;

ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtiradi va ular egalarini ragʻbatlantiradi, shuningdek yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning samarali ilmiy faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;

ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etishda qatnashadi.

9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida:

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishda qatnashadi;

ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni ishlab chiqadi 
va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirishda qatnashadi;

ilmiy faoliyatni rivojlantirish va uning zamonaviy infratuzilmasini yaratishga koʻmaklashadi;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi va amalga oshiradi;

ilmiy ishlanmalarni yaratish, qoʻllash va ommalashtirish bilan bogʻliq tizimli ishlarni tashkil etadi;

mahalliy axborot makonida ilm-fan va texnologiyalar asoslarini, yutuqlarini, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etishni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyadi.

10-modda. Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi ishtiroki

Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida:

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish boʻyicha takliflar berishi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar berishi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi hamda ularga koʻmaklashishi;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid maʼlumotlarni tarqatishi, ommalashtirishi va targʻib etishi mumkin.

11-modda. Yoshlarni ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etish

Yoshlarni ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etish:

tegishli davlat dasturlarini ishlab chiqish;

taʼlim tashkilotida isteʼdodlarni aniqlash, tanlash, tarbiyalash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar olib borish;

tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, maxsus sinflar, markazlar va oʻquv kurslari tashkil etish;

taʼlim jarayonida egallangan bilimlarni kundalik turmush va kasbiy faoliyatda samarali qoʻllay olishga qaratish;

taʼlim oluvchilar oʻrtasida turli tanlovlar uyushtirib borish 
va ragʻbatlantirish;

chet el yetakchi ilmiy tashkilotlari va taʼlim muassasalariga magistratura va doktorantura dasturlarini oʻtash, malaka oshirish, tajriba orttirishga yuborish orqali va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.

Yosh olimlarning ilmiy tashkilotlar va taʼlim muassasalari, ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlardagi ilmiy uyushmalari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

Ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalarida yosh olimlar 
va talabalarning ilmiy faoliyat yuritishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi lozim.

3-bob. Ilmiy faoliyat va uning subyektlari

12-modda. Ilmiy faoliyat

Ilmiy faoliyat obyektlar, hodisa (jarayonlar)ning xususiyatlari, oʻziga xosliklari va qonuniyatlarini aniqlash maqsadida borliqni oʻrganish va olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllashga yoʻnaltirilgan faoliyat hisoblanib, fundamental va amaliy tadqiqotlardan iboratdir.

Fundamental tadqiqotlar tabiat, jamiyat va insonning tuzilishi, shakllanishi va rivojlanishiga oid asosiy qonuniyatlar haqida yangi bilimlar olish, ular oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlik, shuningdek muayyan faoliyat natijasida yaratilgan obyektlarni oʻrganishga yoʻnaltirilgan nazariy va (yoki) tajribaga yoʻnaltirilgan faoliyat hisoblanadi.

Amaliy tadqiqotlar amaliy maqsadlarga erishish va aniq vazifalarni hal etish uchun asosan yangi bilimlar va fundamental tadqiqotlar natijalarini qoʻllashga yoʻnaltirilgan faoliyat 
hisoblanadi.

13-modda. Ilmiy faoliyat subyektlari

Ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslar ilmiy faoliyat subyektlari hisoblanadi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasidagi ilmiy faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat ilmiy tashkilotlari, shuningdek davlat taʼlim muassasalari tarkibidagi ilmiy va ilmiy-texnikaviy tuzilmalarda faoliyat yurituvchi xodimlar lavozimlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

14-modda. Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari

Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:

ilmiy faoliyat turi, yoʻnalishi va vositalarini tanlash;

ilmiy faoliyatni yakka tartibda yoki jamoaviy asosda olib borish;

inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan ilmiy faoliyatda qatnashishni rad qilish;

bajargan ishining darajasi va sifatiga koʻra moddiy ragʻbat olish, shuningdek ilmiy faoliyati natijalarini amaliyotga tatbiq etishdan mukofot yoki daromad olish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalar boʻyicha tanlovlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;

oʻzi tomonidan yoki hammualliflikda bajarilgan ilmiy ishlanmalar natijalaridan, agar ular davlat, xizmat va tijoratga oid yoki qonun hujjatlariga muvofiq muhofaza qilinadigan boshqa sirlardan tarkib topmagan boʻlsa, erkin foydalanish, ularni tarqatish va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;

ilm-fan sohasida tadbirkorlik faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish;

pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish, maslahatchi va ekspert boʻlish;

agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ilmiy faoliyat natijalarini ilmiy maʼruza, maqola, monografiya
va dissertatsiya himoyasi koʻrinishida hamda boshqa shakllarda taqdim etish huquqiga ega.

Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:

inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikka;

koʻchirmachilikka yoʻl qoʻymaslikka, oʻzgalarning ilmiy ishlanmalarini oʻzlashtirmaslikka va yolgʻon maʼlumotlarga asoslanmaslikka;

intellektual mulk huquqlari va ilmiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishga majburdir.

15-modda. Ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning mehnat huquqlari

Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar mehnatiga haq toʻlash, ularga yillik haq toʻlanadigan mehnat taʼtili, shuningdek ijodiy taʼtil berish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga qirq sakkiz ish kunidan iborat yillik haq toʻlanadigan hamda moddiy yordamni koʻzda tutadigan mehnat taʼtili beriladi.

Davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy xodimlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalarida, shu jumladan chet elda amaliyot oʻtashlari yoki malaka oshirishlari uchun bir yilgacha boʻlgan muddatga taʼtil beriladi.

16-modda. Ilmiy tashkilot

Asosiy faoliyat turi ilmiy faoliyat yuritishga yoʻnaltirilgan yuridik shaxs ilmiy tashkilot hisoblanadi.

Ilmiy tashkilotlar qonun xujjatlarida belgilangan tartibda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari va boshqa tashkilotlarni, shuningdek noyob ilmiy obyektlarni tashkil etish huquqiga egadir.

17-modda. Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyat yuritish

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayoni bilan birga ilmiy faoliyat ham yuritiladi.

Oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari tegishli yoʻnalishlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari shart.

Oliy taʼlim muassasalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari va boshqa tashkilotlarni taʼsis etish, shuningdek noyob ilmiy obyektlarni tashkil etish huquqiga egadir.

Oliy taʼlim muassasalari ilmiy faoliyatga milliy va xalqaro darajadagi yetuk olimlar, ilmiy tashkilotlar vakillarini jalb etish, yetakchi milliy va xorijiy ilmiy tashkilotlar hamda taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtashni tashkil qilish huquqiga egadir.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirishga oliy taʼlim muassasalari, boʻysunuvida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼuldir.

Oliy taʼlim muassasasining ilmiy faoliyatini baholashda uning ilmiy salohiyati, shu jumladan ilmiy ishlanmalarning natijadorligi, ilmiy maktablarning yaratilganligi, ilmiy darajali pedagog kadrlar salohiyati, shuningdek uning ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi inobatga olinadi.

18-modda. Ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar

Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga hamda taʼsis hujjatlari (nizomlari)da belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida oʻz tarkibida ilmiy tuzilmalarni tashkil etishga haqlidir.

4-bob. Ilmiy faoliyatni tashkil etish va baholash

19-modda. Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari

Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishish, mehnat unumdorligini oshirish, yangi tarmoqlarni yaratish, aholi turmush darajasi, ilm-fan va taʼlim tizimlarini sifat jihatidan yuksaltirib borish bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimini taʼminlash maqsadida ishlab chiqiladi.

20-modda. Davlat ilmiy dasturlari

Davlat ilmiy dasturlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari, ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari va ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni oʻz ichiga oladi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqiladi va davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy loyihalardan iborat boʻladi.

Ilmiy loyihalarni ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga kiritish tanlovlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlariga koʻra amalga oshiriladi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari dolzarb muammolarni hal etish uchun ishlab chiqiladi va aniq mahsulotga davlat buyurtmasi berish asosida bajariladigan ilmiy loyihalardan iborat boʻladi.

Ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar tegishli hudud 
ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va yangi ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy loyihalardan iborat boʻladi. Ular mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Davlat ilmiy dasturlari loyihalarining mavzulari, yoʻnalishlari va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi axborot majburiy tartibda ommaviy axborot vositalari va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

21-modda. Ilm-fan va taʼlimning uzviy bogʻliqligi

Ilm-fan va taʼlimning uzviy bogʻliqligi:

taʼlim jarayonining sifati va samaradorligini oshirish;

taʼlim oluvchilarda ilmiy tafakkurni rivojlantirish;

pedagog kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirib borish,

“ustoz-shogird” maktab va anʼanalarini mustahkamlash, ilmiy izlanuvchilarning iqtidorli kelajak avlodini shakllantirish;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab borish orqali taʼminlanadi.

22-modda. Ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligi

Ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligi:

innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni yaratish hamda qoʻllash uchun qulay muhitni shakllantirish;

innovatsiyalarni joriy etishdan manfaatdorlikning tashkiliy-huquqiy tizimini takomillashtirib borish;

tadbirkorlik subyektlari huzurida tegishli yoʻnalishlarda ilmiy tashkilotlarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ilmiy faoliyat yuritayotgan xorijiy hamkorlar bilan izchil va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

ishlab chiqarish tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlaridan innovatsion mahsulotlar va xizmatlarga buyurtmalar olish;

innovatsion infratuzilmani (texnologiya parklari, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur jamgʻarmalari, biznes-inkubatorlar va boshqalarni) rivojlantirish;

xususiy ilmiy tashkilotlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash;

soliq imtiyozlarini qoʻllash orqali taʼminlanadi.

23-modda. Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash

Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik asosida amalga oshiriladi.

Tayanch doktorantura va doktorantura doirasidagi ilmiy faoliyat ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.

Mustaqil izlanuvchilik doirasidagi ilmiy faoliyat ishlab chiqarishdan ajralmagan holda olib boriladi.

24-modda. Ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar

Tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD), fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalarini, professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Chet davlatlarda olingan ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarning Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

25-modda. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash

Ilmiy daraja olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ilmiy tashkilot va taʼlim muassasasi qoshida tegishli ixtisoslik boʻyicha tuzilgan ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda himoya qilinadi.

Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi mazkur kengashni tuzgan, ilmiy tashkilot va taʼlim muassasasida faoliyat yuritayotgan olimlardan iborat boʻlishi shart.

Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradi va dissertatsiyaning tanlangan ixtisoslikka mosligi, ekspertizaning sifati va xolisligi, qabul qilingan qarorning asoslantirilganligi uchun masʼul hisoblanadi.

26-modda. Ilmiy ekspertiza

Ilmiy ekspertiza ilmiy loyiha boʻyicha asoslantirilgan qaror qabul qilish maqsadida uni oʻrganish, tahlil qilish, baholash va xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyatdir.

Ilmiy ekspertiza:

qatnashchilarining mustaqilligi va huquqiy himoyalanganligi;

ilmiy loyiha ilmiy yondashuvda, xolis, toʻliq va har tomonlama oʻrganilishi;

ekspertiza natijalarining asoslantirilganligi;

ekspertlarning chuqur bilimga egaligi va yuksak darajada oʻz ishining ustasiligi;

qonun hujjatlariga muvofiq davlat, xizmat va tijorat sirlariga rioya qilgan holda ekspertiza natijalarining ochiqligi;

jamoat, texnika, ekologiya xavfsizligi, milliy va xalqaro standartlarga rioya qilish tamoyillariga tayangan holda amalga oshiriladi.

Ilmiy ekspertizani amalga oshirish jarayonida uning natijalaridan shaxsan manfaatdor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ilmiy ekspertiza jarayonida qatnashgan va qabul qilingan xulosa bilan kelishmagan ekspert oʻzining asoslantirilgan fikrini mazkur xulosaga qoʻshib qoʻyishi mumkin.

Ilmiy ekspertizani oʻtkazishga chet el mutaxassislari jalb etilishi mumkin.

Davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalar davlat ilmiy ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.

Ilmiy ekspertiza ushbu masala boʻyicha vakolati bor davlat tashkilotining qaroriga koʻra oʻtkaziladi.

27-modda. Davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy loyihalar monitoringi

Davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy loyihalar monitoringi ularning tasdiqlangan rejaga koʻra bajarilishini, moliyaviy mablagʻlarning maqsadga muvofiq sarflanishini, belgilangan muddatlarda hisobotlar taqdim etilishini va olingan natijalarning samaradorligini baholashni oʻz ichiga oladi.

Davlat buyurtmasi asosida bajarilayotgan ilmiy loyihalar monitoringi natijalari xulosalaridan ilmiy yoʻnalishlarning istiqbolini belgilash, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishni davom ettirish yoki toʻxtatish boʻyicha qarorlar qabul qilishda foydalaniladi.

Davlat buyurtmasi asosida bajarilayotgan ilmiy loyihalarning natijalari monitoringi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy loyihalar boʻyicha hisobotlar vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.

28-modda. Ilmiy ishlanmalarni baholash

Ilmiy ishlanmalarni baholash ilmiy faoliyat natijalari qiymatini aniqlashga yoʻnaltirilgan faoliyatdir.

Ilmiy ishlanmalarni baholash baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Baholangan ilmiy ishlanmalardan:

tashkilotlarning ustav kapitaliga ulush sifatida qoʻshish va royalti miqdorini aniqlash;

litsenziya kelishuvlarini tuzish;

sarflangan mablagʻlarning samaradorligini aniqlash va boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.

Ilmiy ishlanmalarni baholash natijalari rasmiylashtiriladi va kelgusida foydalanish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

29-modda. Ilmiy faoliyatning axborot taʼminoti

Ilmiy faoliyat subyektlari, davlat, xizmat, tijorat yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotdan tashqari, ilmiy, statistik va boshqa axborotni erkin tarzda izlash, olish va tarqatish huquqiga egadir.

Ilmiy, statistik va boshqa axborotlar, shu jumladan milliy 
va xalqaro axborot jamgʻarmalarida, tizimlarida, maʼlumotlar banki 
va bazalarida joylashtirilgan maʼlumotlar bilan tanishish hamda ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.

Vakolatli davlat organi va boshqa davlat boshqaruvi organlari oʻz boʻysunuvidagi ilmiy tashkilotlarni ilmiy axborot bilan taʼminlaydi, ilmiy hisobotlar va tugallangan ilmiy ishlar maʼlumotlar bazalarini yuritadi, shuningdek ilmiy faoliyat natijalarini ilmiy axborot manbalarida chop etish va ulardan amaliy foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydi.

Davlat boshqaruvi organlari ilmiy axborotni yigʻish, toʻplash, qayta ishlash, saqlash va undan foydalanishni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar, axborot-kutubxona markazlari faoliyatiga yordam koʻrsatadi, ilmiy mahsulotlar, shu jumladan ilmiy jurnallar, kitoblar va boshqa bosma nashrlarni chop etish hamda tarqatish, milliy va xalqaro ilmiy nashrlar, axborot jamgʻarmalari, tizimlari, maʼlumotlar banki va bazalariga kirishga koʻmaklashadi.

30-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyatning milliy axborot makoni bilan uzviy bogʻliqligi

Ilm-fan va ilmiy faoliyatning milliy axborot makoni bilan uzviy bogʻliqligi:

ilmiy-axborot infratuzilmasini takomillashtirish;

mulkchilik shaklidan qatʼi nazar har qanday axborot resurslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda erkin foydalanish;

ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etish chora-tadbirlarini belgilash;

ixtisoslashtirilgan ilmiy nashrlar, ommaviy axborot vositalari, 
veb-saytlar tuzish va ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va davlat ishtirokidagi jamgʻarmalar hisobidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan nashrlar, ommaviy axborot vositalarida ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlari, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tadbirlar haqida axborotni bepul tarqatish tartibini belgilash;

global axborot makonining tegishli resurslaridan foydalanishning huquqiy va iqtisodiy choralarini koʻrish hamda boshqa usullar orqali taʼminlanadi.

31-modda. Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish

Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish foyda olish maqsadida ilmiy faoliyat natijalarini fuqarolik muomalasiga kiritish jarayonidir.

Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish:

ilmiy faoliyat natijalarini qoʻllagan holda yaratilgan tovarlarni (bajarilgan ishlarni, koʻrsatilgan xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki ushbu natijalardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;

taʼsischisi yoki taʼsischilaridan biri ustav jamgʻarmasiga ulush sifatida intellektual mulk obyekti yoki tayyor texnologiyani kiritgan tashkilot (yoki ixtisoslashtirilgan affillangan tashkilot) boʻlgan tijorat tashkilotlarini tashkil etish;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulkiy huquqlarni uchinchi shaxslarga oʻtkazish va mazkur obyektlardan foydalanish huquqini royalti toʻlovlariga asoslangan litsenziya shartnomalarini tuzish orqali, shu jumladan ularni keyinchalik ushbu huquqlar oluvchisi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi.

32-modda. Noyob ilmiy obyekt

Ilmiy faoliyatni samarali yoʻlga qoʻyish uchun alohida ahamiyatga ega, mamlakatda yagona boʻlgan, ilmiy izlanishlarda foydalanilayotgan, tegishli sohalarda mukammal izlanishlar olib borish imkonini beradigan ilmiy asbob-uskunalar, nodir toʻplamlar va boshqa kamyob obyektlar noyob ilmiy obyekt hisoblanadi.

Oʻz yurituvida noyob ilmiy obyekt boʻlgan tashkilot rahbari uni ishchi holatda saqlash, unga zarur xizmatlarni koʻrsatish, undan unumli foydalanish, ajratilgan moliyaviy mablagʻlarning samarali va maqsadli sarflanishi, shuningdek noyob ilmiy obyektlar boʻyicha ilmiy va moliyaviy hisobotlarning vakolatli davlat organiga topshirilishi uchun javobgardir.

33-modda. Ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazi

Ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazi ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasi qoshida faoliyat yurituvchi, ishlab chiqarish unumdorligi yuqori boʻlgan ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va ulardan koʻpchilik foydalanishi mumkin boʻlgan, tegishli malakali mutaxassislarga ega tuzilmadir.

5-bob. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish

34-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish yoʻnalishlari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish:

bazaviy moliyalashtirish;

ilmiy loyihalarni moliyalashtirish;

stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktorantura doirasidagi ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish;

noyob ilmiy obyektlarni saqlashni moliyalashtirish;

ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini moliyalashtirish yoʻnalishlarida amalga oshiriladi.

35-modda. Bazaviy moliyalashtirish

Bazaviy moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davlat ilmiy tashkilotlariga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday tashkilotlar roʻyxati vakolatli davlat organining tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy xodimlari mehnatiga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan haq toʻlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

36-modda. Ilmiy loyihalarni moliyalashtirish

Ilmiy loyihalarni moliyalashtirish:

Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti;

mahalliy byudjet;

maxsus va maqsadli jamgʻarmalar;

xoʻjalik yurituvchi subyektlar;

ish beruvchi;

xalqaro tashkilotlar va homiylar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari, ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida bajariladigan loyihalarni moliyalashtirish mahalliy byudjet mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

37-modda. Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktorantura doirasidagi ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish

Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktorantura doirasidagi ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

38-modda. Noyob ilmiy obyektlarni saqlashni moliyalashtirish

Noyob ilmiy obyektlarni saqlashni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi hamda joriy taʼminlash, shu jumladan binolar, asbob-uskunalarni ishchi holatda saqlash, ashyolar bilan taʼminlash, maʼmuriy va yordamchi xodimlarning mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz ichiga oladi.

39-modda. Ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini moliyalashtirish

Ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari 
va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

40-modda. Ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari

Yuridik va jismoniy shaxslar tashabbusi bilan ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tuzilishi mumkin.

Jamgʻarmalarning taʼsis hujjatlarida mablagʻlarni shakllantirish, yoʻnaltirish, taqsimlash, ilmiy izlanishlarning (mavzularning) loyihalari va natijalarini baholash, hisobot berish tartibi aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

Jamgʻarmalar oʻz faoliyati haqida yillik hisobotni eʼlon qilib borishi shart.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

41-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlik

Oʻzbekiston Respublikasining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorligi milliy ilmiy maktablarning jahon miqyosida oʻz oʻrniga ega boʻlishi, dunyo ilm-fani va texnologiyalari ilgʻor yutuqlaridan milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishda foydalanish, chet el investitsiyalari, chet ellik yetuk ilmiy va texnologiya markazlari, olimlar, mutaxassislarni mamlakatga jalb etish, ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning xorijda tajriba va malaka orttirishlarini taʼminlash maqsadlarida amalga oshiriladi.

Davlat Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari, shuningdek xalqaro ilmiy dasturlar va loyihalar doirasidagi ilmiy faoliyatning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlaydi.

Ilmiy faoliyat subyektlari xalqaro va xorijiy ilmiy hamda texnologiya tuzilmalariga aʼzo boʻlish, xalqaro ilmiy dasturlar va loyihalarda qatnashish, cheklovlar boʻlmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning tashqarisida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan bitimlar tuzish huquqiga egadir.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar ishtirokidagi ilmiy tashkilotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.

42-modda. Nizolarni hal etish

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

43-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

44-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Vakolatli davlat organi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

45-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

46-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonun 15-moddasining ikkinchi qismi 2020-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 29-oktyabr

№ OʻRQ—576


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?