Fargʻonada 204 nafar yoshga 32 mlrd. soʻm kredit ajratiladi

Yoshlar kelajagimiz jamgʻarmasi tomonidan shu kunga qadar 668 nafar fargʻonalik yoshlarga 128 mlrd. 174 mln. soʻmlik imtiyozli kreditlar berildi. Bu yoshlar oʻrtasidagi bandlik muammolarining oʻziga xos yechimi hamda ularning tadbirkor sifatida shakllanishlari va faoliyat yuritishlari uchun oʻziga xos imkoniyat.
Mamlakatimizda “Yoshlar kelajagimiz” davlat dasturini amaliyotga keng tatbiq etilishi yoshlar bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Buning natijasida 2018-2020-yillar davomida birgina Fargʻona viloyatida har yili 2375 yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bunda asosiy eʼtibor yoshlarning biznes tashabbuslari hamda startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Masalan, Boburjon Boyqoʻziyev tashabbusi hamda “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi kredit mablagʻlari koʻmagi bilan Fargʻona shahrida tashkil etilgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ishchilarining 80 foizini ham aynan yoshlar tashkil etadi.
— Davlat dasturidan koʻzlangan birlamchi maqsad – yoshlarning bandligini taʼminlash va ularga tadbirkorlik faoliyatida qulayliklar va sharoit yaratishdan iborat, – deydi “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi Fargʻona viloyat filiali rahbari Abdunabi Sulaymonov. – Avvallari yoshlarimiz kredit olish va oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun qogʻozbozlik,byurokratiya, korrupsiya, «otanga bor, onanga bor» kabi juda koʻp qiyinchiliklarga duch kelardi. Tadbirkorlikda malaka yetishmasligi oqibatida ularning ishlari chappasiga ketish holatlarini ham hayotiy tajribamda koʻp kuzatganman. Ayni kunlarda esa jamgʻarma yordamida biz nafaqat imtiyozli kredit mablagʻlari bilan taʼminlaymiz,balki, ishbilarmonlikni biznes kurslar tashkil qilish,oʻqitish orqali ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantiramiz,oʻrgatamiz.
Viloyatda jamgʻarma koʻmagi bilan shaxsiy tomorqalardan keng foydalanish, issiqxonalar barpo etish, chorva hayvonlarini parvarishlash, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish kabi tarmoqlarga ham katta eʼtibor qaratilyapti.
Boburjon Musayev yosh boʻlishiga qaramay oʻz xonadonida issiqxona tashkil etgan. Ayni paytda bu xonadonda yetishtirilgan pomidor hosili koʻzni quvontiradi. Pandemiya sharoitida boshqa ishlardan holi tarzda Boburjon akasi bilan egatda koʻchatlarni koʻngildagidek parvarishlash imkoniyatiga ega boʻldi.
Fargʻona shahrida yashovchi Boburjon Boyqoʻziyev esa oʻtgan yilda “Yoshlar kelajagimiz”davlat dasturi doirasida 600 mln. soʻm kredit mablagʻlari yordamida tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil qildi. Ayni damda korxonada 30 nafar mahalliy yoshlarning bandligi taʼminlanib 10 xil turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilayotir.
Fargʻona shahrining Beshbola mahalla fuqarolar yigʻinida Boburjon singari tomorqadan unumli foydalanilayotgan va oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻya olgan yoshlar koʻplab topiladi.
— Oʻtgan 2019-yilda yoshlarimizning bandligini taʼminlash maqsadida 38 nafariga Fargʻona shahar Yoshlar ittifoqi koʻmagi asosida imtiyozli kreditlar olib berildi, – deydi Beshbola mahalla fuqarolar yigʻini raisi Rasuljon Saidaliyev. – Ushbu mablagʻlar yordamida issiqxona barpo qilindi, chorvachilik yoʻlga qoʻyildi, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchalari ochildi. 2020-yilda ham biz oʻz oldimizga koʻplab maqsadlarni qoʻyganmiz,yaʼni 18 nafar mahallamizdagi yoshlar imtiyozli kredit mablagʻlari yordamida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun ariza bergan. Ayni kunlarda ularning jami 500 mln. soʻmlik biznes rejalari jamgʻarma hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan koʻrib chiqish jarayonida.
“Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unda tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yoshlar uchun pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda onlayn tarzda biznes saboqlar berish kurslari tashkil qilingan. Bunda yoshlarning malaka va koʻnikmalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratilyapti.
Joriy yil soʻngiga qadar dasturga muvofiq Fargʻona viloyatida 204 nafar yoshlarga 32 mlrd. soʻm kredit ajratilishi hamda 900 ga yaqin yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring