YEOII bilan hamkorlik OʻzLiDeP saylovoldi dasturida belgilagan maqsadlarga qanday taʼsir qiladi?

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi(YEOII)ning asosiy maqsadi etib aʼzo davlatlarda sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalash, oʻzaro kooperatsiyalarni shakllantirish, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va aholining yashash tarzini yaxshilashda hamkorlik qilish belgilanganidan kelib chiqib, YEOII bilan hamkorlikning OʻzLiDeP saylovoldi dasturida belgilagan maqsadlariga ehtimoliy ijobiy va salbiy taʼsirlari haqida soʻz yuritmoqchiman. Bir maqola doirasida dasturning barcha jihatlari va ularga hamkorlikning ehtimoliy taʼsirlarini qamrab olish imkoni boʻlmagani bois uning ayrim jihatlariga toʻxtalsak.
Birinchidan, partiya saylovoldi dasturining “Erkin va raqobatbardosh iqtisodiyot, deb nomlangan uchinchi ustuvor yoʻnalishini “Oʻrta va kichik biznes, erkin tadbirkorlik” yoʻnalishida innovatsiyalarning bosh manbai, sanoat va fan, ishlab chiqarish va bozor oʻrtasidagi bogʻlovchi boʻgʻin – bu kichik biznes ekanligidan kelib chiqib, partiya kichik innovatsion kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish choralarini taklif etgan. Eng muhim vazifa sifatida venchur korxonalar va jamgʻarmalar, “biznes-farishtalar” – moliyaviy va boshqa resurslarni innovatsion loyihalarga sarflovchi xususiy investorlar faoliyati, “startaplar” uchun shart-sharoitlarni yaratishdan iboratligi belgilanib, korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni soliq imtiyozlari orqali ragʻbatlantirish taklif etilgan.
Hamkorlikka shu nuqtayi nazardan qaraydigan boʻlsak, innovatsion faoliyatni moliyalashtirishning asosiy ustunlaridan biri bu – venchur fondlarni tashkil etishdir. Hozirda Oʻzbekistonda venchur fondlar bosqichma-bosqich rivojlantirib borilmoqda. Biroq innovatsion faoliyatni moliyalashtirishdagi yuqori risk mamlakatimizda ushbu moliyalashtirish tizimining toʻliq yoʻlga qoʻyilishida asosiy toʻsiqlardan biri boʻlib qolmoqda. YEOII bilan hamkorlik Oʻzbekistondagi innovatsion gʻoyalarning aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro venchur fondlarni tashkil etish imkoniyatlarini taqdim etadi va mamlakatda mavjud boʻlgan venchur fondlarining samarali yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratadi.
Ikkinchidan, partiya saylovoldi dasturining “Sanoatlashtirish va yangi texnologiyalar – iqtisodiyot raqobatdoshligi asosi” yoʻnalishida sanoatni innovatsion asosda tashkillashtirish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi, ilmiy-texnologik hamda innovatsion tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar, nou-xaularni oʻzlashtirish, korxonalarda innovatsiyalarning joriy qilinishi, texnologiyalar transferini taʼminlash uchun texnopolislar, texnoparklar kabi erkin iqtisodiy hududlarni va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarining yaratilishiga yoʻnaltirilgan qonunchilikni yaratish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi takliflar ilgari surilgan.
Shu nuqtayi nazardan, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatning asosiy innovatsion infratuzilmalarining YEOIIga aʼzo mamlakatlarning innovatsion infratuzilmalari bilan metodologik va normativ-huquqiy asoslari kabi mezonlarida muvofiqlashtirilishiga imkoniyat yaratadi. YEOII aʼzo davlatlarining tadbirkorlari oʻrtasida kooperatsiya va klasterlarni shakllanishi mamlakatda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini oshirishda salmoqli ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi aʼzo davlatlardagi (masalan, Rossiya, Belorus) klasterlar siyosatini Oʻzbekistonda tatbiq etilishiga turtki boʻladi. Shu sabab, ilmiy tadqiqot faoliyati jadallashadi, xususiy sektorni ilmiy-tadqiqot faoliyatini moliyalashtirishdagi ulushi ortadi, innovatsion mahsulotlar koʻlami kengayadi. YEOII aʼzo mamlakatlari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyalari aʼzo davlatlararo “texnologiyalar transferi”ni jadal tarzda yoʻlga qoʻyilishiga asos boʻladi.
Uchinchidan,partiya saylovoldi dasturining “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish – barqaror rivojlanish garovi” yoʻnalishida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 4 baravar oshirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga kamida 5 milliard dollarga yetkazish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning oʻrtacha samaradorligini hamda ishlab chiqaruvchilar daromadini 2-3 barobarga oshirish maqsadi ilgari surilgan.
Agar eksportni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish strategik vazifa hisoblanishini inobatga olsak, buning uchun salohiyatli va barqaror isteʼmol bozori zarur boʻladi. Shu jihatdan olib qaraganda, YEOII bilan integratsiyalashuv qishloq xoʻjaligi mahsulotlarimizni YEOII aʼzo mamlakatlariga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradiki, bu katta miqdorda qoʻshimcha foyda koʻrishimizga olib keladi.
Toʻrtinchidan,partiya saylovoldi dasturining “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishini “Toʻliq bandlik va barcha uchun munosib ish oʻrni” yoʻnalishida bozor talablarini hisobga olgan holda ishga joylashishga muhtoj boʻlgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, Oʻzbekistonning xalqaro ishchi kuchi bozoriga bosqichma-bosqich kirib borishi, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, oʻz uyi, oilasini tashlab uzoq yurtlarda daromad topish maqsadida ishlayotgan yurtdoshlarimizning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatda ularga nisbatan bildirilayotgan har qanday salbiy munosabat va fikrlarga qarshi turish hamda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan alohida “Mehnat migratsiyasi toʻgʻrisi”da qonun qabul qilish maqsadi ilgari surilgan.
Maʼlumki, Oʻzbekiston YEOIIga aʼzo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni boʻyicha Rossiyadan keyin 2-oʻrinni egallaydi. Bu esa, Oʻzbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini koʻrsatadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi oʻta muhim masalalardan biri ekanligini, hozirda 2,5 millionga yaqin kishi ishlash uchun chet elga chiqib ketganligini, tashqi migrantlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi (90 foizdan yuqori) va Qozogʻiston Respublikasiga toʻgʻri kelishini hisobga olsak, YEOII bilan hamkorlik mehnat munosabatlari masalasida Oʻzbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:
- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;
- migrantlarning qonuniy yoʻl bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni taʼminlaydi;
- mehnat bozoridagi muvozanatni taʼminlaydi;
- patent toʻlovlari bekor qilinishi evaziga migrantlar oyiga millionlab AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha daromad koʻrishlari mumkin.
Biroq, YEOII aʼzo davlatlaridan amalga oshiriladigan ayrim sohalardagi yuqori raqobatbardosh texnologiyalar transferi Oʻzbekistonda ushbu sohalarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarining (hozirda rivojlanish bosqichini boshdan kechirayotgan sohalar nazarda tutilmoqda) tanazzulga yuz tutishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ishchi kuchining YEOII doirasidagi mobilligini oshishi yosh olimlarni, katta yoshdagi tajribali olimlarni YEOII aʼzo davlatlariga ketib qolish ehtimoli va natijada respublikamizni ilm-fani sohasidagi rivojlanishiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatish mumkin. YEOIIga aʼzo davlatlarning, xususan Rossiya, Belorus kabi davlatlarning rivojlangan sanoat tarmoqlari Oʻzbekistonda rivojlanish bosqichiga oʻtayotgan sohalar (qurilish, qishloq xoʻjaligi, agrotexnika va boshqalar)ning innovatsion faoliyatiga salbiy taʼsirini koʻrsatishi mumkin. Shu bilan bir qatorda, ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan band boʻlgan qatlamlarning faoliyatini susaytiradi.
Mazkur holat partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan “ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, oliy oʻquv yurtlarida akademik fan va taʼlim jarayoni integratsiyasini chuqurlashtirish; yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish; fan va ishlab chiqarish integratsiyasi; texnologiyalar transferini tijoratlashtirish; ishlanmalarni patentlash, litsenziyalash” kabi maqsadlariga erishishida qiyinchiliklar tugʻdirishi ehtimoli ham mavjud. Lekin ushbu integratsiyalashuv va hamkorlik masalasi bizda ham menejmentning zamonaviy instrumentlarini qoʻllash orqali sanoat va ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu oʻrinda OʻzLiDeP YEOII kabi boshqa xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratishini, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish uchun ish olib boruvchi siyosiy kuch sifatida oʻz mavqeini mustahkamlashga intilishini, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlari hamda mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilinishiga astoydil harakat qilishini unutmaslik kerak.
Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi,
iqtisod fanlari nomzodi,
dotsent
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring