Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yanada kengaytiriladi

11:43 29 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
644 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berdi. Taraqqiyotning yangi bosqichida eksport hajmi orqali makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, tayyor mahsulot yetkazib beruvchilarni qoʻshimcha moliyaviy va tashkiliy ragʻbatlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi tadbirlarning qonuniy asoslanayotgani esa xalq va davlat oʻrtasidagi ishonchning tobora mustahkamlanib borayotganini oʻzida ifoda etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 21-oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni fikrimizning isbotidir.

Farmonga koʻra, endilikda tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlari uchun beriladigan kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beradi. Shuningdek, taqdim etilgan kafilliklar boʻyicha komissiya toʻlovlarini ikki baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.

2022-yilning 1-yanvar sanasidan boshlab tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratiladi. Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 1 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Oʻz navbatida farmonda qayd etilishicha, Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda eksport qiluvchilarning tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirishning diversifikatsiyalangan vositalari toʻplamining uch oy muddatda ishlab chiqilishi va tijorat banklari amaliyotiga joriy etilishi taʼminlanadi.

Mazkur farmonning qabul qilinishi bilan iqtisodiy sohadagi ayrim muammolariga chek qoʻyiladi. Tijorat banklarining eksport bilan bogʻliq masalalari yoʻnalishida bartaraf etilishi zarur boʻlgan ogʻriqli nuqtalar ijobiy yechimini topadi.

Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?