Dunyo mutlaq korrupsiyadan soʻng

Illyustrativ foto
Mulohaza
KORrupsiyaning ildizi kormi?
Yaqinda internet orqali “pora” soʻzini mazmunini qidirib koʻrdik. Bir manba “poraxoʻrlik” atamasini: “...moddiy yoki mulkiy manfaat evaziga muayyan harakatlarni bajarish yoki bajarmaslik” deya tavsifladi.
Qadimgi dunyoda baʼzi qabilalarda muayyan mavqega ega boʻlish uchun sardoriga turli sovgʻa-salom berish odatidan korrupsiyaning ildizlari boshlangan ekan. Lugʻaviy jihatdan “poraning maʼnosi shirinkoma – haq, mukofot” demakdir. Ammo “...pora bilan sovgʻaning farqi pora unga yordam berilishi uchun beriladi, sovgʻada esa bunday shart boʻlmaydi”.
Pora kanda boʻlmagan joy parokanda boʻladi
Manbalarimizdan yana birida keltirilgan quyidagi maʼlumotlar eʼtiborimni tortdi: Gerodotning xabar berishicha, qadimgi fors davlati – Ahamoniylar saltanatida shoh Kir ΙΙ ning oʻgʻli Kambis ΙΙ davrida pora olgan sudyaning tiriklayin terisi shilinib, kursisiga tortib qoʻyilgan va uning oʻgʻli shu vazifaga tayinlanganki, toki sudda ish koʻrayotgan chogʻida qaysi kursida oʻtirganini unutmasin. Ruslarda esa 1556 yilda Ivan Grozniy tomonidan poraxoʻrlik uchun oʻlim jazosi joriy etilgan. Yana tarixdan maʼlumki, oʻtmishda oʻgʻrilar qoʻlga tushganda Xammurapi qonunlariga binoan qoʻllari chopib tashlangan. Toʻgʻri, korrupsiya oʻgʻrilik emas. Ammo toʻgʻrilik ham emas. Ikkisi birday jinoyat. Bugungi zamon yelkalari bunday jazolar yukini koʻtara olmasa-da, poraxoʻr kimsalarning qoʻlini kesa olmasak-da, yoʻlini kesishimiz mumkin.
Talovchini yoʻlovchiday tozalab boʻlmaydi
Bir turk masalida keltirilishicha, qadim zamonda bir podshoh poraxoʻr kimsani tutib olib, yoʻl oʻrtasidagi daraxtning eng baland shohiga osib qoʻyibdi va hamma yeriga asal, qiyom surtib tashlabdi. Natijada koʻplab ari, pashsha, chivin va hokazolar uni talay boshlabdi. Yoʻldan oʻtib ketayotgan bir kimsaning unga rahmi kelib, yordam berishga yoʻl axtaribdi va hech yoʻl topa olmay, choʻntagidan bir tutam pul olibdi. Pullar bilan poraxoʻrni unga yopishgan ari va pashshalardan tozalab chiqibdi. Poraxoʻr: “eh, sen nima ish qilib qoʻyding” debdi ranjib. Yoʻlovchi qilgan ishidan mamnun boʻlib “seni talovchilardan xalos qildim, endi seni hech nima chaqmaydi, talamaydi”, desa, daraxtga osigʻliq kimsa: “yoʻq, aksincha, endi ularning oʻrniga boshqa ochlari – yanada tashna talovchilar keladi” debdi tushkun holda. Qissadan hissa shuki, koʻrinishni emas, zehniyatni oʻzgartirish, kurashganday emas kurashish kerak, deyiladi hikoya soʻnggida...
Qonun qamaydi, din laʼnatlaydi
Pora olish-berish, hatto oʻrtada vositachilik qilish ham muqaddas islom dinida qatʼiy qoralangan, laʼnatlangan. Jumladan, Qurʼoni Karimda “Mol (va boylik)laringizni oʻrtalaringizda botil (yoʻllar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yoʻli bilan yeyish (oʻzlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188 oyat) deya taʼkidlanadi.
Chust tuman imom-xatibi Bahodirxon Sharipovning fikriga koʻra, poraxoʻrlik — jamiyatdagi adolat mezonlarining buzilishiga, uning taraqqiyotini orqaga surishiga sabab boʻluvchi eng ashaddiy illat. Poraxoʻrlik, taʼmagirlik barcha narsada haromdir.
Korrupsiyaga yoʻl qoʻyayotgan shaxslar qonun oldida ham javobgarlikka tortiladi. 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida bu boradagi qatʼiy chora-tadbirlar belgilangan. Chunonchi, qilmishning darajasiga qarab, pora bergan va olgan kishilarga hayfsan, jarima, lavozimidan ozod etish, hatto qamoq jazosi qoʻllaniladi.
Dunyo mutlaq korrupsiyadan soʻng degan xayolni tasavvur etish mushkuldir ehtimol. Uni butunlay yoʻq qilib boʻlmas. Ammo biroz boʻlsa-da soyasini aritsak, asta-sekinlik bilan, bugundan, hozirdan, oʻz atrofimizdan ildizini quritib borsak, hayot butunlay oʻzgaradi, yanada yorqinlashadi, yangilanadi.
Yulduz OʻRMONOVA,
talaba
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring