Deputat kontrakt va stipendiyalar haqida: “Toshbaqa yurish” bilan muammolarni bartaraf etib boʻlmaydi

10:42 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
1865 0

Mamlakatimizda koʻpgina sohalar kabi oliy taʼlim tizimi ham jiddiy isloh qilinmoqda va kreati. Hozirgi kunda oliy taʼlimga eʼtibor har qachongidan ham kuchaydi. Innovatsion v fikrlaydigan talaba yoshlarni tarbiyalash borgan sayin muhim strategik vazifaga aylanmoqda.

Oliy taʼlim muassasalari va ularga qabul qilinuvchi talabalar soni ham tobora oshmoqda. Ayniqsa, qabul kvotalarining salkam ikki baravarga (2015-yildagi 58 mingdan 2019-yilda 102minggacha) oshirilishi oliy maʼlumotli boʻlish ilinjidagi yoshlarning xohish–istaklarini roʻyobga chiqarishda muhim qadam boʻldi. Bu kabi son oʻzgarishlari, oʻz navbatida, kelgusida sifat oʻzgarishlari uchun qulay zamin yaratmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, tizimda eskilik sarqitlarini bartaraf etishga qaratilgan koʻpdan–koʻp islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ammo bugungi shidatkor zamonda bularning oʻzi yetarli emasligini tizimda hali–hanuz qator muammolar saqlanib qolayotgani ham koʻrsatib turibti va bizni tashvishga solmasdan qoʻymaydi. Toʻgʻri, ushbu bir qism muammolarning yechimi OTMning moddiy taʼminoti, yaʼni moliyaviy resurslar bilan izohlanadi. Biroq aksariyat muammolar va ularning yechimi inson omiliga bogʻliq boʻlib qolayotganligi taajjublidir.

Endi bugungi kunda tizimda hal etilmagan asosiy muammolar xususida. Aksariyat professor–oʻqituvchilarning faoliyati bugungi kun talablariga javob bermaydi, ularning aksariyati oʻz ustida ishlamaydi va qotib qolgan. Professor–oʻqituvchilar uchun tashkil qilingan malaka oshirish kurslari samarasiz va ularda dars berayotgan professura saviyasi past. Oʻz nomi bilan qayta tayyorlov kurslari boʻlsada, ulardan oʻtgan professor–oʻqituvchilar bilim darajasi deyarli oʻzgarmayapti.

Qator OTMda korrupsiya va taʼmagirlik holatlari hamon saqlanib qolmoqda. Kirish imtihonlarida (ayniqsa, ijodiy imtihonlar, xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishni koʻchirish uchun oʻtkaziladigan imtihonlarda) tanish–bilishchilik, korrupsiya va taʼmagirlik holatlari koʻzga tashlanmoqda. Aksariyat OTMda jamoatchilik nazorati oʻrnatilmagan, OTM qoshidagi Jamoatchilik kengashlari nomigagina tuzilgan va amalda faoliyat yuritmaydi.

Yana bir dolzarb masala – magistraturaning hamon eski tizimda qolayotganligi, ijobiy oʻzgarishlarning deyarli yoʻqligi, magistaruraga kirish imtihonlari bilan Davlat test markazi emas, balki OTMning oʻzi shugʻullanayotganligi va shu bois, turli qallobliklar, korrupsiogen holatlarning saqlanib qolayotganidir.

Bu kabi muammolarning mavjudligi albata, tizimdagi islohotlarning natijadorligini shubha ostiga qoʻymoqda.

Bu borada konkret faktlarga murojaat qiladigan boʻlsak, turli negativ tendensiyalarga duch kelishimiz mumkin. Chunonchi, soʻnggi paytlarda talabalarni dars hisobiga turli–tuman maʼnaviy–maʼrifiy va ijtimoiy–siyosiy tadbirlarga jalb qilish kabi holatlar avj olmoqda. Masalan, 2019-yil 13-sentyabr kuni Toshkent Davlat arxitektura va qurilish instituti talabalari belgilangan oʻquv reja asosida auditoriyada dars oʻtish oʻrniga Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari va uning deputatlari ishtirokidagi targʻibot tadbiriga jalb qilingan. Ajablanarli tomoni shundaki, oʻsha kuni ixtisoslik va “Oʻzbekiston tarixi” oʻquv predmetidan maʼruzalar eshitish oʻrniga talabalar Ekologik partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari toʻgʻrisidagi taqdimot marosimida ishtirok etishgan.

Tez orada mamlakatimizda vakillik organlariga saylov boʻlib oʻtishini hisobga olsak, bunday noxush holatlarning koʻpayib borishini taxmin qilish mumkin. Oliy taʼlim mutasaddilari bunga zudlik bilan chek qoʻyishlari lozim.

Jamoatchilikning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan yana bir masala bu kontrakt toʻlovlari miqdori va talabalar stipendiyasi masalasidir. Maʼlumki, kontrakt narxlari ish haqiga bogʻlab qoʻyilgan boʻlib, ish haqi miqdori har oshganda kontraktlar ham shunga mutanosib ravishda oshishi belgilab qoʻyilgan edi. 1-avgustdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq ish haqi miqdori 10%ga oshirildi. Kontrakt toʻlovlari ham shunga muvofiq 10%ga oshirilishi kerak edi. Biroq amalda bunday boʻlmadi. Turli vajlar bahonasida kontrakt toʻlovlari asossiz ravishda taʼlim yoʻnalishlariga qarab, 15%dan 23%gacha oshirildi.

Mutasaddilar oʻylab koʻrmadilarmi, shundoq ham kontrakt toʻlovlarini amalga oshirishga qiynalayotgan oilalarga buni qanday tushuntirishimiz mumkin? Biz deputatlar endi ota–onalarning koʻziga qanday qaraymiz?

Shu kabi vaziyatni stipendiyalar masalasida ham kuzatishimiz mumkin. Yangi oʻquv yilidan boshlab, davlat granti va toʻlov kontrakti asosida oʻqiydigan barcha talabalar uchun stipendiya miqdori bir xil, yaʼni 400 ming soʻm etib belgilandi. Stipendiyalar miqdorining talaba olgan bahoga nisbatan differensiyasi, yaʼni, “oʻrta”, “yaxshi”, “aʼlo” baholar uchun stipendiya bekor qilindi. Buning oʻrniga faol, aʼlochi, jamoatchi talabalar uchun OTM rektorlari tomonidan stipendiyaning 50%igacha, yaʼni 200 ming soʻmgacha mukofot puli joriy qilinadigan boʻldi.

Buni qanday tushunish mumkin? Joriy qilinayotgan ushbu tizim qanchalik adolatli?! Oliy taʼlim mutassadilarining mazkur “innovatsiyasi” “5” baho olishga astoydil intilayotgan aʼlochi talabalarning shashtini soʻndirib qoʻymaydimi? Talabaning 50%lik mukofotni olish ilinji turli qingʻirlik va adolatsizliklarga zamin yaratmaydimi? Bu tizim talabalarning rektor, prorektor va dekan janoblariga laganbardorligini keltirib chiqarmaydimi?

Muxtasar aytganda, oliy taʼlim tizimi mutasaddilari sohada bir talay muammolar borligini, mamlakatimiz Prezidenti va xalqimizning ishonchini oqlay olmayotganliklarini toʻliq anglab yetishlari lozim. “Toshbaqa yurish”, muammolardan koʻz yumish, “koʻzi koʻr, qulogʻi kar” boʻlib yurish bilan ish bitmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi pallasiga kirayotgan hozirgi oʻta muhim bir paytda mutasaddi rahbarlar oʻz zimmalarida yanada katta masʼuliyat turganini chuqur his etmoqlari lozim.

Qodir JOʻRAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?