Buloqboshida suv emas, gaz bulogʻi moʻl ekan

21:44 20 Fevral 2019 Iqtisodiyot
376 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Buloqboshi tumanining nomiga qarab “Bu yerda buloq koʻp boʻlsa kerak”, deguvchilar yanglishadi. Hudud aslida suv bulogʻining emas, “gaz bulogʻi”ning koni, deyish mumkin.

Gap shundaki, “Qoʻqon parmalash ishlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislarining tumanda olib borgan izlanishlari natijasida 1150 metr chuqurlikda tabiiy gaz koni aniqlandi. Undan chiqayotgan gaz miqdori kuniga 100 atmosfera bosimi ostida 205 ming kubometrni tashkil etadi. Bu soʻnggi ikki yil davomida olib borilgan izlanishlar tufayli Buloqboshida “koʻz ochgan” uchinchi gaz konidir.

2017 yilning noyabr oyida Uchtepa qishlogʻida 1080 metr chuqurlikda ilk gaz koni topilgan edi. Undan 100 atmosfera bosimida soatiga 2300 — 2400 kubometr gaz oqimi chiqmoqda. 2018 yilda yana bir gaz koni topildi. Bu yerdan qazib olinayotgan gaz isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda.

Yangi gaz koni Buloqboshi tumanidagi soʻnggi kon emasligiga shubha yoʻq. Olib borilayotgan harakatlar natijasida kelgusida bu fikr oʻz isbotini topishi aniq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?