Prezident maktablarida matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladi
Oʻzbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda eʼlon qildi.
Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar - Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, Prezidentimizning tashabbusiga koʻra birinchi maktab Qoraqalpogʻistonning Nukus shahrida tashkil etiladi. Prezident maktablari bosqichma-bosqich mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochiladi.
Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
“Prezident maktablarining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir viloyatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir”, - dedi Xalq taʼlimi vaziri. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur maktab bitiruvchilari kelajakda mamlakatimiz rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshishlari kerak.
Vazirning aytishicha, Prezident maktablari STEAM (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (sanʼat) va Mathematics (matematika)) fanlarini oʻqitishga ixtisoslashgan boʻladi.
Yaʼni, Prezident maktablarida yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilgʻor taʼlim metodologiyalari asosida chuqur oʻrgatiladi.
“Prezident maktablarida oʻquvchilarni tanlash va taʼlim sifatini taʼminlash uchun ularni xorijlik mutaxassislar boshqaradilar. Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladilar va ularning faoliyatiga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi”, - dedi Shermatov.
Vazirning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va oʻquvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli meʼyoriy hujjatlarni tayyorlash boʻyicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar oʻquvchilarga qoʻyiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.
Vazir xorijlik mutaxassislar va xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ushbu loyihada ishtirok etishga chaqirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring