Bill Geyts yozda oʻqish uchun qaysi kitoblarni tavsiya qildi?

04:01 21 May 2020 Madaniyat
2334 0

Microsoft asoschisi, dunyodagi eng boy odamlardan biri Bil Geyts mana oʻn yildirki “Geyts qaydlari“ onlayn blogini yuritib keladi. Milliarder bu yerda yetakchilik, innovatsiyalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash va homiylik mavzulari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi. Ayni chogʻda kitoblar boʻyicha ham muntazam tavsiyalar berib boradi.

Yaqinda u joriy yilgi yoz uchun navbatdagi 5 ta kitob roʻyxatini eʼlon qildi.

Quyida Geytsning tilida shular bilan tanishtirib oʻtamiz.

1. “Tanlov. Insonning erkinligi va ichki quvvati haqida“, Edit Yeva Eger /The Choice, by Dr. Edith Eva Eger.

Bu kitob qisman memuarlar, qisman ruhiy jarohatlardan qolgan tajribalardan olingan qoʻllanmadir. Egerni 16 yoshida oilasi bilan birgalikda fashistlarning eng dahshatli konslageri Osvensimga olib ketishadi. Tasavvurga ham sigʻmaydigan azob-uqubatlar va dahshatlarni boshdan kechirgan Eger ozod boʻlganidan soʻng AQSHga ketadi. U yerda terapevt kasbini egallaydi. Uning noyob tajribasi hayratlanarli zakovati bilan uygʻunlashib ketadi. Oʻylashimcha, koʻpchilik uning takliflaridan bugungi qiyin vaziyatda oʻzi uchun taskin topadi.

2. “Bulutli atlas“, Devid Mitchell / Cloud Atlsas, by David Mitchell

Bu uni oʻqib boʻlganingizdan soʻng uzoq vaqt u haqida oʻylab yuradigan romandir. Syujetni tushuntirish birmuncha murakkab, sababi u asrlar davomida roʻy beradigan oʻzaro bogʻlanib ketgan tarixlar(ayniqsa, 1800-yillar oʻrtalarida Tinch okeanining janubiy qismidagi kemada amerikalik doktor bilan yuz beradiganini yaxshi koʻraman)ni oʻz ichiga oladi. Biroq siz ezguqalb va yovuz niyatli insoniyat haqida oʻqishni istasangiz, oʻylaymanki, kitob sizni xuddi men kabi “yutib“ yuboradi.

3. “Umrbod sayohat“, Bob Ayger / The Ride Of a Llifetime: Lessons Learned from 15 Years as CEO, by Bob Iger

Bu men soʻnggi yillarda oʻqigan eng yaxshi biznes kitoblarimdan biridir. Ayger yirik kompaniyaning bosh direktori qanday boʻlishi haqida ajoyib ish qilgan. Agar siz ishbilarmonlik gʻoyalari yoki shunchaki qiziqarli mutolaani izlab yurgan boʻlsangiz, oʻylashimcha, uning Disney haqidagi tarixi sizga manzur boʻladi. Sababi, aynan shu kompaniya oʻtmishidagi eng asosiy jihatlardan biridir.

4. “Buyuk gripp“, Djon M. Barri / The Great Influenza, by John M. Barry

Hozir misli koʻrilmagan davrni boshdan kechiryapmiz, ammo 1918-yildagi gripp pandemiyasi tarix jihatdan eng yaqin taqqoslash boʻla oladi. Barri insoniyat tarixidagi eng dahshatli virus haqida deyarli hamma narsani koʻrsatib bera olgan. 1918-yil hozirgi paytdan keskin farq qilishiga qaramay, “Buyuk gripp“ biz hamon oʻsha muammolarga toʻqnash kelayotganimizni yaxshigina eslatib turadi.

5. “Ogʻir paytlarda yaxshi iqtisodiyot“, Abxijit V. Banerji va Ester Dyuflo / Good Economics For Hard Times, by Abhijit V.Banerjee and Esther Duflo

Banerji va Dyuflo oʻtgan yilda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotini olishdi va ular bugun hayot boʻlgan eng aqlli iqtisodchilardandir. Baxtimizga, ular oddiy odamlarga ham iqtisodiyotni juda yaxshi tushuntira olishadi. Ularning yangi kitoblari notenglik va siyosiy ziddiyatlar haqidadir.

Bill Geyts joriy yilda anʼanasini buzgan holda yana quyidagi kitoblarni ham tavsiya etdi.

U Joshua Foyerning “Eynshteyn Oyda sayr qilmoqda: yodlab olish fani va sanʼati“, Endi Veyerning “Marslik“, Amor Toulzning “Olijanob Moskvada“, Endi Paddikombning “Meditatsiya va anglash: kunning fikrlaringizni tartibga keltiradigan 10 daqiqasi“ kabi asarlarni oʻqib chiqishni taklif qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?