Andijonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi

11:21 29 Iyun 2020 Jamiyat
846 0

Bugungi kunda Andijon viloyati iqtisodi yuksalib borayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun xorijiy hamkorlar tashrifi kun sayin ortib bormoqda. Biroq, viloyatda chet ellik zamondoshlarimizning eʼtiborini jalb qilsa arzigulik boshqa sabablar ham yoʻq emas. Masalan, sayyohlik salohiyatini olaylik.

Ayni paytda Andijonda salkam 400 ta ziyorat maskanlari mavjud. YUNESKOning madaniy meroslar roʻyxatidan joy olgan Temirchilar rastasiyu, oʻz davrining poytaxti boʻlgan Mingtepa qoldiqlari, zamonaviy sayyohlik markaziga aylangan Bogʻi Boburdan tortib milliy va zamonaviylikni oʻzida mujassam etgan Registon maydonlari har qanday mehmonda katta taassurot qoldiradi. Imkoniyat bor, biroq undan foydalanish, uni taqdim eta olish talab darajasida emas. Galdagi vazifalar ana shu borada olib borilishi kerak boʻlgan muhim masalalarga yoʻnaltirilgan.
 

Respublikamizda faoliyat olib boruvchi sayyohlik markazlari vakillarining Andijon viloyatiga uyushtirgan ikki kunlik tashrifi hududning ichki turizmini rivojlantirish, xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb etish mavzusiga qaratildi.

— Andijon viloyati Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi boy tarixga ega, — deydi tadbir ishtirokchisi Sanobar Hamroqulova. –Qolaversa, uning tabiati betakror. Bu yerda ichki sayyohlik salohiyatini shakllantirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Har bir ziyoratgohning oʻzi bitta kitobga mavzu boʻlsa arziydigan jihatlarga ega. Shuning uchun men, eng avvalo, viloyatda ichki turizmni rivojlantirishni maslahat bergan boʻlardim.

Info-tur ishtirokchilari viloyatda joylashgan muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, Andijon shahri va Paxtaobod tumanlarida joylashgan tarixiy va muqaddas qadamjolar, yirik sanoat korxonalari katta taassurot qoldirdi. Xonobod shahri hamda Xoʻjaobod tumanida bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan oʻz maslahatlarini berdilar.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?