Al-Azhar shayxi: “Oʻzbekiston bilan diniy hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz”

09:53 11 Dekabr 2018 Jamiyat
257 0

Foto: religions.uz

Misr Arab Respublikasi Axborot agentligi tomonidan mamlakat Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning yurtimizga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

Unda mehmonning Oʻzbekistonda maʼrifiy islomni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning din sofligini taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissasini oʻrganish va targʻib etish yuzasidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida taassurotlari berilgan. Jumladan, Ahmad Tayyib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qabulida boʻlgani va unda bugungi kunda muqaddas islom dinining bagʻrikenglik tamoyillarini, maʼrifiy qadriyatlarini targʻib qilish, uning insonparvarlik mohiyatini asrash, diniy-maʼnaviy merosni tadqiq etish, xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotganini qayd etdi.

Ahmad Tayyibning fikriga koʻra, Islom ummati yoshlari Oʻzbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning boy maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishishga katta ehtiyoj sezmoqda.

Maqolada keltirilishicha, Misr tomoni Oʻzbekistondagi diniy taʼlim muassasalari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor. Shuningdek, mehmon Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrifi davomida qator masalalar boʻyicha manfaatli kelishuvlarga erishganidan mamnunligini bildirdi.

“Har yili Oʻzbekistondan oʻnga yaqin talaba Al-Azhar universitetida taʼlim olish uchun keladi. Bundan tashqari, imom-xatiblar bilimini oshirish va yot gʻoyalarga qarshi kurashda tajribasini mustahkamlash maqsadida Misrda malaka oshiradi”, deya qayd etiladi agentlik xabarida.

Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yil davomida turli sohalarda, ayniqsa, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ulkan oʻzgarishlar yuz bergani eʼtirof qilinadi. Xususan, Oʻzbekistonda tugʻilib, dunyoga ilm-maʼrifat taratgan buyuk zotlarning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazlari, islom taʼlim muassasalari taʼsis etildi, deyiladi.

“Albatta, bu kabi ulugʻvor tashabbuslar 130 dan ortiq millatlar va elatlar vakillari istiqomat qiladigan Oʻzbekistonda oʻzaro hurmat hamda ishonch tamoyillariga asoslangan moʻtadil diniy qarashlarni yanada mustahkamlash maqsadini koʻzlaydi.

Oʻzbekiston bagʻrikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ushbu yoʻnalishda Misr hamda Al-Azhar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va oʻzaro tajriba almashishga intilmoqda”.
Shahzod ISLOMOV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?