2005-yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (2-qism)

19:44 15 Fevral 2019 Jamiyat
555 0

Illyustrativ foto

Xalq orasida “vuzgorodok” nomi bilan mashhur maskan poytaxtning moʻjazgina joyini egallagan boʻlsa-da, uning dovrugʻi mamlakatning har bir burchagiga yetib borgan, desak, adashmaymiz. Zotan, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan aksariyat ziyolilarning taqdiri, katta hayotdagi dastlabki qadamlari, yorqin onlari aynan shu yer bilan bogʻliq.

XX asrda bunyod etilgan mazkur shaharcha yillar oʻtishi bilan abgor ahvolga kelib qolganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Bu yerdagi infratuzilma, talabalarning yashash sharoiti va madaniy-ijtimoiy muhit talabga mutlaqo javob bermasdi.

Mustaqillikka erishganiga koʻp boʻlmagan, shundoq ham “iqtisodiy muammolar” (bu soʻzlarni nega qoʻshtirnoqqa olganimizni keyinroq tushunib olasiz) girdobida qolgan mamlakatning ertangi kelajagini belgilab beradigan asosiy kuch — yoshlar kamol topadigan maskanga eʼtibor yetarli emasdi.

Faqatgina 2003-yilda Shavkat Mirziyoyev hukumat tepasiga kelgach, barcha jabha qatori taʼlim sohasiga boʻlgan qarashlar ham oʻzgardi. Xususan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2005-yili “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishadi. Mavjud vaziyatni koʻrib, zarur choralar belgilaydi. Biroq shaharchada amalga oshirilgan ishlar xamirdan qil sugʻurgandek oson kechmagan edi...

Biz oʻsha davrda ushbu bunyodkorlikda ishtirok etgan mutasaddilar bilan suhbatlashdik. Ular voqealarni shunday esga olishdi.

Abduqahhor TOʻXTAYEV, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri:

— Oʻsha paytlari, yaʼni 2005-yilda men Toshkent shahar hokimi edim. Shavkat Miromonovich meni chaqirib, “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borishimizni aytdilar. Birgalikda bordik. Talabalar turarjoylarini, umuman, butun shaharchani aylanib, holatni oʻrgandik. Oʻzbekiston Milliy universiteti, hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti turarjoylari va ularning sport majmualarini rekonstruksiya qilishni, jumladan, Milliy universitetga qarashli uchta sport zalini kapital taʼmirlash hamda ularni sport turlariga moslashtirish, qolaversa, TDTUda sport majmuasi boʻlmaganligi uchun yangi, II tipdagi sport majmuasi, yaʼni yopiq suzish havzasi, voleybol, qoʻl toʻpi hamda yengil atletika bilan shugʻullanish uchun ochiq sport majmuasi qurish boʻyicha topshiriq berdilar.

Talabalar turarjoylarining aksariyati sharoitlar yoʻqligi uchun yopib qoʻyilgandi. Shu bois OʻzMU talabalar turarjoylarini taʼmirlash, hech boʻlmaganda, uch yulduzli mehmonxonalar darajasiga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Shu tariqa Oʻzbekiston Milliy universitetining 8 ta, Toshkent davlat texnika universitetining 9 ta talabalar turarjoyi kapital taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Ular barcha zarur mebel jihozlari bilan taʼminlandi. Maʼnaviyat xonalari, kutubxonalar, oshxona, yuvinish va kir yuvish xonalari tashkil etildi.

Qolaversa, ikki universitet sport majmualarining boʻsh turgan maydonida yopiq, xalqaro standartlarga javob beruvchi suv havzalari barpo etilishi uchun loyihalarni koʻrib, qurishga ruxsat berdilar. Xususan, Oʻzbekiston Milliy universiteti suv havzasi 50x11 oʻlchamli boʻlib, 400 tomoshabinga moʻljallandi. Bu yerda ham sportchilarga barcha shart-sharoit muhayyo etildi. Toshkent davlat texnika universiteti esa 40x18 oʻlchamli II tip sport zaliga ega boʻldi. 

Bundan tashqari, hududdagi 32-poliklinika kapital taʼmirlanib, aynan talabalar uchun topshirildi. Zarur tibbiyot jihozlari bilan taʼminlandi. Bunday ishlardan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi turarjoylari ham chetda qolmadi.

Umumiy ovqatlanish shoxobchalari ham ular egalarining oʻz mablagʻlari bilan zamon talablari darajasida taʼmirlanib, jihozlandi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur yumushlarning barchasi vazirlik va idoralar bilan birgalikda, hashar yoʻli bilan amalga oshirildi. Chunki oʻsha paytlarda buning uchun byudjetdan mablagʻ olishning imkoni yoʻq edi.

Qisqasi, Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Yoshlik” talabalar shaharchasi qayta qurildi. Hamma talablarga javob beradigan holatga keltirildi. Mana shu tashabbusning oʻziyoq davlatimiz rahbarining yurtimiz kelajagi boʻlmish yoshlarga qanchalik gʻamxoʻrlik koʻrsatganini yaqqol isbotlaydi.

 

Navbatdagi maqolamizda Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov va Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari, “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi Qahramon Shonazarovning oʻsha davr haqidagi esdaliklari bayon etiladi.

Bizni kuzatib boring!

 

2005-yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (1-qism).

2005-yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (3-qism).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?