Давлат солиқ қўмитаси раиси Шерзод Кудбиев тарқалган аудио бўйича баёнот берди

16:10 14 Октябр 2020 Жамият
700 0

Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev tarqalgan audio boʻyicha bayonot berdi.

"Audioyozuvdagi keskin fikrlar borasida: Men rahbar shaxs ogʻir vaziyatlarda ham vazminlik bilan harakat qilishi lozimligi toʻgʻrisidagi fikrimda qatʼiy turaman va yuqoridagi holatda oʻzim shu fikrga qarshi harakat qilganimni tan olaman. Yuzaga kelgan vaziyatda masʼuliyatni his qilgan holda, men yuqoridagi xodim bilan alohida suhbatlashdim va biz birgalikda yoqimsiz hodisaga toʻliq barham berdik. Lekin bu meni masʼuliyatdan forigʻ qilmaydi.

Binolarni rekonstruksiya qilish va Davlat soliq qoʻmitasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan boshqa tadbirlarga keladigan boʻlsak, ularning har biri boʻyicha qonuniy asos mavjud va bu jarayonlar tegishli nazorat organlarining kuzatuvi ostida amalga oshirilmoqda.

Videoning tarqalishi borasida quyidagilarni aytib oʻtmoqchiman.

Hech kimga sir emaski, soliq tizimida islohotlar boshlangan, shu bilan birga juda koʻp muammolar yigʻilib qolgan. Afsus bilan aytish kerakki, haligacha ayrim holatlarda tadbirkorlarga nisbatan “sogʻin sigir” sifatida qarab, ularning hisobidan oʻz xizmat vazifalarini, eng yomoni – ayrim hollarda esa shaxsiy manfaatlarini koʻzlayotgan shaxslar uchrab turibdi.

Yuqoridagi videoda aynan shunday holatlar muhokama qilingan edi. Birinchi holatda – tadbirkorga ortiqcha toʻlangan QQS summasi oʻz vaqtida qaytarilmagan, ikkinchi holatda – asossiz ravishda xisob raqami band qilinib undagi mablagʻlar undirilmoqchi boʻlgan.

Masaladan yaqindan xabardor boʻlganlar yaxshi bilishadiki, xodimlarning bunday masʼuliyatsiz hatti-harakatlari videoda aytib oʻtilgan ikkala tashkilotning ham faoliyati toʻxtatilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelgan edi. Hozirda ushbu korxonalarning faoliyati toʻliq qayta tiklanishiga erishildi.

Afsuski, bugungi kunda bu kabi masalalarni hal etishda shaxsan mening aralashuvim talab etilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, biz yaqin kelajakda soliq organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga qasddan yoki tasodifan aralashuv imkoniyatini butunlay yoʻqqa chiqaradigan yangi tizimni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdamiz.

Bunday yangiliklar kimgadir yoqadi, kimgadir esa – yoʻq. Tizimdagi oʻzgarishlarga qarshi boʻlganlar turli usullar bilan oʻzgarishlarga qarshilik qilishga harakat qilishadi.

Lekin barcha tushunishi kerakki, biz oldimizga soliq tizimini tadbirkorlarga koʻmak beradigan tizimga aylantirish boʻyicha aniq maqsad qoʻyganmiz

Bu juda murakkab jarayon boʻladi va hamma ham biz bilan bu yoʻlning oxirigacha birga bosib oʻtolmasligi mumkin, kim bilandir xayrlashishga toʻgʻri keladi, kim bilandir allaqachon xayrlashdik. Lekin, bir masalada ishonchim komilki, xodimlarimizning katta qismi ushbu oʻzgarishlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Yakunda shuni maʼlum qilmoqchimanki, yuqoridagi holat boʻyicha qoʻmita Hayʼatining navbatdan tashqari yigʻilishi oʻtkazildi. Unda yuqoridagi masalalar atroflicha muhokama qilindi va tashkilotimiz faoliyatini yana-da yaxshilash boʻyicha xulosalar qilindi", deydi Kudbiyev

Тавсия этамиз

Изоҳлар

Ҳозирча ҳеч ким фикр билдирмаган. Балки Сиз биринчилардан бўларсиз?