“Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

18:42 26 Noyabr 2020 Jamiyat
426 0

2020-yil 26-noyabr kuni “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir doirasida “COVID-19 pandemiyasining xotin-qizlarga taʼsiri: uning oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar, olingan saboqlar va keyingi qadamlar” mavzusida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Tadbirda senatorlar, BMT taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer va BMTning boshqa vakillari, bir qator xalqaro tashkilotlar mutasaddilari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari qatnashdi.

Onlayn uchrashuvda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari, uning oqibatlarini yumshatish va koʻriladigan choralar, xususan, amaliyot, muammolar va keyingi rejalar haqida soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonliklarning oldini olish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Demokratik islohotlar natijasida ayollarimizning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda. Buni oʻtgan yili dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar yana bir bor tasdiqladi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval Oʻzbekiston bu borada 128-oʻrinda edi.

Qonunchilikni shakllantirish va qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻnalishida soʻngi toʻrt yilda xotin-qizlar manfaatlariga doir, xalqaro standartlar asosida 24 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Shu qatorda 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi ham ishlab chiqildi.

Yana bir jihat. Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtgan yili tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 172 mingdan ortiq opa-singillarimizga oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 4,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida ayollarimiz uchun jami 170 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi.

Ishsiz va “temir daftar”ga kiritilgan kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlardan 260,3 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi va ularning ish haqi uchun vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 270,5 mlrd.soʻm mablagʻlar moliyalashtirib berildi.

Qolaversa, mamlakatimizda zoʻravonlikni oldini olish, zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarga huquqiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, oʻz oʻzini izolyatsiyalash rejimi joriy etilishi bilan Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi huzuridagi “NNTlar birlashmasi” va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yil 10-apreldan boshlab “Ishonch telefoni” xizmati ishlashni boshlagan. Ushbu davr mobaynida 4000 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi. Shulardan 40 foizi zoʻravonlik holatlariga bogʻliq boʻlib, xotin-qizlarga psixologik, yuridik va reabilitatsiya yordami koʻrsatilgan.

Tadbirda davlat organlari va NNTlar hamkorligi, migrantlar va zoʻravonlik, ijtimoiy meʼyorlarning oʻzgarishida OAV roli, zoʻravonlik oqibatlarini yumshatishda himoya orderining roli kabi mavzular muhokama qilindi.

Shuningdek, ayollarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini yana-da oshirishga qaratilgan hamkorlikni yana-da kuchaytirish choralarini ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?