Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond oʻz faoliyatini 5 ming ayolga moddiy yordam berishdan boshladi

Karantin sababli qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizga yordam berish tashabbusi Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi vasiylik kengashi tomonidan ilgari surildi.
“Zamin” fondi faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalarga qaratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya badallari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning grantlari Fond mablagʻini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi. Fond atrof-muhitni muhofaza qilish, eshitish qobiliyatida nuqsoni boʻlgan bolalar taʼlimini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Ammo hozirgi vaziyat oʻz hukmini oʻtkazmoqda.
Bugun koʻmak berishning ayni vaqti ekannini anglagan holda, fond vasiylik kengashi aʼzolari xayrli ishga hissa qoʻshishga qaror qildilar.
Shu bois loyihalarga jalb qilingan mablagʻlar ogʻir ahvolda qolgan ayollar va oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Besh milliard soʻm miqdoridagi xayriya mablagʻi Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi yordamga muhtoj besh ming nafar ayolga yoʻnaltirildi.
“Xavfsiz va oʻz vaqtida berilgan ushbu yordam qiyin kunlarda umidsizlikka tushib qolganlarga umid baxsh etsin, mehr va muruvvat oyi boʻlmish muqaddas Ramazon oyida ularning oilalari va yaqinlariga iliqlik, quvonch va tabassum hadya qilsin”, — deya izoh berdi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.
Bu yil, koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan bir vaziyatda muhtojlarga yordam va muruvvat koʻrsatish har qachongidan ham koʻproq ahamiyat kasb etib, Oʻzbekiston xalqini yana-da jipslashtirish va barcha sinovlardan yorugʻ yuz bilan oʻtish imkonini beradi. Faqat shu tarzda, mehr-oqibatli odamlarning koʻmagida, birgalikda va hamjihatlik bilangina qiyinchiliklarni yenga olamiz.
Maʼlumot uchun:
“Zamin” xalqaro jamoat fondiga nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Oʻzbekistonda asos solingan. Fondning maqsadi — mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshish va aholi turmush darajasini oshirish. Fond faoliyati haqida batafsil maʼlumotni www.zaminfoundation.ngo rasmiy veb-saytidan olish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring