Zinhor yozib bermang, iloji boricha tahrir ham qilmang...

15:14 25 Dekabr 2021 Jamiyat
518 0

Foto: Халқ сўзи

Karmanalik adib Odil Hotamov Navoiy viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazida maktablarning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilari uchun tashkil etilgan seminarda ijodkor yoshlar bilan ishlash tajribasi bilan oʻrtoqlashar ekan, “Sizdan kimdir bozorning yoʻlini soʻrasa, oʻrniga borib kelmaysiz-ku, shunday ekan, ijodkor oʻquvchining sheʼrini zinhor yozib bermang, iloji boricha tahrir ham qilmang. Yoʻnaltiring, sheʼr koʻngil mulki”, dedi.

Shoirning ushbu fikri, tabiiyki, bahs-munozaralarga nishon boʻldi. Boisi seminar ishtirokchilari, yaʼni joriy yilning taqriban aprel oyidan oʻz faoliyatini boshlagan targʻibotchilarning aksariyati badiiy ijodda nazariy jihatdan puxta bilimga ega til-adabiyot oʻqituvchilari boʻlsa-da, ijod individual yondashuvni talab etishiga baʼzan eʼtiborsiz qaramoqdalar.

Prezidentimizning joriy yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida har bir umumtaʼlim maktabida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan maktablarning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarining asosiy vazifalari esa hujjatning nomidayoq oʻz ifodasini topgan. Unga koʻra targʻibotchi ijodiy qobiliyatga ega boʻlgan oʻquvchilarni aniqlab, saralashi, ularning ijodiy ishlari bilan muntazam tanishib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, ijodiy toʻgaraklar tashkil etib, reja asosida mahorat saboqlarini oʻtishi, yorqin isteʼdodga ega boʻlgan oʻquvchi-yoshlarni Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovlarga jalb qilishi, xullas, ularning ijod maktablarida taʼlim olishlariga motivatsiya berishi belgilangan. Shuningdek, oʻquvchilar oʻrtasida turli adabiy, ijodiy tanlovlar, festival va boshqa tadbirlar uyushtirish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targʻib qilish, taniqli yozuvchi va shoirlarni jalb qilish orqali umumtaʼlim maktablarida adabiy-badiiy kechalarni tashkil etish, oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara durdonalari orqali oʻquvchi-yoshlar ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish kabi vazifalar ular zimmasiga yuklatilgan.

Seminarda mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash borasida maktablarning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilari oʻzaro tajriba almashdi. Ijodkor yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida ularning mashqlarini chop ettirish orqali “Navoiy yoshlari” gazetasi faoliyatini jonlantirish va auditoriyasini kengaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Anjumanda ishtirok etgan ijodkor oʻquvchilarning mashqlari tahlil etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?