Jurnalistikaga qabul: ijodiy imtihonlar nega olib tashlandi?

09:50 19 Avgust 2021 Jamiyat
939 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi  diqqatiga!

“Qani, biror yozgan narsangiz bormi, oʻqib koʻraylikchi”. 

Jurnalist boʻlishga qiziqib tahririyatlarga kelgan yoshlarga ustozlarning dastlabki soʻrovi, bu. Odatda ishga kirish istagidagilarga ham avvalo mana shu savol beriladi. Toʻgʻri, OAVda ishlab, tanilgan jurnalistlar, muxbirlar koʻp hollarda ushbu shartdan mustasno, albatta.

Mazkur talab necha oʻn yildirki, jurnalistika oliy taʼlimiga qabulda ham mavjud edi. Deylik, oʻtgan asrda, yetmishinchi yillarning oxirida ToshDu (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning mamlakatimizda yagona boʻlgan –jurnalistika fakultetiga  ayni shartlar boʻyicha, yaʼni maqolalarimiz jamlangan albomni taqdim etgach hujjatlarimiz qabul qilingandi. Keyin esa beshta mavzuning  istalgan bittasi boʻyicha maqola yozilardi. Toʻgʻri, oʻshanda ayni ijodiy ishlar natijasi umumiy kirish baliga qoʻshilmasdi. Ammo u   talabalarni tanlashning oʻziga xos va oʻta zarur filtri vazifasini bajarar, yaʼni ozmi, koʻpmi qalamli emas, diplomli “jurnalist kadr”larning sohaga tasodifiy yoki shunchaki havas bilan kirib qolmasligi, kasb tanlashda adashmasligi va eng muhimi, qaysidir talantli yoshning oʻrnini egallab, ham oʻziga, ham birovga ziyon yetkazmasligi uchun xizmat qilar edi.

Jurnalistlik ham xuddi rassom yoki sanʼatkorniki singari, kishidan favqulodda noyob talantni talab qiladigan kasb. Taʼbir joiz boʻlsa, deylik, oʻrgimchak zoʻr ijodkor, uning oʻz isteʼdodi bor. Lekin uning toʻri tolasidan mato toʻqib boʻlmaganidek, jurnalistlikni ham zoʻrma zoʻrakilik bilan egallash mumkin emas. Toʻrt qator gapni ravon emas, hatto imlo xatosiz yozolmaydigan, qaysidir teleshou boshlovchisidek boʻlaman deb jurnalistika sohasini tanlayotganlar, afsuski, koʻpayib bormoqda. Holbuki, bir vaqtlar OAV imloviy va uslubiy talablari boʻyicha har qanday matnning mukammal hayotiy etaloni edi. Biror soʻzda savol tugʻilsa, «Gazetani koʻringchi, qanday yozilgan ekan» degan gap yurardi, oʻshanda. Endichi, taassuflar boʻlsinki, baʼzi ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ayrim telekanallarda va oʻzlaricha “koʻcha tili”ni “yangi oʻzbek adabiy tili”ga aylantirib olgan, yuz minglab obunachilariga ega  telegram kanallarida gʻij-gʻij xato, gʻaliz jumlalar... Bularning bari oxir oqibat axborot isteʼmolchilari –millionlab kishilarning, achinarlisi, yoshlarning savod saviyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmayapti.

Fikr shuki, jurnalistika faqat axborot emas, maʼrifat  ulashish vositasi hamdir. Oʻqituvchi auditoriyadagi 25-30 nafar, OAV esa millatning millionlab  oʻquvchilariga bir vaqtda va bir yoʻla dars beruvchi maʼnaviyat murabbiyidir. Shunday ekan, bu ulkan maktab muallimlari – jurnalistlar har jihatdan – ham kasbiy, ham dunyoqarash, ham qobiliyat bobida professional darajada boʻlmoqlari lozim. Hali maktab oʻquvchiligi chogʻidanoq eng avvalo, sohaga boʻlgan katta qiziqish va isteʼdod uchqunlari shakllangan  yoshlar, hech shubhasiz ana shunday pogʻonaga yetishadilar. Va maqsadi qatʼiy  bunday ijodkor yoshlar jurnalistika oliy taʼlimida  oʻqishga toʻlaqonli haqlidirlar. Buning uchun esa talabalikka qabulda, sanʼat, xususan rassomchilikdagi kabi asosiy mezon -  ijodiy imtihonlar boʻlmogʻi maqsadga muvofiqdir.

Lekin  ikkinchi yildirki, jurnalistika oliy oʻquviga qabulda ijodiy sinovlar oʻtkazilmadi va sababi ochiqlangani ham yoʻq.

Eshitishimizcha, joriy yilda abituriyentlarga beshta yoʻnalishni tanlash imkoniyati berilganligi tufayli test sinovlari bir xil boʻlgani uchun boshqa fakultetlarga tayyorlangan yigit-qizlarning bir qismi tavakkal deya jurnalistikani ham tanlashibdi...?! Bu tanlov zamirida “Oʻtgan yili jurnalistika yoʻnalishida kirish ballari pastroq edi, kirib ketsam, keyin bir gap boʻlar” degan fikr borligi esa, kundek ravshan. Xoʻsh, ushbu  maqsad amalga oshdi deylik, unda nima boʻladi. Jurnalistlikka umuman qiziqishi ham, bu borada ozgina boʻlsada talanti ham yoʻq talabadan faыat oliy taʼlim nazariyasi va amaliyoti bilan OAV uchun kadr tayyorlab boʻlarmikan? Kuzatishlardan ayonki, har qanday ijodkor, jumladan mahoratli jurnalist boʻlish uchun avvalo kishining oʻzida  ijodkorona ruhiyat boʻlishi kerak. Chunki, jurnalistlik maqomi ham  intellekt mahsuli, bu sohada jamoaviy  mediamahsulotlar boʻladi, ammo u ham har bir muxbir, muharrir  qoʻshadigan shaxsiy ijodiy hissa orqali yuzaga keladi.Shu bois ham mazkur sohani “bir gap boʻlar” deya tanlaganlar, erta bir kun ijodiy jamoaga ham, oʻziga ham noqulayliklar tugʻdiradi. Va pirovardida aksariyati  sohani tark etadi. Jurnalist boʻlishni astoydil oʻziga maqsad qilib, tinmay oʻqib-oʻrganish bilan amaliyotni oʻzining asosiy ustozi deb bilganlar uchun esa  jurnalistika yoʻlida hamisha yashil chiroq porlab turadi. Ammo yana oʻsha gap: shunday isteʼdodlarning toʻplagan baliga ozgina yetmay, oʻrniga tavakkalchilar jurnalistika oliy oʻquv yurti talabaligiga qabul qilinishsa –chi...

Shu oʻrinda bir necha  mulohaza:

Abituriyentning yozgan insho yoki maqolasi uning qanchalik ona tili va adabiyotini bilish darajasini ham oshkor qilmaydimi?

 Agar fikr ravon va keng, matn imlo, uslubiy va boshqa xatolardan xoli boʻlsa, mavzu chuqur ochib berilsa abituriyentning koʻp oʻqigani ayon boʻlmaydimi?

Eng muhimi, yozma ijodiy imtihon orqali talabalikka nomzodning jurnalist boʻlishga qanchalik layoqatli ekanligi ochiq-oydin koʻrinmaydimi?

Yoki ijodiy suhbat orqali jurnalist uchun eng zarur boʻlgan dunyoqarash darajasini anglash mumkin emasmi?

Oʻylaymizki, yuqoridagi javobi oʻzi bilan kelayotgan savollar  nafaqat soha mutasaddilari va vakillari, balki  axborot olami hayotining muhim boʻgʻini boʻlgan barchani oʻylantiradi, mulohazaga chorlaydi. Pirovardida esa aniq toʻxtamga kelinadi. Va bu sinovlarning haqqoniy, shaffof, adolatli oʻtkazilishi uchun eng maqbul va samarali mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Aks holda, maqola avvalida keltirilgan “diplomli jurnalist”larni ishga qabul qilish tartibiga  maqolagina  emas... hatto diktant yozdirib koʻrish talabi ham qoʻshilish ehtimoli paydo boʻladi.

Ahmadali SHERNAZAROV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?